MARKAZ MAQSAD VA VAZIFALARI
Markaz faoliyatining asosiy maqsadi e’tiqodi islom dini bilan bog‘liq boy va noyob merosni ilmiy asosda har tomonlama chuqur o‘rganish, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati haqida yaxlit tasavvur uyg‘otish, ular bilan xalqimiz va jahon jamoatchiligini keng tanishtirish, xalqaro miqyosda dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yosh avlodni gumanistik g‘oyalar, milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalashdan iborat.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi: mamlakatimiz asrlar davomida jahon sivilizatsiyasining ajralmas qismi, islom madaniyati markazlaridan biri bo‘lib kelganini aks ettiradigan ilmiy-tarixiy konsepsiyani ishlab chiqish va amalga oshirish; Markaz tarkibidagi kutubxona va arxiv, qo‘lyozmalar fondlarini bugungi O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar, aziz-avliyolar, ular tomonidan asos solingan ilmiy va diniy maktablarga doir yurtimizda va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalar, osori-atiqalar, shu yo‘nalishdagi zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlari, kitob va to‘plamlar, video va foto hujjatlar hisobidan shakllantirish; Markaz tarkibidagi muzey ekspozitsiyasining mavzu yo‘nalishlarini chuqur o‘ylangan, ilmiy asoslangan aniq reja bo‘yicha shakllantirish va uni eng zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida namoyish etish; islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk vatandoshlarimiz - Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturudiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Burhoniddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur tadqiq etish, ularning ilmiy-ma’naviy jasorati, ulug‘ insoniy fazilatlarini keng targ‘ib qilish; jahon ilm-fani tarixida o‘chmas iz qoldirgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi kabi olim va mutafakkirlar merosining tarixiy va zamonaviy sivilizatsiya taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari mumtoz adabiyot va san’at namoyandalari ijodining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish; islom dini odamlarni, barcha millat va xalqlarni hamisha nurli hayotga, ezgulik, o‘zaro do‘stlik va insoniylikka da’vat etishini, uning asl, gumanistik mazmunini teran tahlil etishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar, jahon ahlini bir maqsad yo‘lida — jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish yo‘lida birlashishga chorlaydigan turli anjumanlar, ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish; O‘zbekistonning qadimiy tarixi va madaniyati, davlatchilik an’analari, xalqimizning turmush tarzi va dunyoqarashi islom sivilizatsiyasi bilan chambarchas bog‘liq holda shakllanib, rivojlanganini Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Kesh, Nasaf, Termiz, Andijon, Marg‘ilon, Karmana, Qo‘qon singari qadimiy shaharlarimiz, ulug‘ allomalar va aziz-avliyolar xotirasiga bag‘ishlab yurtimizda bunyod etilgan yodgorlik majmualari, muqaddas qadamjolar maketlari, ulug‘ siymolar, noyob qo‘lyozma va toshbosma asarlar, moddiy va nomoddiy meros, xususan, “Shashmaqom” namunalari kabi noyob eksponatlar orqali aks ettirish, shu yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borish, ularning natijalari asosida qomuslar, katalog va albomlar, ilmiy-ommabop to‘plamlar, teleko‘rsatuv, film va boshqa materiallar tayyorlash; Markazda, mahalliy va chet ellik mutaxassislarni keng jalb etgan holda, ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish va ularning natijalaridan yurtimiz hamda jahon jamoatchiligini xabardor qilib borish; Yevropa Renessansining shakllanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatgan Musulmon Renessansi davrida ilm-fan, madaniyat va san’at, me’morlik rivoji to‘g‘risidagi keng qamrovli ma’lumotlar pavilonlarini tashkil etish orqali Markazda namoyish etiladigan ekspozitsiyalarni mazkur davrlarga oid eksponat va ko‘rgazmali manbalar bilan boyitish; jahon tarixida “Amir Temur va temuriylar renessansi” degan nom bilan alohida o‘rin egallaydigan davrda yaratilgan ilm-fan, madaniyat va me’morlik durdonalarini islom madaniyatining nafaqat yurtimizdagi, balki butun musulmon olamidagi taraqqiyot va yuksalish davri sifatida ko‘rsatish;
Oldingi tahrirga qarang.
bugungi kunda tobora katta ahamiyat kasb etayotgan dinlararo va sivilizatsiyalararo muloqotni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining jahondagi nufuzi xalqaro ilmiy muassasa va tuzilmalar, jumladan, YUNESKO, AYSESKO kabi xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish.
O‘ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI PRЕZIDЕNTINING QARORI PQ-3080-SONLI QARORI O‘ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDA O‘ZBЕKISTONDAGI ISLOM SIVILIZATSIYASI MARKAZINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
BATAFSIL O‘QISH: O‘ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI PRЕZIDЕNTINING QARORI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING 16.07.2021 YILDAGI PQ-5186-SONLI QARORI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI O‘ZBEKISTONDAGI ISLOM SIVILIZATSIYASI MARKAZI FAOLIYATINI YANADA TAKOMILLASHTIRISHGA DOIR QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
BATAFSIL O‘QISH: O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI