O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi
USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 23-iyundagi PQ-3080-son qaroriga asosan tashkil etilgan.
2. Markaz o‘zining faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bo‘ysunadi va hisobot beradi.
3. Markaz o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek ushbu Ustavga amal qiladi.
4. Markaz o‘z faoliyatini qonuniylik, oshkoralik, kollegiallik hamda jamoat fikrini hisobga olish prinsiplari asosida yuritadi.
5. Markaz davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘aznachilik hisobvaraqlariga, O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida talab qilib olinadigan chet el valyutasidagi depozit hisob raqamlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Markazning to‘liq nomi:
davlat (o‘zbek) tilida — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi;
rus tilida — Sentr islamskoy sivilizatsii v Uzbekistane pri Kabinete Ministrov Respubliki Uzbekistan;
ingliz tilida — Center of Islamic Civilization in Uzbekistan under the Cabinet of Ministers of the Republic of Uzbekistan;
arab tilida — لدي مجلس الوزراء لجمهورية أوزبكستان مركز الحضارة الإسلامية في أوزبكستان .
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 23-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 17.01.2018-y., 09/18/23/0576-son)
7. Markazda ish yuritish davlat tilida olib boriladi. Markaz rus, ingliz va arab tillarida ham ish yuritishi mumkin.
8. Markazning joylashgan manzili: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Qorasaroy ko‘chasi, 47-uy, 100002.