XIX asrning nodir asarlaridan biri: “Majmuai shoiron”

Taniqli adib va shoir Fazliy Namangoniy XIX asr boshlarida yashab ijod qilgan boʻlib, uning “Majmuai shoiron” nomli toʻplami 1821-yilda yozilgan. Bu asar oʻz davrining adabiy muhitini, sheʼriyat anʼanalarini va shoirning maʼnaviy-estetik qarashlarini oʻzida mujassam etgan muhim manba hisoblanadi.

 

Islom sivilizatsiyasi markazida oʻzbek adabiyotining bebaho namunalaridan biri – Fazliy Namangoniyning “Majmuai shoiron” asarini oʻrganish va keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida yangi medialoyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. 

 

Mazkur medialoyihani amalga oshirish jarayonida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti dotsenti, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Mahmudjon Shoniyozov tomonidan ilmiy tadqiqot olib borilishi koʻzda tutilgan. Tadqiqot davomida “Majmuai shoiron” asarining adabiy xususiyatlari, undagi badiiy uslub va Fazliyning oʻzbek adabiyotidagi oʻrni chuqur oʻrganiladi.

 

Shuningdek, bu ilmiy izlanishlar asosida zamonaviy media kontentlar – video, matnli materiallar tayyorlanib, keng ommaga taqdim etiladi. Loyihaning yana bir muhim jihati – Fazliy Namangoniyga oid koʻrgazmali materiallar asosida Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida alohida ekspozitsiya yaratishdir. Ushbu tashabbus oʻzbek adabiy merosini chuqurroq oʻrganish, uni ommalashtirish va kelajak avlodlarga yetkazish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi. Islom sivilizatsiyasi markazining bu boradagi faoliyati tarix, madaniyat va maʼnaviyatimizning boy qatlamlarini zamonaviy uslubda yoritishga xizmat qiladi.