9–10 aprel: Amir Temur merosi jahon olimlarini Toshkentga jamlaydi

 

Joriy yilning 9–10 aprel kunlari Toshkentda “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi oʻrni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya boʻlib oʻtadi. Mazkur anjuman yurtimizda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlashga qaratilgan Prezident qarori doirasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilib, temuriylar merosini ilmiy asosda oʻrganish va uni xalqaro maydonda targʻib etishga xizmat qiladi. 

 

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan buyuk davlat arbobi va sarkarda, Temuriylar Renessansi asoschisi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida qabul qilingan qaror milliy davlatchilik tarixini chuqur anglash, Temuriylar Renessansi merosini ilmiy asosda oʻrganish va uni zamonaviy maʼnaviy taraqqiyot bilan uygʻun tarzda targʻib etishga qaratilgan.

 

Qarorda taʼkidlanganidek, mustaqillik yillarida Sohibqiron Amir Temur siymosi tarixiy adolat asosida tiklanib, u milliy oʻzlikni anglash, davlatchilik anʼanalari va maʼnaviy qadriyatlarni mustahkamlashda muhim ramzga aylandi. Bugungi Yangi Oʻzbekiston Uchinchi Renessans sari qadam qoʻyayotgan bir paytda Amir Temur shaxsiyati va temuriylar merosini chuqur oʻrganish alohida ahamiyat kasb etmoqda.

 

Ushbu hujjatga muvofiq, joriy yilda Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanadi, har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb eʼlon qilinib, taʼlim muassasalari, harbiy qismlar va mahallalarda keng qamrovli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkaziladi.

 

Shuningdek, Qaror bilan tasdiqlangan 2030 yilgacha moʻljallangan “yoʻl xaritasi” doirasida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga ham muhim vazifalar yuklatilgan. Unga koʻra, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida joriy yilning 9-10 aprel kunlari “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi oʻrni va ahamiyati” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etiladi.

 

Bundan tashqari, Amir Temur va temuriylar davri tarixi bilan bogʻliq turkum kitoblar, ilmiy hamda ilmiy-ommabop asarlar, jumladan, “Temur tuzuklari” asarining ilmiy izohli matni fors, arab, xitoy, ingliz, fransuz, ispan va rus tillarida chop etiladi. “Temuriylar davrining 100 nodir qoʻlyozmasi” hamda “Temuriylar davrining 100 nodir durdonasi” nomli kitob-albomlar yaratiladi. 

 

Qarorda bu masalada belgilangan eng muhim va masʼuliyatli vazifa Temuriylar davriga oid, xorijiy davlatlarda saqlanayotgan asl yozma manbalar nusxalarni Oʻzbekistonga olib kelishdir.

 

Shuningdek, “Tirik tarix” loyihasi doirasida suratga olingan, Amir Temur saltanatining Yevropa davlatlari bilan diplomatik va elchilik aloqalarini yorituvchi tarixiy-badiiy hamda hujjatli filmlar Ispaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi xorijiy mamlakatlarda namoyish etiladi. Temuriylar davri manbalari elektron platformasi ham yaratiladi.

 

Markaz Fanlar akademiyasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2026 yil 1 martdan boshlab Amir Temur va temuriylarning jahon tamadduni rivojiga qoʻshgan hissasini keng targʻib qilish maqsadida “Buyuk temuriylar” atamasining xalqaro ilmiy istiloh sifatida joriy qilinishini taʼminlash uchun xorijiy davlatlarda “Buyuk temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusida taqdimotlar, media tadbir va anjumanlar oʻtkaziladi.

 

Mazkur qaror buyuk ajdodlar merosini ilmiy, maʼnaviy va madaniy jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, yosh avlodni milliy iftixor va tarixiy xotira ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.