Haj va Umra ramzi boʻlgan muqaddas yopinchiq Markaz ekspozitsiyasida
Muqaddas Kaʼba yonida asrlar davomida ehtirom bilan saqlanib kelinayotgan, islom tarixida alohida muqaddaslikka ega Maqomi Ibrohim yopinchigʻi bugun Toshkentda — Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilmoqda. Usmoniylar davrida tayyorlangan, 1859 yilga mansub ushbu muqaddas yopinchiq nafaqat noyob tarixiy artefakt, balki islom sivilizatsiyasining maʼnaviy uzluksizligini ifodalovchi ramz sifatida jamoatchilik eʼtiborini tortmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mazmunan chuqur, shaklan mukammal va ilmiy jihatdan puxta ishlab chiqilgani bilan jamoatchilik eʼtiborini tortayotgan yirik madaniy-maʼrifiy loyihadir. Ushbu markaz islom sivilizatsiyasining koʻp asrlik maʼnaviy, ilmiy va madaniy merosini zamonaviy muzey yechimlari orqali namoyon etishni maqsad qilgan.
Markaz ekspozitsiyasida islom dunyosi uchun beqiyos ahamiyatga ega boʻlgan noyob artefaktlar namoyish etilmoqda. Ular orasida alohida eʼtiborni tortgan yodgorlik Usmoniylar davriga oid Maqomi Ibrohim yopinchigʻidir. Ushbu muqaddas yopinchiq Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan Islom sanʼati muzeyidan olib kelingan.
Islom manbalariga koʻra, Maqomi Ibrohim Kaʼba qurilishi chogʻida Paygʻambar Ibrohim (alayhissalom) turgan muqaddas toshdir. Rivoyat qilinishicha, Kaʼba devorlari balandlashgan sari Ibrohim (a.s) ushbu tosh ustida turib qurilishni davom ettirgan va Alloh taoloning qudrati bilan tosh koʻtarilib-tushib turgan. Natijada, Ibrohim (a.s.)ning oyoq izlari toshda muhrlanib qolgan.
Maqomi Ibrohim Masjid ul-Haram hududida, Kaʼbaga yaqin joyda joylashgan boʻlib, alohida belgi bilan ajratilgan. Ibrohim (a.s) Baytulloh qurilishini yakunlagach, aynan shu yerda namoz oʻqiganlari rivoyat qilinadi.

“Maqomi Ibrohimni namozgoh tutinglar”. (Baqara surasi, 125-oyat) Mazkur oyat asosida Rasululloh (s.a.v) Kaʼbani tavof qilgach, Maqomi Ibrohim orqasida ikki rakat namoz oʻqishni sunnat qilib ketganlar. Bugungi kunda ham Haj va Umra amallarida bu amal islom ummatining uzviy diniy anʼanasi sifatida davom etib kelmoqda.
Tarixiy manbalarga koʻra, Maqomi Ibrohim dastlab Kaʼbaga juda yaqin joylashgan. Rasululloh (s.a.v) davrida oyat nozil boʻlgach, maqom hozirgi oʻrniga koʻchirilgan. Xalifa Umar ibn Xattob (r.a.) davrida yuz bergan kuchli sel oqibatida maqom siljigan boʻlsa-da, hijriy 17 yilda u Rasululloh (s.a.v) belgilagan joyiga qayta oʻrnatilgan. Hadislarda Maqomi Ibrohimning fazilati alohida taʼkidlanadi.
Rasululloh (s.a.v) shunday deganlari rivoyat qilinadi:
“Rukn (Qora tosh) va Maqom jannatning ikki yoqutidir. Agar Alloh ularning nurini oʻchirmaganida edi, sharqdan gʻarbgacha yoritar edi”.
Shu maʼnoda, Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan Maqomi Ibrohimning Usmoniylar tomonidan 1859 yil tayyorlangan yopinchigʻi madaniy merosning uzviy davomiyligini ifodalovchi yuksak darajadagi artefakt sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Abdurasul Yaxshiboyev, Markaz ilmiy xodimi:
Markazdagi Maqomi Ibrohim yopinchigʻi atrofida oltin halqalarda Alloh, Muhammad soʻzlari, “Oyatal Kursiy”, “Moʻminlarga xushxabar” oyatlari hamda toʻrt tomonida ulugʻ chahoryor sahobalar, yaʼni hazrati Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali va Hasan va Husayn ismlari bitilgan.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma