“Biz ham bu zamin bilan faxrlanamiz” – Iordaniya podshohligi rasmiysi Prezident tashabbusini islom olami nomidan eʼtirof etdi
Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Majlis al-Aʼyan Raisi Faysal Akif al-Fayez boshchiligidagi nufuzli delegatsiya Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Islom sivilizatsiyasi markazida boʻldi.
Delegatsiya aʼzolariga eng avvalo Markazning asosiy qismi Shon-sharaf zalida namoyish etilgan 14 ta ramziy ravoq haqida batafsil maʼlumot berildi. Mehmonlarning eʼtiborini ayniqsa, sohibqiron, ilm-maʼrifat homiysi boʻlgan Amir Temur siymosi tortdi. Amir Temurning mustaqil siyosiy va harbiy maktab yaratgan buyuk davlat arbobi ekani ilmiy asosda tushuntirildi. Bu maʼlumot delegatsiya aʼzolarining Amir Temur shaxsiga boʻlgan hurmatini yanada oshirdi.
Nufuzli mehmonlar Markazni islomning asl mohiyati poklik, ezgulik va tinchlik dini sifatida butun dunyoga targʻib etuvchi noyob maskan, deb baholashdi. Ushbu majmuani xalqaro miqyosda keng tanitish, boshqa davlat rahbarlari va jahon yetakchilarini ham bu yerga tashrif buyurishlari zarurligini taʼkidladilar.
Keyingi manzil Islomdan avvalgi davr ekspozitsiyasi boʻldi. Bu boʻlimda mehmonlar Markaziy Osiyo hududining qariyb 3000 yillik qadimiy tarixiga sayohat qildilar. Ekspozitsiyaning oʻzbek, rus, ingliz, arab va xitoy tillarida taqdim etilgani, shuningdek, sunʼiy intellekt va zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilgani delegatsiya aʼzolarida katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, Qadimgi Baqtriya gilami, Buyuk Ipak yoʻli manzaralari hamda Surxondaryo viloyatidagi Dalvarzintepa yodgorligidan topilgan fil suyagidan yasalgan shaxmat donachalari alohida qiziqish uygʻotdi. Ushbu shaxmat donachalari Hindistondagi shaxmat tarixidan qariyb 400 yil avval milodiy II–III asrlarga oid ekani mehmonlarni hayratga soldi.
Birinchi Renessans davri ekspozitsiyasida esa Samarqand qogʻozlarini bevosita ushlab koʻrish, Saljuqiylar davriga oid XI–XII asrlarga mansub oltin taqinchoqlar, tarixiy yodgorliklar bilan tanishish imkoniga ega boʻldilar.
Delegatsiya aʼzolariga Oʻzbekiston zaminida yetishib chiqqan buyuk allomalar va mutafakkirlarning jahon sivilizatsiyasidagi oʻrni alohida tushuntirildi.
Ikkinchi Renessans davri ekspozitsiyasida mehmonlar Amir Temur kutubxonasi, Umar Aqto tomonidan yozilgan XIV–XV asrlarga oid Qurʼoni karim parchalari, shuningdek, Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi va uning 1018 yulduz katalogi bilan tanishdilar. Yulduzlar joylashuvi bugungi ilmiy natijalarga deyarli mos kelishi delegatsiya tomonidan yuksak baholandi. Qurʼon oyatlari bitilgan XV–XVIII asrlarga oid liboslar esa islom sanʼati va estetik tafakkurining yuksak namunasi sifatida eʼtirof etildi.
Tashrif “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori” boʻlimida davom etdi. Bu yerda delegatsiya aʼzolari zamonaviy Oʻzbekiston taraqqiyotini aks ettiruvchi videorolik, xalqaro diplomatik aloqalar, Toshkent City va BYD zavodi maketlari bilan tanishib, mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni yuqori baholadilar. Shuningdek, uzunligi 461 metr, balandligi 34 metr boʻlgan mepping shou orqali Oʻzbekiston tarixi, madaniyati va buyuk siymolariga bagʻishlangan qisqa metrajli film loyihasi haqida ham maʼlumot oldilar.
Qurʼoni karim zalida saqlanayotgan Usmon Mushafi bilan tanishuv esa delegatsiya aʼzolarining yanada yuqori eʼtirofiga sabab boʻldi. Qurʼonning Amir Temur davrida Oʻzbekistonga olib kelingani, keyingi tarixiy jarayonlar va bugungi kungacha yetib kelgan yoʻli batafsil tushuntirildi. Uning 2000 yilda YuNESKO tomonidan asl nusxa sifatida eʼtirof etilganini ham mamnuniyat bilan qabul qildilar. Delegatsiya aʼzolari ushbu muqaddas yodgorlikning aynan Oʻzbekistonda saqlanayotganini yuksak masʼuliyat va faxr sifatida baholadilar.

Faysal Akif al-Fayez, Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Majlis al-Aʼyan Raisi:
“Markazning tashqi mahobati va ichki goʻzalligi ochigʻi meni hayratga soldi. Koʻp muzeylarda boʻlganman ammo, Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyidek mukammal va noyob ekpozitsiyani koʻrmagandim. Ayniqsa, Qurʼon zalida saqlanayotgan Islom olamining noyob durdonasi asl Usmon mushafi meni hayajonimga sabab boʻldi. Har bir eksponat oʻzining tarixiy ahamiyati bilan alohida eʼtirofga munosib. Barchamizga yaxshi maʼlumki, koʻplab buyuk va mashhur islom ulamolari, allomalar va mutafakkirlar aynan shu zamin – Oʻzbekiston hududida tugʻilib voyaga yetgan. Bu bilan biz ham butun islom olami nomidan faxrlanamiz. Chunki bu allomalar oʻz davrida ilm-fan, tafakkur va maʼrifat rivojiga ulkan hissa qoʻshgan, Yevropadagi Uygʻonish davriga ham bevosita taʼsir koʻrsatgan.
Bugun men Oʻzbekistonda boʻlib, mamlakatning barcha sohalarda jadal va izchil rivojlanayotganiga guvoh boʻlyapman. Prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari tashabbuslari bilan buyod etilgan ushbu markaz mintaqada ilm va maʼrifatni targʻib qilishda muhim ahamiyatga ega.
Bizning ushbu tashrifimiz ham aynan ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni, oʻzaro ishonch va hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Hamkorlik siyosiy, iqtisodiy va madaniy yoʻnalishlarda izchil rivojlanmoqda. Madaniyat esa ayniqsa muhim, chunki bizni umumiy islomiy madaniyat, umumiy qadriyatlar birlashtirib turadi. Ishonchim komilki, Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasidagi munosabatlar yaqin kelajakda yanada mustahkamlanib, juda yuqori darajaga koʻtariladi.”
Hayfa Najjar, Iordaniya Senati aʼzosi, Madaniyat, yoshlar va sport qoʻmitasi raisi:
“Bu, shubhasiz, Oʻzbekiston uchun ulkan yutuq va Prezidentingiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan buyuk loyihadir.
Bu yerda oʻtmish ham, qadimiylik ham, ilm-fan ham, islomning insoniyat sivilizatsiyasi bilan uzviy aloqasi ham, kelajak sari qarashlar ham yaqqol aks etgan. Ayniqsa, yoshlar uchun bu markaz nihoyatda muhim. Ularda oʻz tarixiga egalik tuygʻusini, oʻz madaniyati va sivilizatsiyasidan faxrlanish hissini shakllantiradi.
Sanʼatdagi noziklik, ijodiy aniqlik, naqsh va tasvirlar bilan raqamli texnologiyalar oʻrtasidagi muvozanat bu markazni mutlaqo noyob maskanga aylantirgan”.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma