Jahon miqyosida tan olingan 400 yillik artefakt ekspozitsiya kolleksiyasiga qoʻshildi

Asrlar ortidan yetib kelgan noyob sanʼat namunasi — XVII asrga oid zarhal bezakli idish bugun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan oʻrin oldi. Prezident tashabbusi bilan Buyuk Britaniyadagi dunyoga mashhur Christie’s auksion uyidan olib kelingan ushbu artefakt oʻzining nafis shakli, oltin suvi bilan ishlangan naqshlari va yuksak hunarmandchilik mahorati bilan oʻtgan asrlar badiiy tafakkurini yaqqol namoyon etadi.
U oʻz shakli, naqsh tizimi va ishlanish mahorati bilan oʻtgan asrlar badiiy tafakkurining kamyob dalili sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Rustam Jabborov, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kotibi:
– 400 yillik tarixga ega idish sharsimon shaklli, silindrsimon ishlangan ushbu nodir buyum umumiy kompozitsiyasi muvozanatli va puxta yechimga ega. Tanasining pastki qismi gulli oʻrim naqshli hoshiya bilan bezatilgan. Mazkur hoshiya ustida beshta gullab turgan sariq nilufar guli tasviri joylashtirilgan boʻlib, ular aylanma tartibda kompozitsion yaxlitlikni taʼminlaydi.
Idish zarhal sayqal berilgan. Oltin suvi bilan ishlangan naqshlar ashyoga hashamat bagʻishlabgina qolmay, uning qadimiylik darajasini ham oshiradi. Asrlar davomida oʻz badiiy jozibasini saqlab qolgan bu zarhal bezaklar hunarmandchilik mahoratining yuksak pogʻonasidan dalolat beradi. Sariq nilufar guli asosiy badiiy element sifatida tanlanib, kompozitsiyaning maʼno va estetik yukini mustahkamlagan.
Ashyoning qadimiylik darajasi uning ishlanish texnikasi, naqsh uslubi va saqlanish holati orqali yaqqol seziladi. Bunday buyumlar odatda yuqori tabaqa va saroy muhiti uchun moʻljallangan boʻlib, kundalik ehtiyoj emas, balki hashamat va ramziy ahamiyat kasb etgan.
Bugungi kunda XVII asrga tegishli ushbu nodir artefakt Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanmoqda. Uning markaz ekspozitsiyasiga kiritilishi nafaqat ashyoning badiiy qadrini, balki uning jahon miqyosida tan olingan, nodir va qadimiy meros ekanini ham tasdiqlaydi.
Laylo Abduqaxxarova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma