Prezident tashabbusi bilan Baqtriya artefaktlari Buyuk Britaniyadan Markazga keltirildi
Islomdan ming yillar avval Markaziy Osiyoda shaharlar qurgan, savdo yoʻllarini bogʻlagan va yuksak zargarlik sanʼatini yaratgan sivilizatsiya mavjud boʻlgan. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan Qadimgi Baqtriya merosi ana shu unutilmas tarix sahifalarini qayta jonlantiradi.
Markaziy Osiyo hududida islomdan avval shakllangan eng qadimiy va yuksak madaniyat oʻchoqlaridan biri — Qadimgi Baqtriya sivilizatsiyasidir. Bu boy tarixiy meros bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev muallifligida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasining “Islomdan avvalgi davr” boʻlimida namoyon etilmoqda. Ekspozitsiya orqali mintaqada islom sivilizatsiyasigacha mavjud boʻlgan yuksak madaniy, ijtimoiy va maʼnaviy anʼanalar yoritib beriladi.
Pomir–Badaxshon togʻlaridan boshlanib, Amudaryo havzalari orqali keng hududlarga hayot bagʻishlagan daryolar atrofida Baqtriya–Margʻiyona tarixi shakllangan. Arxeologiyada “Baqtriya–Margʻiyona arxeologik kompleksi (BMAK)”, yoki “Oks sivilizatsiyasi” deb ham ataladigan ushbu madaniy makon miloddan avvalgi III–II ming yilliklarga taalluqli. U hozirgi Afgʻonistonning shimoli, Tojikistonning janubiy hududlari hamda Oʻzbekistonning janubini qamrab olgan.
Amudaryo va uning Panj hamda Vaxsh kabi yirik irmoqlari atrofida qadimdan oʻtroq turmush tarziga ega xalqlar yashab, sugʻorma dehqonchilik bilan shugʻullangan. Ana shu jarayonlar natijasida ilk qishloqlar, keyin esa ular negizida shaharlar vujudga kelgan. Ibtidoiy turarjoylar oʻrnini koʻp qavatli binolar egallab, shaharsozlik madaniyati shakllangan.
Tarix fanlari doktori, professor Gʻaybulla Boboyorov taʼkidlaganidek, Baqtriya sivilizatsiyasining asosida ana shu shaharsozlik madaniyati yotib, oʻnlab shaharlarda yuksak ijtimoiy va madaniy muhit shakllangan:
“Bu — hokimiyat va davlatchilik anʼanalari, ish yuritish va davlat yozishmalari yozuv orqali amalga oshirilgan tizim, jamiyatni tartibga soluvchi ilk qonunlar va eʼtiqod, shuningdek, hunarmandchilik, bogʻdorchilik, xalqaro tijorat hamda amaliy va tasviriy sanʼatdir”.
Qadimgi savdo yoʻllari, ayniqsa Buyuk Ipak yoʻli orqali Baqtriya Sharq va Gʻarb oʻrtasidagi madaniy, iqtisodiy va maʼnaviy aloqalar chorrahasiga aylangan.
Islom sivilizatsiyasi markazida taqdim etilayotgan ekspozitsiya Baqtriya hududida islomdan avval ham yuksak hunarmandchilik, zargarlik va ramziy tafakkur shakllanganini yaqqol namoyon qiladi. Eksponatlar orqali tomoshabin Baqtriya xalqlarining dunyoqarashi, eʼtiqodi va ijtimoiy tuzilishi haqida keng tasavvur hosil qiladi.
Oltin bilaguzuklar
Ekspozitsiyada namoyish etilayotgan oltin bilaguzuklar Baqtriya jamiyatida ijtimoiy maqom va boylikning asosiy belgilaridan biri hisoblangan. Sof oltindan yasalgan ushbu taqinchoqlar aqiq, feruza va lochintosh kabi yarim qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan. Ular nafaqat zeb-ziynat buyumi, balki qudrat, hokimiyat va farovonlik ramzi sifatida ham talqin etilgan.
Marjon va boʻyin taqinchoqlari
Marjon va boʻyin taqinchoqlari Baqtriya zargarlik sanʼatining yuksak darajasini koʻrsatadi. Oltin naycha shaklidagi munchoqlar bilan lochintosh, aqiq va feruzaning uygʻun terilishi nafaqat estetik did, balki chuqur ramziy maʼnoni ham ifodalaydi. Bu buyumlar qadimda inson uchun ruhiy muhofaza va marosimiy ahamiyatga ega boʻlgan.

Oltin pichoq qini
Ekspozitsiyadagi eng noyob eksponatlardan biri miloddan avvalgi IV asrga oid oltin pichoq qinidir. U Ahamoniylar davri va Iskandar Makedonskiy yurishlari bilan bogʻliq tarixiy jarayonlarni aks ettiradi. Qin yuzasidagi hayvonlar va afsonaviy obrazlar sak, sugʻd va baqtriya sanʼati anʼanalarining oʻzaro uygʻunligini namoyon etadi.
Markaziy Osiyo hududida islomdan oldin ham yuksak madaniy, badiiy va maʼnaviy muhit mavjud boʻlganini ishonchli tarzda tasdiqlovchi ushbu noyob artefaktlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Buyuk Britaniyadan keltirilgan.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma