Suv bilan barpo etilgan sivilizatsiya: Xorazmning qadimiy injenerlik moʻʼjizasi
Xorazm — suv bilan hayot barpo etilgan qadimiy sivilizatsiya. Miloddan avvalgi davrlardayoq bu hududda suvni boshqarishning mukammal tizimi yaratilgan boʻlib, u dehqonchilik va bogʻdorchilik taraqqiyotiga xizmat qilgan. Qadimiy chigʻirlar, ariqlar va suv mayatniklari Xorazm xalqi injenerlik tafakkurining yuksak namunasidir.
Xorazm tarixi bogʻdorchilik va sugʻorish madaniyati bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, bu hudud Markaziy Osiyodagi eng qadimiy va rivojlangan agrar sivilizatsiyalardan biri sifatida alohida oʻrin tutadi. Arxeologik tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, miloddan avvalgi I ming yillikdayoq Xorazmda suvni boshqarish va sugʻorishning murakkab tizimi shakllangan boʻlib, u dehqonchilik taraqqiyotining asosiy omillaridan biriga aylangan.
Qadimgi Xorazm aholisi Amudaryo suvidan samarali foydalanish maqsadida quduqlar, ariqlar, kanallar va maxsus injenerlik inshootlarini barpo etgan. Bu tizimlar nafaqat hosildorlikni oshirish, balki aholining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda ham muhim ahamiyat kasb etgan.
Amudaryo suvini baland joylardan past hududlarga yoʻnaltirish uchun qadimdan chigʻir, nor, ariq va kanallar tizimi qurilgan. Tabiiy relef va suv oqimining xususiyatlari hisobga olingan holda barpo etilgan ushbu inshootlar suvdan oqilona foydalanish imkonini bergan. Bugungi kungacha saqlanib qolgan bu injenerlik yodgorliklari Xorazm dehqonchiligidagi yuksak mahorat va fidoyilikni namoyon etadi.

Chigʻir — qadimiy mexanik suv chiqaruvchi qurilma
Xorazm suv taʼminoti tizimida chigʻir alohida oʻrin tutadi. Bu mexanik qurilma suvni past joydan yuqoriga chiqarish uchun moʻljallangan boʻlib, asosan inson yoki hayvon (ot, eshak, tuya) kuchi orqali harakatga keltirilgan.
Chigʻirdagi aylanma gʻildirak va chormagʻ tizimi suvni chelak yoki koʻzalar zanjiri orqali yuqoriga koʻtarishni taʼminlagan. Oʻq va gʻildirak mexanizmlari aylanma harakatni hosil qilib, sugʻorish tizimining samaradorligini oshirgan. Bu qurilma orqali suv kanallar va chohlar orqali dalalarga yetkazilgan.
Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti direktori Abduvohid Oʻrozkeldiyevning taʼkidlashicha, qadimiy Xorazm hududidagi sugʻorish tizimlarini oʻrganish boʻyicha tarixchi olimlar bilan hamkorlikda keng koʻlamli tadqiqotlar olib borilgan.
“Ilk sugʻorish usullari va Amudaryodan suv olish tartibi haqida maʼlumotlar toʻplab, olimlarimiz bilan birga chigʻirning maketini yaratdik. Bu maket orqali Xorazmdagi qadimiy sugʻorish madaniyatini yosh avlodga koʻrsatish mumkin. Bunday tadqiqotlar nafaqat tarixiy bilimni boyitadi, balki suv xoʻjaligi sohasining mamlakat hayotidagi ahamiyatini anglatishda ham muhimdir. Eng muhimi, bu ishlar yoshlarda oʻz tarixiga boʻlgan hurmatni yanada mustahkamlaydi”, — deydi u.
Chigʻir nafaqat Xorazmda, balki Buxoro, Fargʻona va boshqa vohalarda ham keng qoʻllanilgan. Ushbu qurilmalar dehqonchilik dalalarida suv taqsimotini yengillashtirib, hosildorlikni oshirishda muhim rol oʻynagan. Ular qadimiy injenerlik tafakkuri va suvni samarali boshqarishning yorqin namunasi hisoblanadi.
Sugʻorma dehqonchilik va suv mayatnigi
Xorazmda suvdan samarali foydalanish jarayoni qoʻl mayatnigi yoki suv mayatnigi kabi oddiy, ammo samarali qurilmalarning yaratilishiga ham olib kelgan. Bu inshootlar asosan kichik yer uchastkalari va bogʻlarda qoʻllanilgan.
Suv mayatnigi qoʻl bilan harakatga keltiriladigan charx yoki tirgovuchli sovutcha yordamida suvni yuqoriga koʻtarishga xizmat qilgan. Qurilmaning ishlash prinsipi muvozanat va aylanma harakatga asoslangan boʻlib, inson mehnati orqali suvni samarali yetkazish imkonini bergan.
Qadimgi Xorazm sivilizatsiyasi suv xoʻjaligi va dehqonchilik sohasida yuksak injenerlik va madaniy yutuqlarga erishgan. Chigʻirlar va suv mayatniklari orqali shakllangan ushbu tizim Markaziy Osiyo qishloq xoʻjaligi madaniyati tarixida muhim ahamiyat kasb etgan boy meros sifatida baholanadi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma