“114 Qurʼon” loyihasidagi nodir eksponat: “Oʻzbek” nomi kiritilgan ilk mushaf ekspozitsiyada!
Asrlar davomida dunyoning turli burchaklarida saqlanib kelgan milliy va maʼnaviy merosimiz bugun yana Vatan bilan bogʻlanmoqda. Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tarixiy qoʻlyozmalar va nodir artefaktlarni yurtimizga qaytarishga qaratilgan saʼy-harakatlar ayni paytda jahon ilmiy jamoatchiligining ham diqqatini tortmoqda. Ana shunday bebaho yodgorliklardan biri — Oltin Oʻrda hukmdori Muhammad Oʻzbekxon nomiga bogʻliq Qurʼoni karim qoʻlyozmasi boʻlib, u XIV asr davlatchiligi, kitobat sanʼati va maʼnaviy hayotning yuksak darajasini oʻzida mujassam etgan nodir tarixiy manba sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Oltin Oʻrda hukmdori Oʻzbekxon (1313–1341) nomi bilan bogʻliq boʻlgan Qurʼoni karim qoʻlyozmasi alohida oʻrin tutadi. Ushbu mushaf nafaqat diniy manba, balki XIV asrdagi davlatchilik, madaniyat va kitobat sanʼatining yuksak darajasini aks ettiruvchi bebaho tarixiy yodgorlik hisoblanadi. Ayni paytda ushbu noyob qoʻlyozma Turkiyadagi Kutahiya universiteti kutubxonasida saqlanmoqda.
Mazkur qoʻlyozma haqida ilk bor 2024 yil 18-26 oktabr kunlari Toshkent shahrida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan oʻtkazilgan “Sharq renessanslari fenomeni: saltanatlar, dinlar, shaxslar va tamaddunlar” mavzusidagi xalqaro madaniy meros haftaligida maʼlum qilingan. Turkiyadagi Qoʻlyozmalar boshqarmasi Sulaymoniya kutubxonasi rahbari Joshkun Yilmaz hamda Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez dunyodagi qadimiy Qurʼon qoʻlyozmalari orasida “Oʻzbek” nomi kiritilgan ilk mushaf aynan Oltin Oʻrda hukmdori topshirigʻi bilan koʻchirilganini taʼkidlaganlar.
– Ushbu Qurʼon qoʻlyozmasi 1318 yilda Oltin Oʻrda hududida zarhal qogʻozda rayhoniy xatida koʻchirilgan. Qoʻlyozmaning xotima qismida 718 hijriy yilning Ramazon oyida sultonlar sultoni Muhammad Oʻzbekxon farmoniga asosan kotib Badr al-Hamadoniy tomonidan bitilgani qayd etilgan. Mushaf 303 varaqdan iborat boʻlib, har bir sahifada matn 14 qatordan joy olgan. Sahifalar oltin bilan sayqallangan, sahifa chetlariga maxsus naqshli shams bezaklari kiritilgani bilan ajralib turadi. Bunday yuksak badiiy bezaklar oʻsha davr qoʻlyozmachilik anʼanalarida kam uchraydigan holat sanaladi, - dedi Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez.
Qoʻlyozma Sharq qogʻozida bitilgan. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, ushbu mushaf 1475 yilda Qrimga qilingan yurish chogʻida usmoniylar hukmdori Fotih Sulton Mehmet tomonidan Istanbulga olib kelingan va keyinchalik Sulaymoniya kutubxonasi fondiga kiritilgan. Asrlar davomida saqlangan ushbu nodir yodgorlik 2024 yilda ilmiy asosda taʼmirlanib, qayta tiklangan.
Ayni paytda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida “114 Qurʼon loyihasi” doirasida Oʻzbekxon Qurʼonining mulyaj nusxasi namoyish etilmoqda. Markaz ekspozitsiyasidan oʻrin olgan ushbu nodir mushaf qoʻlyozmasi Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasining taraqqiyoti, turkiy sulolalarning diniy va maʼnaviy hayotga qoʻshgan hissasini yaqqol namoyon etuvchi muhim eksponat sifatida keng jamoatchilikka taqdim etilgan. Bu ekspozitsiya orqali tashrif buyuruvchilar Oltin Oʻrda davridagi kitobat sanʼati, badiiy bezaklar va davlat homiyligidagi maʼnaviy meros haqida boy tasavvur hosil qilish imkoniyatiga ega boʻladi.
Kelgusida mazkur qoʻlyozmaning faksimil nashrini chop etish rejalashtirilgan. Shu bois, Oʻzbekxon Qurʼonining yuqori sifatli faksimil nashrini Oʻzbekistonda chop etish ilmiy va madaniy jihatdan muhim vazifa hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekxon Qurʼoni Oltin Oʻrda davri maʼnaviy hayoti, davlat homiyligidagi ilm-fan va kitobat sanʼatining yuksak namunasi sifatida alohida ahamiyatga ega. Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan oʻrin olgan mazkur nodir mushaf nafaqat milliy, balki umuminsoniy madaniy merosning bebaho durdonasi sifatida kelajak avlodlarga yetkazilayotgan tarixiy xotira hisoblanadi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma