Euronews va SNN telekanallarida Fargʻoniy, Xorazmiy va Ibn Sino haqidagi yangi videoroliklar efirga uzatildi



«Oskar» mukofoti sovrindori, mashhur britaniyalik aktyor Ben Kingsli ishtirokida “Maʼrifat aks-sadosi” turkum filmi doirasida  suratga olingan Fargʻoniy, Xorazmiy va Ibn Sino haqidagi videoroliklar dunyoning yetakchi Euronews va CNN xalqaro telekanallarida efirga uzatildi. 

 

Mazkur roliklar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng koʻlamli media-loyihaning muhim qismi boʻlib, unda Sharq uygʻonish davrining buyuk mutafakkirlari va olimlari merosi xalqaro auditoriyaga zamonaviy, taʼsirchan vizual yechimlar orqali taqdim etilmoqda. Videoroliklar jahon tomoshabinlarini islom sivilizatsiyasi bagʻrida kamol topgan ilm-fan, tafakkur va maʼnaviyat anʼanalari bilan tanishtirishga qaratilgan.

 



Loyihada ser Ben Kingsli ishtirok etib, u Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy va Amir Temur kabi buyuk siymolar hayoti, ilmiy merosi hamda ularning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan beqiyos hissasi haqida hikoya qiladi.

 

“Maʼrifat aks-sadosi” loyihasi doirasida tarix, madaniyat va fan rivojiga muhim taʼsir koʻrsatgan allomalar hayotiga bagʻishlangan oʻndan ortiq qisqa metrajli hujjatli filmlar ishlab chiqish rejalashtirilgan. Ushbu filmlar aynan xalqaro tomoshabinlar uchun moʻljallangan boʻlib, dunyoning yetakchi media-platformalari orqali namoyish etiladi.

 



Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi doirasida mamlakatimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini keng targʻib etish, xalqaro madaniy muloqotni mustahkamlash hamda Oʻzbekistonni qadimiy sivilizatsiyalar beshigi, fan va maʼrifat markazi sifatida dunyoga tanitishga xizmat qiladi.