Amir Temur shaxmatining bugungi shaxmatdan nima farqi bor?

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temurning shaxmati haqida ilk tarixiy manbalar asosida maket yaratiladi.

 

Azizjon Sharipov, Temuriylar tarixi muzeyi boʻlim boshligʻi:

— Xususan, Sharafiddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma" asari hamda arab tarixchisi Ibn Arabshohning "Ajoib ul-maqdur fi axbori Temur" ("Temur haqidagi xabarlarda taqdir ajoyibotlari") va "Tarixi Temur" nomli asarlarida bu noyob shaxmat turi haqida muhim maʼlumotlar keltirilgan. Ibn Arabshoh ushbu shaxmatni "Shatranji kabir" – yaʼni "Katta shaxmat" deb ataydi.

 

Amir Temur shaxmati oddiy 32 dona emas, 11 xil figuradan iborat boʻlgan. Anʼanaviy figura va piyodalar qatorida unga tuya, dabboba, katapulta kabi harbiy va strategik kuchlarni ifoda etuvchi maxsus donalar ham qoʻshilgan. Bu esa oʻyinning faqat aqlni emas, balki harbiy-taktik fikrlashni ham shakllantirishga qaratilganini koʻrsatadi. Bugungi shaxmat bilan taqqoslaganda, Amir Temur shaxmatining koʻlami, mazmuni va gʻoyaviy asoslari yanada kengroq, murakkabroq va davr ruhiga mos boʻlgan. Bu esa Temuriylar davrida intellektual oʻyinlarga boʻlgan yondashuv darajasini aks ettiradi.

Hozirgi kunda Fransiyaning Milliy kutubxonasida Amir Temur shaxmatiga oid qoʻlyozma parchalari saqlanmoqda. Ularning faksimile (nusxa)lari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi kutilmoqda. Ushbu asosda shaxmatning ilk koʻrinishini tiklash va uni madaniy meros sifatida taqdim etish maqsad qilinmoqda.