Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida 2026 yilning birinchi Ilmiy kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida 2026 yilning birinchi Ilmiy kengashi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishda Kengash aʼzolari — Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov, Imom Buxoriy innovatsion muzeyi direktori Shovosil Ziyodov, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi birinchi oʻrinbosari Davronbek Maxsudov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Homidjon Ishmatbekov, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi raisi Ahmed Reymov, shuningdek, Markaz rahbariyati va xodimlari ishtirok etdi.

 

Yigʻilish kun tartibidan Markaz faoliyatiga doir 20 ga yaqin dolzarb va strategik ahamiyatga ega masalalar oʻrin oldi. Ilmiy kengashni Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov kirish soʻzi bilan ochib berdi.


U oʻz nutqida Markaz faoliyatidagi muhim bosqichlar, erishilgan natijalar va oldinda turgan ustuvor vazifalarga alohida toʻxtalib oʻtdi. Xususan, 2025 yil 29 yanvar kuni boʻlib oʻtgan, 800 dan ortiq loyihani qamrab olgan mega taqdimot Markaz tarixida muhim voqea sifatida qayd etildi. Mazkur taqdimot Prezidentimiz ishtirokida boʻlib oʻtdi va davlatimiz rahbari barcha loyihalarni batafsil koʻrib chiqib, tegishli topshiriqlar berdi.

 

Natijada, “Sivilizatsiyalar, shaxslar va kashfiyotlar” konsepsiyasini  Markaz ekspozitsiyasiga joriy etish tasdiqlangan. Shuningdek, 2025 yil 14 mart kuni mazkur binoda Bosh vazir raisligida boʻlib oʻtgan Vasiylik Kengashi yigʻilishida ushbu loyihalar toʻliq maʼqullanib, ularni moliyalashtirish va tashkiliy jihatdan taʼminlash boʻyicha aniq qarorlar qabul qilingani taʼkidlandi.

 

Maʼlum qilindiki, oʻtgan yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Markazga besh marotaba tashrif buyurgan boʻlib, bu davlat rahbarining ushbu loyihaga boʻlgan yuksak eʼtibori va ishonchining yaqqol ifodasidir.

 

Shu topshiriqlar ijrosi doirasida 2025 yil oktabr-noyabr oylarida Markaz oʻzining ilk nufuzli mehmonlarini qabul qildi. Markaziy Osiyo va Ozarbayjon Respublikasi davlat rahbarlari, shuningdek, fan, madaniyat va kino sohasi vakillari hamda yetakchi ilmiy muassasalar rahbarlari ishtirokida oʻtgan mazkur tadbir Markaz uchun muhim sinov boʻlib, yuqori baholandi.

 

Bundan tashqari, 25 ta davlatdan 130 nafardan ortiq xalqaro ekspertlar ishtirokida oʻtkazilgan forum doirasida muzeylar rahbarlari va ilmiy muassasalar vakillari Markaz ekspozitsiyasi va gʻoyaviy yechimlariga yuksak baho berdilar.

 

Yigʻilishda yana bir ramziy voqea alohida eʼtirof etildi. Xorijiy nufuzli mehmon — Paolo Zampolli tomonidan AQSh Konstitutsiyasining noyob nashri Markazga tuhfa etilgani Markazga boʻlgan yuksak hurmat va ishonch ramzi sifatida baholandi.

 

Ilmiy kengashda birinchi navbatda Markazning tantanali ochilishiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, gidlarni tayyorlash, mehmonlarni yuqori saviyada kutib olish, soatiga 500 nafargacha tashrif buyuruvchini qabul qilish imkoniyatlarini yaratish, kirish-chiqish nazorati, kutubxonadan foydalanish tartibi hamda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha takliflar maʼqullandi va tasdiqlandi.

 

Shuningdek, “Art Vernissage” kompaniyasi tomonidan 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar, jumladan, ekspozitsiya etiketajlarini QR-kodlash jarayonlari, muzey va kutubxona fondini shakllantirish, eksponatlar matnlarini tayyorlash boʻyicha hisobot tinglandi va joriy yilda ushbu ishlar davom ettirilishi belgilandi.

 

Yigʻilishda Imom Buxoriyga bagʻishlangan kitob-albom loyihasi taqdimot qilindi. Shu bilan birga, Imom Buxoriy majmuasi haqida videorolik tayyorlash orqali uni keng targʻib qilish taklifi ilgari surildi.

 

Bundan tashqari, Ben Kingsli ishtirokida suratga olingan “Maʼrifat aks-sadosi” turkum filmi doirasida Fargʻoniy, Xorazmiy va Ibn Sinoga bagʻishlangan videomateriallar namoyish etildi va kengash aʼzolari tomonidan ijobiy baholandi.

 


Qurʼoni karim zaliga kirish tartibi, dress-kod joriy etish, zal haqida tach-panellar orqali maʼlumot berish, mappingda «Iqro» surasining 1–2-oyatlari va «Ixlos» surasini joylashtirish hamda milodiy-hijriy taqvim taqdimoti maʼqullandi.

 

Shuningdek, “Oʻzbekiston XX asrda” boʻlimi ekspozitsiyasi, ekspozitsiya zallari orqali oʻtuvchi tunnellar dizayni taqdimot qilindi. Ushbu boʻlimni yanada takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar berildi.


Yigʻilish yakunida media hamkorlik, audiogidlar va videokontent tayyorlash, media guruh faoliyatini 2026 yilda davom ettirish va moddiy texnika bazasini takomillashtirish, xorijiy OAVlar bilan hamkorlik, shuningdek,  masalalari muhokama qilindi.


Ilmiy kengash yakunida koʻrilgan barcha masalalar boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilinib, ijro uchun masʼullar belgilab olindi.