Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni: tarix, madaniyat va maʼrifat chorrahasida
Islom olamini birlashtirib turuvchi umumiy qadriyatlar, ilmiy meros va maʼnaviy anʼanalar asrlar davomida musulmon xalqlari oʻrtasidagi oʻzaro anglashuv va hamkorlikning mustahkam poydevori boʻlib kelgan. Ana shu maʼnaviy makonni ifoda etuvchi muhim maskanlardan biri — Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Saudiya Arabistoni Qirolligining Oʻzbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Saad bin Nosir bin Abdulloh Abu Haymed, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Nodir Turgʻunov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdilar.

Tashrif davomida oliy martabali mehmonlar Markaz muzeyining barcha asosiy ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdi va ularni katta qiziqish bilan koʻzdan kechirdi. Elchilar Markaz konsepsiyasi, islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, maʼnaviyati va madaniyatiga qoʻshgan hissasi haqida alohida toʻxtaldilar.
Mehmonlar Markazning Shon-Sharaf zalidagi 14 ta ravoqni, har birini alohida mozaika uslubida yaratilgani uchun yuksak baholadilar. Shuningdek, islomdan avvalgi davrdan boshlangan 3000 yillik tariximizdan Yangi Oʻzbekiston islohotlarigacha qamrab olingan ekspozitsiya ularda katta taassurot qoldirdi.
Birinchi Renessans boʻlimida mehmonlarni Saudiya Podshosi tomonidan hadya qilingan Kisva va bu boʻlimda joylashtirilgan Samarqand qogʻozi namunasini ushlab koʻrib quvondilar. Bu boʻlim Movarounnahrdagi buyuk allomalar va ilmiy maktablar merosini yaqqol namoyon etadi.
Ikkinchi Renessansda esa Ulugʻbek Mirzo ekspozitsiyasi, ayniqsa olim va davlat arboblarining ilmiy va madaniy yutuqlari zamonaviy texnologiyalar orqali taqdim etilgani elchilarda chuqur taassurot qoldirdi.
Qurʼoni karim zali oʻzining meʼmoriy mahobati va muqaddas muhiti bilan Saudiya Arabistoni Qirolligining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Saad bin Nosir bin Abdulloh Abu Haymedni lol qoldirdi. Shuningdek, Markazning Bolalar maydonchasida tashkil etilgan va multfilm asosida yaratilgan ilmiy targʻibot mehmonlarni quvontirdi.
Shuningdek, elchilarga Markazning yuqori qavatida YuNESKO, ICESCO va IRCICA kabi xalqaro tashkilotlar uchun alohida maxsus xonalar ajratilgani haqida alohida maʼlumot berildi va martabali mehmonlar bu eʼtiborni yuksak baholadilar.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma