Markaziy Osiyodagi murakkab loyihalar mutaxassisi: “Har bir ekspozitsiya qalbimizga yaqin — bular bizning ildizlarimiz”

 

Yirik shaharlarda murakkab loyihalar ustida ishlagan mutaxassisni hayratga solish oson emas. Shunga qaramay, Markaziy Osiyodagi eng yirik xalqaro qurilish xoldingi — BI-Group rahbari Aydin Rahimbayev boshchiligidagi delegatsiya Toshkentda barpo etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi chogʻida ushbu majmua ularda kuchli taassurot uygʻotganini bildirdi.

 

Delegatsiya aʼzolari Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi asosida bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazini koʻzdan kechirar ekan, uni nafaqat mazmuni, balki koʻlami, salobati va makonlarning oʻzaro uygʻunligi bilan ajralib turadigan noyob majmua sifatida baholadilar. Ularning fikricha, maqsadning puxta rejalashtirilgani, ichki va tashqi makonlar oʻrtasidagi mantiqiy bogʻliqlik hamda yirik hajmlar bilan ishlashdagi aniqlik loyiha sifatini yuqori darajaga koʻtargan.

 

 

 

Tashrif davomida mehmonlar Markaz ekspozitsiyalarida Markaziy Osiyo tarixining asosiy bosqichlari — islomdan avvalgi davr, islom sivilizatsiyasining shakllanishi, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot jarayonlari izchil va yaxlit tarzda yoritilganiga eʼtibor qaratdilar. 


Ularning fikricha, Markazda ming yillik artefaktlar bilan bir qatorda keyingi asrlarga mansub eksponatlarning bir makonda jamlangani tarixiy uzluksizlikni yaqqol namoyon etadi. Zamonaviy texnologiyalar va sunʼiy intellekt asosidagi ekspozitsiya esa tashrif buyuruvchilar uchun mazmunni chuqurroq anglash imkonini yaratgan.

 

 

Aydin Rahimbayev, BI-Group kompaniyasi boshqaruv raisi:

 

– Bu markaz haqida juda koʻp eshitgan edim va nihoyat bu yerga kelishga muvaffaq boʻldim. Juda katta taassurot qoldirdi.


Bir tomondan, qamrovining kengligi, ikkinchi tomondan esa mazmunining chuqurligi bilan hayratga soladi.


Men tarixni juda yaxshi koʻraman va bu markazning mazmun-mohiyati, eksponatlari bilan chuqur hayratga soldi. Chunki, mening nazarimda, bu Markaz bugungi kunda aynan formati va mazmuni jihatidan Markaziy Osiyodagi eng ramziy, eng muhim maskanlardan biri.


Barcha eksponatlar nihoyatda qiziqarli va ekspozitsiyalarning chuqur oʻylab ishlab chiqilgani ham hayratlanarli. Ayniqsa, bularning barchasi sunʼiy intellekt yordamida boyitilgani alohida eʼtiborga loyiq. Bu, albatta, befarq qoldirmaydi.


Bu yerda zallar juda koʻp va taʼsir juda katta. Chunki bizning mamlakatlarimiz chegaralari 200 yil avval ham, 1000 yil avval ham, 2000 yil avval ham bugungidek boʻlmagan. Shu sababli bu yerda koʻrsatilgan har bir ekspozitsiya qalbimizga yaqin — bular bizning ildizlarimiz, Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy ildizlari.


Delegatsiya aʼzolarining taʼkidlashicha, Markaz ekspozitsiyalarida tarixiy chegaralardan qatʼi nazar, Markaziy Osiyo xalqlarini birlashtirib turuvchi umumiy ildizlar va sivilizatsion jarayonlar yaqqol aks etgan. Bu yerda tarix axborot emas, balki makon orqali anglanadigan jonli tajriba sifatida namoyon boʻladi.