Jamiyat xavfsizligi faqatgina harbiy tayyorgarliklarga tayanadimi?

 

Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik, barqarorlik va fuqarolar himoyasi masalalari nafaqat harbiy tayyorgarlik, balki chuqur tarixiy xotira va maʼnaviy barqarorlik bilan ham chambarchas bogʻliq. Ana shu yondashuv doirasida Tojikiston Respublikasi hukumati huzuridagi Favqulodda vaziyatlar va fuqarolik mudofaa qoʻmitasi delegatsiyasi Toshkentda joylashgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

 

Delegatsiyaga general-polkovnik Al-Guard Raxmonali Rajabali, general-mayor Kamolzoda Jamshid hamda polkovnik Saidiyon Nasriddin boshchilik qildi. Tashrif davomida mehmonlar Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishib, ushbu makonning jamiyat barqarorligi, maʼnaviy immunitet va fuqarolik masʼuliyatini shakllantirishdagi oʻrnini alohida taʼkidladilar.

 

 

Al-Guard Raxmonali Rajabali, Tojikiston Favqulodda vaziyatlar va fuqarolik mudofaa qoʻmitasi general-polkovnik:

 

"Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nihoyatda katta taassurot qoldirdi. Bu yerda ajdodlarimizning ilm-fan va maʼrifat yoʻlida qilgan xizmatlari yuqori qadrlanadi, shuningdek, oʻtgan asrlar va bugungi kun oʻrtasidagi bogʻliqlik juda aniq namoyon etilgan. Markaz nafaqat kelajak avlod uchun, balki hozirgi yoshlarimiz uchun ham taʼlim va tarbiya maskani boʻlib xizmat qiladi, bizning tariximiz va sivilizatsiya darajamizni oʻrgatadi. Bu muzeyni dunyodagi boshqa maskanlardan ajratib turadigan asosiy jihat — milliy yoʻnalishning kuchliligi va Markaziy Osiyoda yashagan buyuk olimlar, allomalar haqida batafsil maʼlumot berilishidir. Shu bois bu muzey biz uchun katta milliy faxr va nufuz manbai hisoblanadi.

 

Bugungi kunda Markaziy Osiyoda tinchlik va hamjihatlik, xususan, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻrtasidagi samimiy va oqilona hamkorlikka bogʻliq. Ularning doʻstlik va qarindoshlik rishtalarini mustahkamlashdagi saʼy-harakatlari tufayli xalqlarimiz oʻrtasidagi birodarlik yanada rivojlandi va mustahkamlandi. Bu esa nafaqat tarixiy, balki zamonaviy oʻzaro aloqalar va hamkorlikning mustahkam poydevorini yaratadi".

 


Xususan, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga bagʻishlangan boʻlimlar harbiy rahbarlarda katta taassurot qoldirdi. Ularga koʻra, ushbu ekspozitsiyalar orqali ilm, tartib, bilim va maʼrifat asrlar davomida jamiyat xavfsizligining asosiy ustuni boʻlib kelgani yaqqol namoyon boʻladi. 

 

Shuningdek, Qurʼoni karim zali, islom maʼnaviyati va axloqiy qadriyatlariga bagʻishlangan ekspozitsiyalar mehmonlarda inson hayoti, tinchlik va javobgarlikka oid umuminsoniy tamoyillarni yanada chuqur anglashga xizmat qildi. Delegatsiya aʼzolari mazkur meros harbiy xizmatda ham faqat jismoniy emas, balki maʼnaviy tayyorgarlikning ahamiyatini ochib berishini qayd etdilar.