Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasi: Temuriylar davri siymolari, “Vaqt devori” va yangi tarixiy loyihalar muhokama qilindi

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida "Ikkinchi Renessans davri" ekspozitsiyasidan oʻrin oladigan eksponatlar roʻyxati, faksimile va mulyajlar tayyorlash, yagona ish rejasi tuzish va yoʻl xaritasi asosida vazifalar ijrosini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.  


Shuningdek, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi rassomlar uyushmasi aʼzolari tomonidan chiziladigan suratlar, yaratiladigan haykallar, miniatyura asarlari ham koʻrib chiqildi.
 


"Bu yerda oʻttizga yaqin Temuriylar davri siymolari aks ettirilishi kerak. U “Vaqt devori” nomli devoriy surat koʻrinishida boʻladi. Mazkur miniatyuralar tarixiy faktlardan kelib chiqib chiziladi. Shuningdek, Temuriylar davridagi oqila ayollar siymosini shakllantirish boʻyicha muhokamalar olib bordik. Toʻliq maʼlumotlar kengash olimlari tomonidan taqdim etilib, ularning maʼlumotlari asosida eskizlarni yaratamiz", — dedi Behzod Hojimatov.


Muhokama davomida Amir Temur siymosini shu paytgacha shakllanganlaridan koʻra mukammal yaratish yuzasidan fikrlar bildirildi.


"Ikkinchi Renessans ekspozitsiyasida Amir Temurni faqat sarkarda emas, balki uning olimlar, shayx, orif, pirlari bilan suhbatini ekspozitsiyada aks ettirish lozim. Masalan, shoirlar bilan uchrashganda buyuk fikr va gʻoyalarni oʻrtoqlashgan. Ana shu narsalar shohbaytlar shaklida yozib qoldirilgan. 

Husayn Voiz Koshifiy va Alisher Navoiy asarlarida qalam ahli sifatida hukmdorlar, vazirlar, ulamolar, shoiru adiblarni ajratadi. Hukmdor sifatida qalam ushlab turgan Sohibqiron siymosini koʻrishni istardim", — dedi Filologiya fanlari nomzodi Burobiya Rajabova.