Islom sivilizatsiyasi markazi tarixni tushunishda muhim platforma – Xalqaro delegatsiya
Qirgʻiziston Respublikasi va xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat delegatsiya Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyalari orqali taqdim etilgan Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining uzluksiz ilmiy-maʼrifiy rivoji, Renessans davrlari hamda “Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans poydevori” gʻoyasidan muhim xulosaga kelishdi.
Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va jamoaviy hamkorlik masalalariga bagʻishlangan xalqaro tadbir ishtirokchilari — Qirgʻiziston Respublikasi hamda qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muallifligi asosida tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar.
Delegatsiya aʼzolari Markazning “Shon-sharaf” zaliga kirar ekan, u yerda 14 ta ravoqda aks ettirilgan ilm-fan taraqqiyoti, tabiiy va diniy ilmlar, shuningdek, tarixda iz qoldirgan qahramonlar obrazlari tarix va tafakkur bilan yuzma-yuz kelishdi. Toʻrt boʻlimdan iborat ekspozitsiyalar bilan tanishgan delegatsiya aʼzolarining fikricha, Birinchi Renessans davri boʻlimi orqali bu zaminda bilim, taʼlim va maʼrifat tasodifiy emas, balki asrlar davomida shakllangan tizim sifatida rivojlangani yaqqol seziladi. Qoʻlyozmalar, ilmiy meros va mutafakkirlar faoliyati mintaqa sivilizatsiyasida ilmning ustuvor oʻrin tutganini ochib bergan.
Avazxan Ormonova, Qirgʻiziston Respublikasi “Ishbilarmon tashabbuskor ayollar” jamgʻarmasi rahbari:
– Men ushbu Markazga birinchi marta tashrif buyurayapman va bu katta taassurot qoldirdi — nafaqat qiziqarli, balki tarixiy jihatdan juda boy maskan. XII–XIII asrlardan boshlab Markaziy Osiyo hududida yashagan xalqlarning tarixi toʻliq yoritilgan. Bu juda qiziqarli va taʼlimiy tajriba boʻldi. Markaz muzeyining bezagi va zamonaviyligi ham oʻziga xos, gidlarning toʻliq va batafsil maʼlumot berishi esa tashrifimizni yanada boyitdi. Har doim biz qaysi davlatga borsak, oʻsha mamlakat, xalqlarning madaniyati, anʼanalari, tarixi haqida batafsilroq maʼlumot olish uchun avval muzeylarga tashrif buyuramiz. Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu Markaz muzeyida madaniyat, anʼanalar, tarix va Yangi Oʻzbekiston zamonaviy uygʻunlikda mukammal tarzda yaqqol koʻzga tashlanadi. Bu, albatta, juda taʼsirli. Ushbu markazning Markaziy Osiyo va islom olami uchun maʼnaviy, ilmiy va sivilizatsion ahamiyati ham beqiyos. Soʻnggi asrlarda Markaziy Osiyo islom dini bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan. Bu yerda islom sivilizatsiyasi toʻliq namoyish etilgan va biz ushbu Markaz muzeyida taqdim etilgan ekspozitsiyalar oʻzimizning yurtimizda ham islom sivilizatsiyasi qanday rivojlanayotganini koʻrishda, kelajakni yaratishda ilhom beradi. Muzey nafaqat Oʻzbekistonning, balki butun mintaqaning boy merosini, ilmiy va madaniy taraqqiyotini koʻrsatadi.

Ikkinchi Renessansga oid boʻlimlar esa mehmonlarda alohida qiziqish uygʻotdi. Ular tarixiy jarayonlarning zamonaviy shaklda ifoda etilishi oʻtmishni hozirgi kun bilan bogʻlabgina qolmay, kelajakka yoʻnaltirilgan fikrlash madaniyatini shakllantirishini taʼkidladilar. Delegatsiya aʼzolariga koʻra, bu yondashuv jamiyat barqarorligi va ijtimoiy hamjihatlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tamara Duffey-Janser, Buyuk Britaniya “Saferworld” mintaqaviy dastur direktori:
– Islom tarixi va madaniyatiga bagʻishlangan ushbu muzey Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi ekanligi va islom tarixini chuqur, tarixiy ruhda hamda badiiy uslubda yoritib berilganligi meni hayratga soldi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tarix, ilm-fan va maʼrifatga boʻlgan yuksak eʼtibori markaz orqali yaqqol namoyon boʻladi. Muzey Oʻzbekiston hududida shakllangan islom va sivilizatsiya tarixini boy va mazmunli tarzda aks ettirgan. Tarixning badiiy ifodasi, turli media shakllari orqali raqamlashtirilishi va interaktiv yondashuvlar islom tarixi hamda Oʻzbekiston tarixini nafaqat qiziqarli, balki tushunarli tarzda taqdim etadi. Shuningdek, Qurʼoni karim zali, islom sanʼati namunalari va tarixiy eksponatlar bilan tanishuv jarayonida mehmonlar mazkur merosning faqat diniy yoki tarixiy emas, balki umuminsoniy qadriyatlar manbai ekanini alohida qayd etdilar. “Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans poydevori” boʻlimi esa milliy anʼanalar va zamonaviy islohotlar oʻrtasidagi izchil davomiylikni ochib berdi.
Ilya Jones, Buyuk Britaniya “Saferworld” mintaqaviy dastur menejeri:
– Oʻzbekistonning Islom sivilizatsiyasi markazi menga nihoyatda hayratlanarli va oʻziga xos maskan sifatida taassurot qoldirdi. Bu muzey axborotga boy, mavzularni keng va batafsil qamrab oladi, shuningdek, interaktiv imkoniyatlar orqali tarixning turli davrlarini jonli his qilishga yordam beradi. Bu yerda faqat matn bilan cheklanmay, videolar, interaktiv eksponatlar va turli texnologik yechimlar orqali tashrif buyuruvchilar tarixning turli bosqichlariga chuqur kirib borish imkoniga ega boʻladilar. Shu jihati bilan u boshqa shunga oʻxshash maskanlardan tubdan farq qiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tarixga boʻlgan yuksak eʼtibori ham markazda yaqqol namoyon boʻladi. Mamlakat tarixini chuqurroq anglash va uni odamlar bilan boʻlishish uchun yaratilgan imkoniyatlar tashrif buyuruvchilar uchun bebaho tajriba beradi. Bunday sarmoya natijasi muzeydagi yuqori professionallik va innovatsion yondashuvlarda oʻz aksini topgan. Markazning maʼnaviy, ilmiy va sivilizatsion ahamiyati ham beqiyos. Bu yerda tarixning bir-biri bilan chambarchas bogʻliqligi, turli sivilizatsiyalar va madaniyatlar oʻrtasidagi uzviy aloqalar yaqqol namoyon boʻladi. Mintaqa va undan ham kengroq – Yaqin Sharq hamda boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tarixiy va ilmiy aloqalarni tushunish imkoniyati mavjud. Buyuk Ipak yoʻli orqali savdo va ilmiy kashfiyotlar qanday rivojlanganini, din va fan qanday uygʻunlashganini, chuqur falsafiy tafakkur qanday shakllanganini koʻrish juda qiziqarli boʻldi. Shu omillar birlashib, markaz tashrif buyuruvchilarga boy va mazmunli tarixiy manzarani taqdim etadi.
Tashrif yakunida delegatsiya vakillarining xulosasiga koʻra, bunday maskanlar Markaziy Osiyoda tinchlik va hamkorlik muhitini qoʻllab-quvvatlashda muhim oʻrin tutadi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma