«Bu haqiqatan ham buyuk majmua» – Suma Chakraborti

 

Islom sivilizatsiyasi markaziga iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Suma Chakraborti tashrif buyurdi. Ekspozitsiyalar bilan tanishib, u markazning meʼmoriy gʻoyasi va mazmunli koʻrgazmalariga yuqori baho berdi. Oʻzbekistonning  islom sivilizatsiyasi tarixidagi oʻrni haqida toʻliq tasavvur hosil qilishda markazning ahamiyatini taʼkidladi.


Mehmon markazni faqat muzey sifatida emas, balki mintaqaning intellektual merosini zamonaviy ekspozitsiya tilida ochib beruvchi keng koʻlamli madaniy-ilmiy loyiha sifatida koʻrdi. Uning soʻzlariga koʻra, binolar dizayni, yoʻnalish va eksponatlar tanlovi mukammal oʻylangan konsepsiyadan dalolat beradi.

 

 

Suma Chakraborti, Oʻzbekiston Prezidentining iqtisodiy taraqqiyot, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi:

 

–  Menimcha, bu nihoyatda ulugʻvor inshoot. Inshootning oʻzi — uning dizayni, joylashuvi va koʻrgazma eksponatlari juda puxta oʻylangan. Bu juda katta loyiha boʻlgan, ammo u muvaffaqiyatli amalga oshirilgan, deb hisoblayman. Va bu markaz jamoatchilik uchun, ehtimol, bahor oylarida ochilgach, odamlar Oʻzbekistonning islomiy merosdagi oʻrni haqida juda aniq va toʻliq tasavvurga ega boʻlishadi. Menimcha, bu aynan loyiha oldiga qoʻyilgan asosiy maqsaddir. Madaniy jihatdan olganda, bu markaz jahon miqyosidagi inshoot boʻladi.


Ayniqsa Birinchi va Ikkinchi Renessansga bagʻishlangan boʻlimlar menga juda manzur boʻldi. Chunki ular ushbu mamlakatning tarixi va madaniyati haqida hikoya qiladi. Umid qilamanki, xorijlik mehmonlar ham bu yerga koʻproq tashrif buyuradi. Ayniqsa, mintaqa tashqarisida unchalik yaxshi tanilmagan Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari haqida koʻproq bilishlari juda muhim, deb oʻylayman.

 

Men shuni payqadimki, koʻplab eksponatlar Buyuk Britaniyadagi dilerlardan xarid qilingan. Ularning yana Oʻzbekistonga qaytib, shu yerda namoyish etilayotgani juda quvonarli holat. Avval ular koʻplab xususiy kolleksiyalarda saqlangan boʻlsa, endi jamoatchilikka birinchi marta ochiq tarzda taqdim etilmoqda. Buni koʻrish juda yoqimli boʻldi.

 

Mehmonning taʼkidlashicha, ochilishidan keyin markaz dunyo miqyosida madaniy ahamiyatga ega boʻlgan obʼektga aylanib, xorijiy mehmonlar uchun muhim joziba maydoniga aylanadi.