Polsha deputatlari Oʻzbekistonni qadimiy sivilizatsiya sifatida tan oldi

 

 

Polsha Respublikasi parlament quyi palatasining Tashqi ishlar qoʻmitasi raisi Koval Pavel boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boʻldi.

 

Mehmonlar Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyeyov tashabbusi bilan bunyod etilgan Markaz ekspozitsiyalarini  hayrat bilan kuzatdilar. Ularning soʻzlariga koʻra, Birinchi Renessans boʻlimida Movarounnahr zaminida yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar, ilmiy maktablar va qoʻlyozmalar merosi ming yillik taʼlim va ilm-fan anʼanasining qanchalik boy va uzluksizligi yaqqol namoyon etilgan. Delegatsiya aʼzolari ushbu tarixiy boylikning bugungi Oʻzbekiston taraqqiyoti va xalqning maʼnaviy asosini shakllantirganini katta qiziqish va hurmat bilan qayd etdilar.

 

 

Koval Pavel, Polsha Respublikasi parlament quyi palatasi Tashqi ishlar qoʻmitasi raisi: 

 

– Bu muzey nihoyatda noyob va oʻziga xos maskan. Men ilgari tarixni shu qadar zamonaviy uslubda, bir vaqtning oʻzida noziklik va gʻamxoʻrlik bilan namoyish etadigan obʼektni koʻrmaganman. Bu joy eng avvalo yosh avlod uchun, shuningdek, xorijdan kelgan mehmonlarga Oʻzbekistonning boy tarixi va bugungi kunini hikoya qilish maqsadida yaratilgan.

 

Menimcha, bu maskanning eng muhim xabari juda oddiy: Oʻzbekiston qadimiy sivilizatsiya sifatida, koʻplab zamonaviy Yevropa davlatlari paydo boʻlishidan avval mavjud boʻlgan madaniyatning ajralmas qismi boʻlgan. Oʻzbekiston oʻz uyida; uning fuqarolari, bu yerda yashovchi xalqlar ushbu zaminning haqiqiy egalari hisoblanadi. Aynan shu chuqur va boy diniy hamda madaniy anʼanalar asosida ular bugungi zamonaviy hayotni, bugungi voqelikni barpo etmoqdalar. Bu — eng muhim jihat.

 

Oʻylaymanki, muzeyni koʻrgan har bir inson tezda shuni anglaydi: oʻzbeklar oʻz yurtida yashamoqda va ular hech kimga hech narsani isbotlashga majbur emas. Shunchaki, oʻz anʼanalari, tarixiy merosi va qadriyatlari asosida bugungi dunyoda sodir boʻlayotgan jarayonlarga katta hissa qoʻshmoqdalar. Bu joy nafaqat tarixni namoyish etadi, balki xalqning oʻziga xosligini, mustaqilligini va madaniy merosini butun dunyoga isbotlaydi.

 

Ikkinchi Renessans boʻlimida tashkil etilgan tarixiy merosning zamonaviy taqdimoti delegatsiya aʼzolarida chuqur taassurot qoldirdi. Ularning taʼkidlashicha, mazkur ekspozitsiyalar oʻtmish va hozirgi zamon oʻrtasida uzviy bogʻliqlikni namoyon etadi va Oʻzbekistonning boy tarixi zamonaviy rivojlanish uchun mustahkam poydevor vazifasini bajaradi.

 

 

 

Shuningdek, mehmonlarni “Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans poydevori” boʻlimi, Qurʼoni karim zali va noyob tarixiy eksponatlar koʻp hayratlantirdi. Delegatsiya ushbu zamindagi madaniy anʼanalar va zamonaviy islohotlar oʻrtasidagi uygʻunlik ularda katta ehtirom uygʻotganini taʼkidladi.

 

Andjey Dixa, Polsha investitsiyalar va savdo agentligining boshqaruv raisi:

 

– Biz hozir nihoyatda goʻzal va betakror maskandamiz. Bu yerda ming yillik tarix jamlangan — buyuk insonlar tarixi, chuqur maʼnoli va ilhomlantiruvchi hikoyalar mujassam. Aynan shu tarix ushbu mamlakatning ildizi va mustahkam poydevorini tashkil etadi. Rostini aytsam, bu juda katta taassurot qoldiradi va Oʻzbekistonning naqadar kuchli tarixiy asosga ega ekanini yaqqol namoyon etadi.

 

Shu sababli ham oʻzbek xalqi mening mamlakatim — Polshada, shuningdek, butun Yevropada yaxshi tanilgan va katta hurmatga sazovor. Buning asosiy sababi — ulkan tarixiy va madaniy merosdir.

 

Bu yerda meni eng koʻp hayratga solgan jihatlardan biri — taʼlim tarixining nihoyatda qadimiyligi boʻldi. Bu yerda juda koʻp qoʻlyozmalar va yozma manbalarni koʻrish mumkin. Ular ming yillar avval ham ushbu zaminda yashagan insonlar universitetlar, kutubxonalar barpo etganini, oʻsha davrdayoq yuksak darajadagi ilm-fan va sanʼat asarlarini yaratganini yaqqol koʻrsatadi.

 

Mening fikrimcha, ana shu boy tarixiy zamin bugungi Oʻzbekiston taraqqiyotiga, xususan, Toshkent shahridagi jadal rivojlanishga bevosita taʼsir koʻrsatmoqda. Oʻtmish bilan bugun oʻrtasida uzviy bogʻliqlik mavjud. Oʻtmishda erishilgan yutuqlar bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar va rivojlanish jarayonlarida oʻz aksini topmoqda.

 

Bugun Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulot oʻsishi boʻyicha yetakchi davlatlardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda. Menimcha, bugungi muvaffaqiyatlar bevosita shu zaminda yashab oʻtgan ajdodlarning boy merosi, ularning qoldirgan kuchi va ruhiy energiyasi bilan chambarchas bogʻliq.