Nufuzli mehmonlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning ulkan va muhim tashabbusidan hayratda

 

Avvalroq xabar berganimizdek, 26 yanvar kuni Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Osiyo Olimpiya Kengashining 46-Bosh Assambleyasi doirasida xalqaro sport hamjamiyati va jahon ekspert doiralari vakillari yurtimizga tashrif buyurdilar.

 

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamrohligida qator nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari va oliy martabali mehmonlar Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, ushbu maskanda mujassam etilgan tarix, ilm-fan va zamonaviy innovatsiyalar uygʻunligining yorqin namunasi bilan yaqindan tanishdilar.


Bu galgi tashrifda Kuvayt Milliy Olimpiya qoʻmitasi Prezidenti, Osiyo Olimpiya Kengashining «Sport orqali tinchlik» qoʻmitasi raisi Shayx Fahad Nasser Saboh Al-Ahmad Al Saboh, Iordaniya Olimpiya qoʻmitasi Prezidenti, Xalqaro Olimpiya Qoʻmitasi Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi — Hazrati Oliylari Shahzoda Faysal bin Al-Hussayn, iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik boʻyicha maslahatchi Sumu Chakrabarti, Xalqaro antidoping agentligi Prezidenti Vitold Banka, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi sport vaziri, Olimpiya qoʻmitasi Prezidenti Mixail Degtyarev ishtirok etdi.

 


Eʼtiborli jihati shundaki, Markaz ekspozitsiyalari bilan kuni kecha tanishgan AQSh Prezidentining maxsus vakili — Paolo Zampoli Islom sivilizatsiyasi markaziga yana bir bor qaytdi. Bu gal oʻgʻli hamrohligida Markazga kelar ekan, bu maskanda tarix faqat namoyish etilmasdan, balki zamonaviy muzey yechimlari orqali fikr uygʻotuvchi, muloqotga chorlovchi va his etiladigan tirik muhit sifatida yaratilganiga alohida eʼtibor qaratdi. Oliy martabali mehmon shuningdek, kecha markazga tuxfa qilgan AQSh konstitutsiya kitobining maxsus vitrinaga joylashtirilganini koʻrib, bu haqida iliq taassurot va fikrlarini AQSh prezidenti Donald Trampga yetkazishini taʼkidladi. U Markazning ilmiy-maʼrifiy konsepsiyasi, tarixiy ekspozitsiyalarning mazmunan yaxlitligi hamda innovatsion texnologiyalar bilan uygʻunlashgan taʼsirchan yechimlariga yana bir bor yuksak baho berdi.

 


 


Tashrif davomida nufuzli mehmonlar, eng avvalo, Markazning Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlariga bagʻishlangan, Markaziy Osiyo ilm-fani va maʼnaviy tafakkuri taraqqiyotini aks ettiruvchi “Shon-sharaf zali” ekspozitsiyasi bilan tanishdilar. 14 ta ramziy ravoqdan iborat ushbu zalda Xorazmiy va Fargʻoniy, Imom Buxoriy va Imom Termiziy, Ibn Sino va Beruniy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Ulugʻbek Mirzo, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur hamda jadid maʼrifatparvarlar siymolari yaxlit tarixiy jarayon sifatida namoyon etilgan.
   

 

 

 


Markaz muzeyining islomdan avvalgi davr ekspozitsiyasi mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi. Bu yerda noyob qadimiy tangalar, ilk intellektual tafakkur ramzi boʻlgan qadimiy shaxmat namunasi, turli davrlarga mansub tarixiy liboslar va matolar taqdim etilgan. Ushbu eksponatlar Markaziy Osiyo hududida islomdan oldin ham yuksak madaniy muhit, rivojlangan iqtisodiy munosabatlar va chuqur fikrlash anʼanalari mavjud boʻlganini yaqqol koʻrsatadi. Ayniqsa, asl artefaktlar, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”dagi interaktiv kontentlar hamda qadimiy shahar manzilgohlari maketlarining zamonaviy uslubda taqdim etilishi tarixni his etish imkonini yaratdi.

 


Markazning Birinchi Renessans boʻlimi esa mehmonlarning alohida eʼtiboriga sazovor boʻldi. Ushbu boʻlimda tashkil etilgan 6 ta interaktiv kapsula orqali IX–XII asrlarda din va ilm bir-birini inkor etmagan, aksincha, uygʻun rivojlangani taʼsirchan tarzda ochib berilgan. Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino kabi allomalarning raqamli avatarlari orqali mehmonlar ularning ilmiy qarashlari, dunyoviy va diniy bilimga munosabati bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega boʻldilar. Bu yechim Markazni anʼanaviy muzeydan ilmiy-maʼrifiy platformaga aylantirgan.
 


 

 


Ikkinchi Renessans boʻlimi Temuriylar davrining maʼnaviy va intellektual qudratini yoritadi. Amir Temur va Temuriylar sulolasi davrida ilm-fanga davlat siyosati darajasida homiylik qilingani, allomalar, meʼmorlar va sanʼatkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar orqali Samarqand va Hirotning jahon miqyosidagi ilmiy markazlarga aylangani qoʻlyozmalar, meʼmoriy maketlar va vizual installyatsiyalar orqali namoyon etilgani barchaga katta taʼsurot qoldirdi. 


Nufuzli mehmonlar shuningdek, Uchinchi Renessans gʻoyasi Yangi Oʻzbekiston timsolida aks ettirilgan ekspozitsiyada ham boʻlishdi. Ushbu boʻlimda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ilm-fan, taʼlim, innovatsiya va ochiqlik siyosati orqali Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatida oʻz soʻzi va mustahkam oʻrniga ega boʻlib borayotgani yaqqol koʻrsatib berilgan. Mehmonlar mazkur boʻlim bugun va kelajakni bogʻlovchi maʼnaviy koʻprik sifatida Yangi Oʻzbekistonning yuksalib borayotgan qiyofasini ifodalaganini eʼtirof etishdi.

 

Shuningdek, delegatsiya aʼzolari nodir Usmon Mushafi saqlanayotgan, Qurʼon nusxalarining kamyob qoʻlyozmalari, qadimiy kitobat anʼanalari hamda islomiy xattotlik sanʼatining rivoji namoyish etilgan “Qurʼoni karim zali” bilan ham tanishdilar. Zal markazida joylashtirilgan Usmon Mushafining YuNESKOning “Jahon xotirasi” roʻyxatiga kiritilgani yuksak baholanib, uning islom sivilizatsiyasi tarixidagi muhim va ishonchli manba ekani alohida eʼtirof etildi.

 

Shayx Javʼan bin Hamad Ol Soniy, Milliy Olimpiya qoʻmitalari assotsiatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari, Qatar Olimpiya qoʻmitasi Prezidenti:

 

Bu markazda biror bir jihatni alohida ajratib koʻrsatish qiyin — hammasi nihoyatda goʻzal va puxta oʻylangan. Miloddan avvalgi uch ming yillik tarixdan boshlab bugungi Yangi Oʻzbekistongacha boʻlgan davr izchil va mantiqiy tarzda yoritilgan. Bu esa mamlakatda vaqt oʻtishi bilan qanday ulkan oʻzgarishlar yuz berganini aniq va ravshan koʻrsatib beradi. Sizlarga eng ezgu tilaklarimni bildiraman.


Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi ilk taassurotlarim juda aʼlo. Rostini aytsam, barcha maʼlumotlar shu qadar sodda, tushunarli va taʼsirli tarzda taqdim etililishini kutmagan edim. Bu menga juda katta taassurot qoldirdi. Qilingan barcha mehnatlar uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Eng avvalo Prezidentingizga, hukumatga va butun Oʻzbekiston xalqiga samimiy rahmat aytmoqchiman.


Bu markaz Prezidentingiz tashabbusi bilan barpo etilgani bejiz emas. U juda ulkan va masʼuliyatli ishni amalga oshirdi. Islom tarixi va boy merosini asrab-avaylash, uni zamonaviy, sodda va tushunarli vizual vositalar orqali keng jamoatchilikka yetkazish katta saʼy-harakat va yuksak yondashuvni talab qiladi. Bu haqiqiy oʻrganish va anglash maskani. Bu yerga kelgan har bir inson — u musulmon boʻladimi yoki yoʻqmi — tarix va madaniyatni oson anglay oladi. Bu ishlarning barchasi ortida nihoyatda katta mehnat va fidoyilik mujassam.


Mixail Degtyaryov, Rossiya Federatsiyasi sport vaziri, Rossiya Olimpiya qoʻmitasi raisi:

 

Shuni ayta olamanki, juda yoqimli taassurot ostida qoldim. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirigʻi bilan bu yerda juda katta ish amalga oshirilgan. Markaz muhabbat bilan, juda yuqori sifatda barpo etilgani yaqqol seziladi. Tarixiy jihatdan ekspozitsiya juda chuqur yoritilgan boʻlib, bu, albatta, katta hurmatga loyiq. Ishonchim komil, ushbu markaz nafaqat Oʻzbekiston aholisi, balki Toshkentga tashrif buyuradigan millionlab mehmonlar uchun ham katta qiziqish uygʻotadi.


Artefaktlar orasida menga Baqtriyaga oid, milodiy I–II asrlarga tegishli gilam ayniqsa katta taassurot qoldirdi. Bunday nodir buyumlarning saqlanib qolganini va bu yerda nihoyatda ehtiyotkorlik bilan namoyish etilayotganini hayrat bilan kuzatdim.


Ekspozitsiyalar ichidan esa, muhandis boʻlganim sababli, Mirzo Ulugʻbekning astronomiya va fundamental ilm namoyandasi sifatidagi faoliyatiga bagʻishlangan boʻlim menga eng koʻp yoqdi. Chunki oʻsha davrda Yevropada odamlar oddiy gigiyena tushunchalaridan bexabar boʻlgan bir paytda, Osiyoda allaqachon yulduzlar kuzatilib, ilm-fan yuksak darajada rivojlangan edi.


Sport mavzusiga kelsak, biz har doim xalqaro maydonda Oʻzbekiston sportchilarini qoʻllab-quvvatlaymiz. Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston terma jamoasini futbol boʻyicha jahon chempionatiga chiqqani bilan tabriklayman.


Umuman olganda, sport sohasida anʼanalar juda yaxshi shakllangan. Rossiya va Oʻzbekiston sportchilari muntazam ravishda birgalikda mashgʻulotlar oʻtkazmoqda, tajriba almashuvi yoʻlga qoʻyilgan. Bu hamkorlik bundan buyon ham kengayib boradi, deb ishonaman, oʻzbekistonlik sportchilarga esa katta muvaffaqiyatlar tilayman.

 

Majid Rashid, Osiyo Paralimpiya qoʻmitasi prezidenti

 

Rostini aytsam, hozir his-tuygʻularimni ifodalash uchun soʻz topish qiyin. Bu yerda koʻrganlarim va guvoh boʻlganlarimdan nihoyatda hayratdaman, juda ajablandim va butun qalbim bilan juda xursandman. Ochigʻini aytaman, men dunyoning hech bir joyida bunga oʻxshash maskanni koʻrmaganman.


Bu joy juda puxta rejalashtirilgan, juda mukammal yaratilgan, juda yaxshi tashkil etilgan va nihoyatda batafsil ishlab chiqilgan. Bu yerda islom tariximiz, Oʻzbekistonning boy tarixi va sivilizatsiyasi juda chuqur va aniq yoritilgan.


Shu oʻrinda, barchaning nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylariga chuqur minnatdorlik bildiraman, shuningdek, ushbu loyiha ustida mehnat qilgan barchaga rahmat aytaman. Menimcha, bu markaz faqat Oʻzbekiston uchun emas — butun dunyoda islomning asl mohiyatini bilishni istaganlar uchun asosiy manzilga aylanadi.


Markazda Birinchi renessans boʻlimida asl Kisvani koʻrganimda his-tuygʻularim juda kuchli boʻldi. Hatto oʻrnimdan sakrab turib, unga qoʻlimni tekkizgim keldi. Bu shunchaki bir buyumni koʻrish emas — asl Kisva bevosita koʻz oldingizda turibdi. Bundan tashqari, Maqomi Ibrohimning tarixiy yopqichi va Kisva ham asl holida shu yerda namoyish etilganini koʻrdik.


Bu yerda buyuk islom olimlari va faylasuflari — Xorazmiy, Ibn Sino, Forobiy, shuningdek, hadis ilmining ulugʻ namoyandalari Buxoriy va Termiziylarning merosi ham chuqur yoritilgan. Bu — butun dunyoga algebra nima ekanini, til va fazo ilmlari nima ekanini oʻrgatgan, sunʼiy yoʻldoshlarsiz, kompyuterlarsiz, hech qanday zamonaviy yordamchisiz globus yaratgan buyuk zotlar haqida hikoyadir.


Shu bois, menimcha, bu maskan bugun islom tarixining asosiy markaziga aylangan.


Sport masalasiga kelsak, Dubayda boʻlib oʻtgan Osiyo yoshlar Paralimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston juda yosh jamoa bilan qatnashib, barchani hayratda qoldirdi. Ular juda shijoatli, qalbida kuchli energiya bor sportchilar. Natijada, sportchilari soni koʻp va tajribasi katta boʻlgan davlatlarni ortda qoldirib, birinchi oʻrinni egallashdi. Bugun Oʻzbekiston oʻzining strategik rejalari samarasini koʻryapti. Bu — barqaror tizim, amaliy harakat va real natijadir.


Men alohida taʼkidlashni istardim: Prezident Shavkat Mirziyoyevning qoʻllab-quvvatlovi juda muhim. Men uni xalq uchun, ayniqsa nogironligi boʻlgan insonlar uchun otaday mehribon inson, deb atay olaman. Bu qoʻllab-quvvatlash oilalarni ruhlantiradi, yoshlarni ilhomlantiradi va barchani yetakchi oʻrinlarga intilishga undaydi.


Bu yil Nagoyada boʻlib oʻtadigan Osiyo oʻyinlariga qanday tayyorgarlik koʻrilayotganini aniq bilmayman, ammo ishonchim komil — kelajak Oʻzbekistonniki. Oʻzbekiston Paralimpiya harakati juda muvaffaqiyatli va fidokorona ishlamoqda.


Albatta, Oʻzbekiston Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalarining birgalikdagi saʼy-harakatlari ham yaqqol koʻrinib turibdi. Men bu yerda juda yorqin va porloq kelajakni koʻryapman.

 

Fahad Nasser Al-Sabah, Quvayt Olimpiya qoʻmitasi raisi:

 

– Avvalo, Quvayt Olimpiya qoʻmitasi nomidan ushbu Islom muzeyidagi ajoyib ekskursiya uchun chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman. Biz Olimpiya shahrini ham koʻrdik. Bilasiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev tufayli Oʻzbekistonning madaniyati va sivilizatsiyasi naqadar boy ekanini namoyish etish uchun barcha saʼy-harakatlar amalga oshirilgan.


Shu bois, Quvayt Olimpiya qoʻmitasi nomidan sizlarga katta rahmat aytaman. 


Markazda koʻrilgan barcha jihatlar islomiy mamlakatlar bilan oʻzaro uzviy bogʻlangan. Bu yerda joylashgan Qurʼon, bilasiz, chinakam sanʼat asari. Bino, Qurʼon, atrofimizdagi gilamlar — barchasi nihoyatda goʻzal.

 

Paolo Zampolli, AQSh Prezidentining maxsus vakili: 

 

Bu yerda meni eng koʻp hayratga solgan narsa, shubhasiz, muqaddas Qurʼoni karim boʻldi. Uni sentabr oyida koʻrish sharafiga muyassar boʻlgan edim. Kecha delegatsiya aʼzolari bilan ham kelgandim. Bugun yana qaytib keldim va endigina yetib kelgan oʻgʻlimga ham uni koʻrsatishni istadim. Bu men uchun juda noyob va qadrli holat boʻldi.


Umuman olganda, Islom sivilizatsiyasi markazi nihoyatda taʼsirli maskan. Menimcha, har safar Toshkentga kelganimda bu yerga albatta tashrif buyuraman. Boshqalarga ham shuni tavsiya qilaman: Toshkentga kelishning oʻziyoq arziydi, ammo hech boʻlmaganda shu markazni koʻrish uchun albatta kelish kerak. Oʻzbekiston juda chiroyli mamlakat, bu markazda amalga oshirilgan ishlar esa nihoyatda puxta, yuksak saviya va katta masʼuliyat bilan bajarilgan. U menda juda katta taassurot qoldirdi.


Shu munosabat bilan Prezident janoblariga, ushbu markazni qoʻllab-quvvatlayotgan barcha insonlarga va bu yerda fidokorona faoliyat yuritayotgan jamoaga chuqur minnatdorligimni bildiraman.


Prezident Shavkat Mirziyoyevning faoliyatiga baho berar ekanman, aytishim mumkinki, u tinchlikparvar, yuksak insoniy qadriyatlarga ega va kelajakni oʻylaydigan rahbardir. U bolalar va kelajak avlod taqdiri haqida qaygʻuradi, insonlarni birlashtira oladi va Oʻzbekistonni chin dildan sevadi. Uning asosiy maqsadi — mamlakatni jahon maydonida munosib oʻringa olib chiqishdir.


Biz birgalikda Boeing kompaniyasi bilan bogʻliq muhim kelishuvlar ustida ham ishladik. Natijada Oʻzbekistonda koʻplab yangi samolyotlar paydo boʻladi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyo uchun Istanbul va Dubay singari yirik aviaportga aylanish imkoniyatiga ega, va biz aynan shu yoʻnalishda samarali hamkorlik qilmoqdamiz.

 

Vitold Banka, Xalqaro antidoping agentligi Prezidenti:

 

Rostini aytsam, bu maskanning naqadar yuksak saviyada tashkil etilganidan chin dildan hayratlandim. Bu Prezident janobi oliylarining ulkan tashabbusi, mamlakat va xalq uchun bebaho sovgʻa, sayyohlar uchun esa nihoyatda jozibali va qiziqarli maskan boʻladi. Ishonchim komilki, bu yerga kelajakda millionlab sayyohlar tashrif buyurishni istaydi.


Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilishidan avval uni koʻrish imkoniga ega boʻlganimdan chuqur faxrlanaman. Ushbu markazni barpo etish yoʻlida tinimsiz mehnat qilgan barcha mutaxassislarni — quruvchilarni, muhandislarni va, albatta, bunday yuksak gʻoyani ilgari surgan Prezidentingizni samimiy tabriklayman.


Shuningdek, Oʻzbekiston sport sohasida katta ambitsiyalarga ega davlat ekanini alohida taʼkidlamoqchiman. Yirik sport musobaqalarini oʻtkazish, muhim xalqaro tadbirlarga mezbonlik qilish borasida mamlakat tobora faol boʻlib bormoqda. Bugun bu yerda boʻlib turganimning oʻziyoq Oʻzbekistonning global sport maydonidagi oʻrni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.