«Bu yerda tarixni chin maʼnoda his qildik» — Belarus IIV rahbarlarining taassuroti

 

Belarus Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlari rahbar xodimlari Toshkentga ilk tashrifi chogʻida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev gʻoyasi asosida tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanishib, bu maskanni insoniyat tarixini “his qilish mumkin boʻlgan makon” sifatida baholadilar. Qadimiy sivilizatsiyadan tortib islom Renessansi va Yangi Oʻzbekiston davrigacha boʻlgan jarayonlarni izchil aks ettirgan ekspozitsiyalar, zamonaviy texnika va interaktiv yechimlar mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi. Belarus IIV rahbarlari Markazga tashrif tarixni tomosha qilish emas, balki uni his etish imkonini berganini alohida taʼkidladilar.

 

 

 

Roman Romanchuk, Belarus Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Mogilyov instituti boshligʻi, militsiya polkovnigi:

 

“Bu yerda biz qadimiy sivilizatsiya, beqiyos boy madaniyat va tarix bilan yuzma-yuz keldik. Tarixga shoʻngʻish, uni his etish va anglash men uchun juda katta taassurot boʻldi. Eksponatlar juda koʻp, texnik imkoniyatlar esa oʻsha davr ruhini toʻliq yetkazib beradi. Bu yerda tarixni chin maʼnoda his qildim. Prezidentingizning bu tashabbusi tahsinga loyiq”

 

 

Anatoliy Safonovich, Belarus Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoʻriqlash departamenti boshligʻi oʻrinbosari, mafkuraviy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash boshqarmasi boshligʻi:

 

“Bu markaz menda juda katta taassurot qoldirdi. Taqdimot uslubi va interaktiv imkoniyatlar orqali koʻplab yangi maʼlumotlarga ega boʻldim. Amir Temur shaxsiyatiga bagʻishlangan boʻlim menda eng kuchli taassurot qoldirdi. Uni davri va faoliyatini aks ettiruvchi artefaktlar bilan birga interaktiv tarzda koʻrish butunlay boshqacha tuygʻu uygʻotdi”.