Markaziy Osiyoda davlat qanday qurilgan?
Markaziy Osiyo tarixida XVI asrdan XIX asr oxirigacha hukm surgan Xonliklar davri faqat tarix emas, mukammal sivilizatsiya maktabi. Bozor, madrasa va toʻgʻon qurilishlari kabilar xonliklar davri taraqqiyotining tayanchlari hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va muallifligi asosida bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ana shu tarixiy jarayon bilan alohida va batafsil tanishish imkoniyati bor.
Markaziy Osiyo tarixida XVI asrdan XIX asr oxirigacha hukm surgan Xonliklar davri (Shayboniylar, Ashtarxoniylar, Mangʻitlar, Qoʻngʻirotlar, Minglar culolasi) faqat siyosiy boshqaruv bosqichi emas, balki jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olgan keng koʻlamli sivilizatsion jarayon sifatida namoyon boʻladi. Ayniqsa, Shayboniylar sulolasi hukmronligi davrida davlat boshqaruvi, ilm-fan, shaharsozlik va savdo tizimi oʻzaro bogʻliq holda rivojlandi. Bu davrda xonlik mukammal ijtimoiy-iqtisodiy tizim sifatida shakllandi.
Ana shu tarixiy jarayonlarning eng yorqin ifodasi Shayboniylar sulolasining yirik va nufuzli hukmdori — Abdullaxon II hukmronligi davrida yaqqol koʻzga tashlanadi. Uning davrida sivilizatsiya tushunchasi faqat madaniyat bilan cheklanmay, ilm-fan, bunyodkorlik, shaharsozlik, savdo-sotiq va suv xoʻjaligini qamrab olgan yaxlit tizim sifatida rivojlangan.
Abdullaxon II davrida ilm-fan va maʼrifat davlat siyosatida ustuvor yoʻnalishga aylandi. Hukmdor tomonidan madrasalar qurdirildi, mavjud taʼlim maskanlari taʼmirlandi, masjidlar va diniy-maʼrifiy inshootlar barpo etildi. Bu esa jamiyat hayotida ilm ahli va maʼrifat egalariga boʻlgan yuksak ehtiromni koʻrsatadi.
Abdullaxon II poytaxt Buxoro shahriga alohida eʼtibor qaratdi. Shaharni obodonlashtirish, taʼmirlash va yangi qurilish ishlari izchil amalga oshirildi. Samarqand shahri ham eʼtibordan chetda qolmadi, u yerda ham bunyodkorlik ishlari olib borildi. Shuningdek, boshqa markaziy shaharlar ham taʼmirlanib, qayta obod etildi.

Bu davrda Buxoroda Abdullaxon II timi barpo etildi. U Oʻrta Osiyodagi yagona usti yopiq bozor boʻlib, savdo-sotiqning yil davomida uzluksiz olib borilishiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, shaharda yettita savdo toqi qurilib, ular muayyan ixtisoslashuv asosida faoliyat yuritdi.
Jumladan, Toqi Sarrofon pul ayirboshlash markazi sifatida ishlab, turli hududlardan kelgan savdogarlarga oʻz valyutalarini qonuniy tarzda ayirboshlash imkonini bergan. Toqi Telpakfurushon bosh kiyimlar savdosiga, Toqi Zargaron esa zargarlik buyumlari savdosiga ixtisoslashgan. Bozorlarning bunday tartibli va ixtisoslashgan holda tashkil etilishi savdo madaniyatining yuksak darajada shakllanganini koʻrsatadi.

Bu savdo maskanlaridan biri Toqi Zargaron bugungi kunda Buxoroda “Abdulloh Xon bozori” nomi bilan mashhur sayyohlik maskani boʻlib, unda asosan suvenir doʻkonlari va antiqa buyumlar, suvenirlar va idish-tovoq, kiyim-kechak, tangalar, zargarlik buyumlari, haykalchalar, gilamlar, kitoblar, musiqa asboblari, rasmlar va boshqa xalq hunarmandchiligi buyumlari sotadigan rastalar joylashgan. Bozor binosi Buxoroning tarixiy markazida Abdulaziz Xon madrasasi yonida, Poi-Kalon ansamblidan 50 metr sharqda joylashgan.
Binoning tashqi bezaklari va yozuvlari bugungi kungacha saqlanib qolmagan. 20 asrning oʻrtalariga qadar u kundalik buyumlar va buyumlarni sotadigan oddiy bozor boʻlib xizmat qilgan va bu uni Buxoroning asosiy yopiq bozorlaridan biriga aylantirgan. Yopiq bozor binosi anʼanaviy fors uslubida qurilgan va Tehron, Isfahon, Sheroz, Tabriz va Mashhad kabi qadimgi Eron shaharlaridagi oʻxshash anʼanaviy yopiq bozorlardan farq qilmaydi.

Abdullaxon II faoliyatida dehqonchilik va chorvachilikka ham alohida eʼtibor qaratilgan. Ayniqsa, suv resurslarini boshqarish davlat miqyosida hal etilgan muhim masalalardan biri boʻlgan. Nurota hududida yashovchi aholi suvsizlikdan aziyat chekib murojaat qilgach, hukmdor tashabbusi bilan maxsus suv ombori qurdirilgan.
Tarixda Abdullaxon II bandi nomi bilan mashhur boʻlgan ushbu inshoot Nurota dehqonlarini yoz mavsumida suv bilan taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etgan. Manbalarga koʻra, bu suv ombori qariyb 300 yil davomida mahalliy aholiga xizmat qilgan. Inshoot suvni tartibli ushlab turish orqali suv toshqinlari va turli talofatlarning oldini olishga ham xizmat qilgan.
Ushbu yodgorlikda taniqli arxeolog Yahyo Gʻulomov tomonidan ilmiy tadqiqot ishlari olib borilgan. Tadqiqotlar natijasida toʻgʻon qurilishida qoʻllangan qotishmalar oʻz davri uchun nihoyatda mustahkam va ilgʻor muhandislik yechimi ekani aniqlangan. Bu holat xorijiy, jumladan, yevropalik olimlar tomonidan ham eʼtirof etilgan.
Dilnoza Jamalova, tarix fanlari doktori, professor:
– Abdullaxon II davrida sivilizatsiya bir yoʻnalishda emas, balki ilm-fan, shaharsozlik, savdo va suv xoʻjaligi uygʻunligida rivojlangan. Ayniqsa, Abdullaxon II bandi oʻz davrining muhandislik tafakkuri va aholi ehtiyojlariga asoslangan davlat siyosatini yaqqol namoyon etadi.
Ayni paytda bu tarixiy jarayon Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Xonliklar boʻlimida Shayboniylar sulolasi, xususan, Abdullaxon davri sivilizatsiyasini ochib beruvchi ekspozitsiyada yoritilmoqda va markazga tashrif buyurgan mehmonlarda mazkur davrning ilmiy, iqtisodiy hamda muhandislik salohiyati haqida yaxlit tasavvurni shakllantiradi.
Goʻzal Beknazarova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma