Qalam, yozuv va harflar “tilga kirgan” ekspozitsiya!
XIV–XV asrlarda Markaziy Osiyoda yozuv oddiy hujjat emas, balki maʼnaviyat va tafakkurni ifoda etuvchi sanʼatga aylangan. Qalam uchida ilm, siyohda maʼnaviyat, xatlarda esa butun bir sivilizatsiya yashiringan. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etilayotgan mazkur davrga oid xattotlik eksponatlari ajdodlarimizning yuksak tafakkuri va badiiy dididan soʻzlaydi.
XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asrda Markaziy Osiyo, xususan Movarounnahr va Xuroson hududlarida ilm-fan, adabiyot va meʼmorchilik bilan bir qatorda xattotlik sanʼati ham yuksak taraqqiyot bosqichiga koʻtarildi. Yozuv oddiy axborot vositasi emas, balki badiiy tafakkur, estetik did va maʼnaviy kamolotni aks ettiruvchi mukammal sanʼat turiga aylandi.
Xattotlar Qurʼon nusxalari, hadis toʻplamlari, ilmiy va tarixiy asarlarni nafaqat mazmun, balki shakl va uslub jihatidan ham yuksak mahorat bilan bitishdi. Nasx, suls, muhaqqaq, nastaliq kabi xat turlari takomillashib, xattotlik maktablari shakllandi va ularning anʼanalari asrlar davomida saqlanib keldi.

Xattotlik sanʼatining rivojida maxsus asbob-uskunalar muhim oʻrin tutdi. Qalam, qalamdon va siyohdon nafaqat amaliy ehtiyojni qondirgan, balki oʻsha davrning estetik qarashlari, hunarmandchilik mahorati va maʼnaviy dunyoqarashini oʻzida mujassam etgan. Qamish, bambuk yoki anor shoxidan yasalgan qalamlar har bir xat uslubiga moslab tayyorlangan. Qalam xattot qoʻlida fikr va maʼnaviyatni qogʻozga koʻchiruvchi nozik vosita sifatida qadrlangan.
Qalamdonlar yogʻoch, metall yoki sopoldan yasalib, naqqoshlik va yozuvlar bilan bezatilgan boʻlib, xattotning ijtimoiy mavqei va badiiy didini namoyon etgan. Siyohdonlar esa siyohni saqlash va uning sifatini taʼminlashga xizmat qilgan, maxsus retseptlar asosida tayyorlangan siyohning bardavomligi aynan shu idishlar orqali taʼminlangan.
Ekspozitsiyada Fotiha surasi oyatlarining keltirilishi ramziy ahamiyatga ega. Islom madaniyatida Fotiha rahmat, hidoyat va maʼnaviy yoʻl koʻrsatuvchi duo sifatida qabul qilinadi. Shu bois u ilm va maʼrifatga chorlovchi sivilizatsiya gʻoyalarining maʼnaviy muqaddimasi sifatida talqin etilgan.
— XIV–XV asrlar xattotlik sanʼati Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi taraqqiyotining yorqin ifodasi boʻlib, u ilm-fan, maʼnaviyat va sanʼatning uygʻunligini aks ettiradi. “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori”da namoyish etilayotgan eksponatlar buyuk ajdodlarimizning ilmiy merosi va badiiy tafakkurini bugungi avlodga yetkazuvchi muhim koʻprikdir, — deydi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi, xattot Habibulloh Solih.
Ekspozitsiyada keltirilgan matnlar ham chuqur maʼnaviy mazmunga ega. Xususan, Alisher Navoiyning insonparvarlik, adolat va maʼnaviy masʼuliyat haqidagi mashhur misralari sivilizatsiyaning asosiy qadriyatlarini ifodalovchi ramz sifatida namoyon etilgan:
Odami ersang demagil odami,
Onikim yoʻq xalq gʻamidin gʻami.
Bu misralarda inson qadri jamiyat oldidagi masʼuliyati bilan oʻlchanishi taʼkidlanadi. Shuningdek, adolat, insof va iymon haqidagi misralar islom sivilizatsiyasida ilm-fan va maʼnaviyatning uzviy bogʻliq ekanini ochib beradi.
Bugun ushbu xattotlikka oid eksponatlar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” ekspozitsiyasidan munosib oʻrin olgan.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma