Eronda saqlanayotgan Temuriylar Qurʼoni faksimilesi Oʻzbekistonda!

 

 

Yangi Oʻzbekistonda milliy va islomiy merosni asrab-avaylash, uni ilmiy asosda oʻrganish hamda jahon jamoatchiligiga munosib taqdim etish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Ana shu ezgu maqsad yoʻlida Prezident tashabbusi bilan bunyod etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat tarixiy xotirani saqlash, balki uni zamonaviy ilmiy va maʼrifiy mazmunda qayta tiklashga xizmat qilmoqda. 

 

Markaz tashabbusi bilan yurtimiz tarixi va maʼnaviyatiga daxldor boʻlgan noyob qoʻlyozmalarni izlab topish, oʻrganish va ularning faksimil nusxalarini yaratish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Shu yoʻnalishda Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan amalga oshirilgan «Oʻzbekistonga oid 114 Qurʼon qoʻlyozmasi» loyihasi alohida ahamiyat kasb etadi. Loyiha doirasida dunyoning turli mamlakatlarida saqlanayotgan, Oʻzbekiston tarixi bilan uzviy bogʻliq boʻlgan 114 ta nodir Qurʼon qoʻlyozmasi tanlab olindi va ular asosida ramziy maʼnoga ega boʻlgan faksimile Qurʼon nashr qilindi. Bu tashabbus Qurʼoni karimdagi 114 ta suraning maʼnaviy uygʻunligini oʻzida mujassam etgani bilan ham oʻziga xosdir.

 

Ushbu loyihada Temuriylar davrida koʻchirilgan Qurʼon qoʻlyozmalari, ayniqsa, Ibrohim Sulton Qurʼoni alohida oʻrin tutadi. Ibrohim Sulton — Sohibqiron Amir Temurning nabirasi, Shohrux Mirzoning oʻgʻli boʻlib, u tarixda nafaqat davlat arbobi, balki ilm-fan, adabiyot va sanʼatning yirik homiysi sifatida ham nom qoldirgan.

 

 

Ibrohim Sulton tomonidan koʻchirilgan Qurʼoni karim . XV asr. Muhaqqaq xati, faksimile. Eron Milliy kutubxonasi hadyasi.

 

Manbalarga koʻra, Ibrohim Sulton Amir Temur va Shohrux Mirzo anʼanalarini davom ettirgan holda olimlar, shoirlar, xattotlar va rassomlarni qoʻllab-quvvatlagan. Davlatshoh Samarqandiy, Mirxond, Fasih Havofiy hamda Abdurazzoq Samarqandiy asarlarida bu jarayonlar haqida qimmatli maʼlumotlar uchraydi.

 

Ibrohim Sulton saroyida Firdavsiyning «Shohnoma»si, Nizomiyning «Iskandarnoma»si, Jaloliddin Rumiyning «Masnaviyi maʼnaviy» asari, Shayx Saʼdiy «Kulliyot»i hamda Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma»si kabi noyob asarlar koʻchirilgan. Uning tashabbusi bilan hadis ilmiga oid manbalar, jumladan, Imom Buxoriyning «Al-Jomeʼ as-sahih» asari ham qayta nusxalangan.

 

-Ibrohim Sulton qalamiga mansub Qurʼon qoʻlyozmalaridan biri hijriy 830 yil ramazon oyida (1427 yil) koʻchirilgan boʻlib, bugungi kunda Nyu-Yorkdagi Metropolitan Museum of Art fondida saqlanadi. Ushbu mushaf Temuriylar davri kitobat sanʼatining eng nodir namunasi sifatida eʼtirof etilgan,- dedi Filologiya fanlari doktori, professor Aftondil Erkinov. 

 

Ikki jilddan iborat mazkur Qurʼon juda nafis nasx xatida, har sahifada 10 qatordan yozilgan. Matn oltin va koʻk ranglarda bezatilgan, oyatlar zarhal aylanalar bilan belgilangan. Qoʻlyozmaning muqovasi toʻq qizil charmdan ishlangan boʻlib, ichki bezaklari yuksak badiiy mahorati bilan ajralib turadi.

 

Soʻnggi yillarda ushbu noyob mushafning toʻliq faksimile nusxasini yaratish boʻyicha keng qamrovli ilmiy va texnik ishlar amalga oshirildi. Har bir sahifa yuqori aniqlikda raqamlashtirilib, xat uslubi, ranglar, qogʻoz tuzilishi va sahifalar ketma-ketligi ilmiy asosda qayta tiklandi. Natijada Ibrohim Sulton Qurʼonining mukammal faksimil nashri yaratildi.

 

Durdona Rasulova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin