“Fan va ilm aynan shu zamindan boshlangan” — AQSh delegatsiyasining Islom sivilizatsiyasi markazidagi taassurotlari

“Bu markaz orqali fan va ilmning boshlanishi aynan Oʻzbekiston hududida yuz berganini anglashimiz mumkin” – dedi AQShda Iso Masihning oxirgi kun avliyolari cherkovi rahbari Jek N. Jerard.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga AQShning Iso Masihning oxirgi kun avliyolari cherkovi vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlar markazning barcha boʻlimlari bilan yaqindan tanishib, eksponatlar va interaktiv loyihalarni oʻrganish imkoniga ega boʻldilar.
Ushbu delegatsiya 2025 yilning oktabr oyida ham Markazga tashrif buyurgan. Navbatdagi tashrifda delegatsiya aʼzolari Markaz muzeyining Birinchi Renessans boʻlimida joylashtirilgan Imom Buxoriy majmuasi maketiga katta qiziqish bildirishdi.


Ikkinchi Renessans boʻlimida mehmonlar Temuriylar davri bilan yaqindan tanishib, ayniqsa interaktiv panellarni katta qiziqish bilan kuzatishdi. Shohrux Mirzo va Boysungʻur Mirzo zalida Gavharshod begim obrazi orqali yaratilgan audio taqdimot mehmonlarni hayratga soldi. Sunʼiy intellekt orqali oʻzbek tilida jonlantirilgan audio loyiha yuqori saviyada ishlanganligini eʼtirof etishdi.
Shuningdek, mehmonlarning eʼtiborini Qoʻqon xoni qilichi, Boburiylar davriga oid Qurʼoni karim oyatlari bitilgan libos va Bibixonim libosi oʻziga tortdi.
Yangi Oʻzbekiston – yangi Renessans poydevori boʻlimida esa mehmonlar Yangi Oʻzbekiston mahallasi maketi qiziqish bilan koʻzdan kechirdilar. Bu hudud ularga maʼqul kelib, zamonaviy yondashuv va mazmun bilan uygʻunlashtirilganini yuqori baholashdi.
Iso Masihning oxirgi kun avliyolari cherkovi rahbari Jek N. Jerard taassurotlari bilan boʻlisharkan shunday dedi:
“Islom sivilizatsiyasi markazi juda goʻzal maskan. Bu bizga dunyoning ushbu qismi tarixi, xususan, Oʻzbekistonning butun mintaqadagi roli haqida koʻp narsani oʻrganish imkonini berdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yerda qilgan ishlar haqiqatan ham dunyoga katta hissa qoʻshgan ajoyib loyihadir.
Bu markaz orqali fan va ilmning boshlanishi aynan Oʻzbekiston hududida yuz berganini anglashimiz mumkin. Texnologiya, interaktiv ekranlar va audio materiallar orqali qadimgi dunyoni yoshlar ham oson tushunadi, bu esa bolalar uchun ayniqsa foydali.”

Delagatsiya aʼzosi Pol Pikard ham oʻz taassurotlarini quyidagicha izhor etdi:
“Biz qadimiy davrlardan tortib zamonaviy davrlargacha boʻlgan tarixni koʻrdik, Birinchi, Ikkinchi Renessans davrlaridan oʻtib, hozirgi Oʻzbekiston ekspozitsiyasini ham koʻrdik. Eng ajablanarlisi shundaki, markaz yoshlarni bilim olishga chaqirish gʻoyasini kuchli aks ettirgan. Sunʼiy intellekt va interaktiv texnologiyalar orqali mehmonlar qadimgi olimlarga savol berish va bilimlarni jonli oʻrganish imkoniga ega boʻlishadi.”
Delegatsiya aʼzolarini eng koʻp hayratlantirgan ekspozitsiya bu Qurʼoni karim zali. Zalning beqiyos haybati va aynan noyob Qurʼoni karim uchun maxsus barpo etilgani yuqori baholandi. Shuningdek, Portugaliya pushti marmarlari zalga yanada koʻrk va fayz qoʻshganligi alohida taʼkidlandi.
Yakunda ular Prezident Shavkat Mirziyoyevga bu ulugʻvor loyiha uchun minnatdorlik bildirishdi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma