10 ming misradan ortiq sheʼrni oʻz ichiga olgan devonning faksimile nusxasi tayyorlanadi
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan yana bir muhim ilmiy-medialoyiha – “Amir Umarxon davrida ijod qilgan adiblar”, shuningdek uning devoni faksimileni tayyorlash rejalashtirilmoqda.
Amir Umarxon Qoʻqon xoni boʻlishi bilan birga shoir sifatida ham ijod qilgan. U Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy, Bedilni oʻziga ustoz sanab, ulardan ijod sirlarini oʻrgangan, ularga ergashib ijod qilgan, gʻazallariga muxammaslar bogʻlagan. Aruzning turkiy adabiyotda mashhur, xalq ijodida ham keng tarqalgan yengil va oʻynoqi vaznlaridagina yozilgan bu sheʼrlarning barchasi ishqu muhabbat mavzuida.
Oʻzbek va fors-tojik tilidagi sheʼrlarini toʻplab, devon tartib bergan. Devon gʻazal, muxammas, musaddas, tuyuq janrlaridagi 10 ming misradan ortiq sheʼrni oʻz ichiga olgan. Uning ijodiy merosini chuqur oʻrganish nafaqat tarixiy haqiqatlarni tiklash, balki bugungi maʼnaviy hayotimizni yanada yuksaltirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur medialoyiha orqali Amir Umarxon (1787–1822) hukmronligi davrida yashab ijod qilgan adiblar, ularning ilmiy-maʼnaviy faoliyati, asarlari va tarixiy ahamiyati chuqur oʻrganiladi. Ayniqsa, oʻsha davrga oid yozma manbalar, tarixiy hujjatlar, qoʻlyozmalar va boshqa daliliy asoslar tadqiq qilinadi. Natijada ilmiy ishlanmalar tayyorlanib, ular asosida Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasi boyitiladi.
Bundan tashqari, loyiha doirasida multimediyaviy kontentlar – video lavhalar, maqolalar, infografikalar va ijtimoiy tarmoqlar uchun maxsus materiallar tayyorlanadi. Bu esa jamoatchilikka, xususan, yosh avlodga Amir Umarxon davridagi adabiy muhitni yanada yaqinroq tanishtirish imkonini beradi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
