Oʻzbekistonning xorijdagi 60 ga yaqin elchilari va konsullari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurishdi

Maʼlumki, 2026 yil 15 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi ishtirokchilari va diplomatik korpus vakillari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar.
Mehmonlarni Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov kutib olib, mazkur majmuaning yaratilish gʻoyasi, unda mujassam boʻlgan tarixiy, ilmiy va maʼnaviy meros haqida batafsil maʼlumot berdi:
“Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining muhtasham binosi hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning muallifligi, shaxsiy tashabbusi va gʻoyalari asosida barpo etildi.
Davlatimiz rahbari ushbu ulkan loyihaning nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Islom olami va Markaziy Osiyo uchun strategik ahamiyatga ega ekanini inobatga olgan holda, qurilish jarayonini shaxsan nazorat qilib bordilar. Markazning nafaqat tashqi mahobati, balki ichki mohiyati ham bir biriga hamohang yuqori maʼnaviy platforma boʻlishini vazifa qilib qoʻyganlar. Bu borada esa sizlarning koʻmagingiz muhim vosita boʻldi.
Hurmatli Prezidentimizning bevosita tashabbuslari va topshiriqlari asosida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi elchixonalar hamda ularning barcha xodimlari amaliy koʻmagi bilan butun dunyodan artefaktlarni yurtimizga qaytarish amalga oshiryapmiz.
2025 yilda ana shu saʼy-harakatlar natijasida xorij mamlakatlaridan 2000 ga yaqin artefaktlar, qoʻlyozmalar yurtimizga olib kelindi va Markaz ekspozitsiyasida joylashtirildi. Albatta, bu jarayonda xorijdagi elchixonalar va u yerda faoliyat yuritayotgan har bir xodimlarning juda katta hissalari bor. Bu amaliy koʻmak uchun Tashqi ishlar vazirligiga, har bir elchixonaga va u yerda ishlayotgan xodimlarga chin qalbimizdan minnatdorchilik bildiramiz.
Joriy yilda ham bu boradagi ishlarni yanada kengaytirish, Markaz kontetini boyitishda madaniy merosimizning noyob durdonalarini topish va ularni yurtimizga qaytarish hamda ommalashtirish boʻyicha ham bir qator maqsadlar belgilab olingan. Albatta Islom sivilizatsiyasi markazi haqida dunyoga tushuntirib berish, qolaversa, mana shu xayrli ishlarni davom ettirish, buyuk mutafakkirlarimiz kashfiyotlari, ilmiy meroslarini, buyuk madaniy merosimizni targʻibot-tashviqot qilish yoʻlida birgalikda ishlaymiz. Bu borada hamkorlikdagi faoliyatimizni yangi bosqichga olib chiqishga harakat qilamiz”.
Mehmonlar dastlab Markazning “Shon-sharaf zali” hamda binoning betakror meʼmoriy yechimlari bilan tanishdilar. Buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosi va uning jahon sivilizatsiyasidagi oʻrni aks etgan mahobatli ravoqlar katta qiziqish uygʻotdi.


Shundan soʻng mehmonlar muzey ekspozitsiyalari – Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, shuningdek, Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori boʻlimlari, Qurʼoni karim zali va bolalar uchun moʻljallangan koʻrgazmalarni tomosha qildilar.
Furqat Siddiqov, Oʻzbekistonning AQShdagi favqulodda va muxtor elchisi:
“Men Amerikada, xususan, Vashingtonda koʻplab muzeylarda boʻlganman. Ammo bu markaz eksponatlarining boyligi, mazmuni va taqdimoti jihatidan ulardan ham ustun, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Rostini aytsam, bunday koʻlamni umuman kutmagandim.
Biz diplomatlar yillar davomida olib boradigan targʻibotni inson bu markazga bir marta tashrif buyurib, qisqa vaqt ichida his qilib, tushunib chiqishi mumkin. Shu bois, bunday noyob markaz uchun hurmatli Prezidentimizga minnatdorlik bildiraman. Bu loyiha kelajak avlod tarbiyasi uchun ham juda muhim, deb oʻylayman.
Men ishonaman, bu markaz Markaziy Osiyodagi eng koʻp tashrif buyuriladigan maskanlardan biriga aylanadi. Nafaqat xorijiy mehmonlar, balki biz oʻzbeklar uchun ham bu joy katta faxr manbaidir”.
Ravshan Usmonov, Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi:
“Shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, elchixonamiz va Tashqi ishlar vazirligi mazkur majmua yaratilishiga oʻz hissasini qoʻshdi. Xususan, xorijda saqlangan ayrim qimmatli artefaktlarni topish, xarid qilish va Oʻzbekistonga olib kelish ishlarida bevosita ishtirok etdik. Bugun ularning yetakchi namunasi shu yerda namoyish etilmoqda. Menimcha, Oʻzbekistonning boy tarixiy va maʼnaviy merosini bir tom ostida jamlash gʻoyasi juda muhim va dolzarb tashabbus hisoblanadi. Bu faqatgina mamlakatimiz tarixining beqiyos boyligi emas, balki butun mintaqa hamda musulmon sivilizatsiyasining oʻziga xos yutuqlarini ham namoyon etadi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu majmua jahonning nufuzli muzeylari qatorida munosib oʻrin egallaydi. Ayniqsa, Buyuk Britaniyadan tashrif buyuruvchi mehmonlar uning rasmiy ochilishini katta qiziqish va intizorlik bilan kutmoqda”.

Karomiddin Gadoyev, Oʻzbekistonning Malayziyadagi favqulodda va muxtor elchisi:
“Bu yerga kirgan har bir inson oʻzbek xalqining chuqur ildizlari, boy madaniyati va tarixini tosh asridan boshlab, Yangi Oʻzbekiston davrigacha boʻlgan taraqqiyot yoʻlini bosqichma-bosqich his qiladi. Ochigʻini aytsam, men fan sohasi vakili sifatida mamlakatimiz tarixini yaxshi bilaman, koʻplab muzeylarni koʻrganman. Biroq doimo bir savol meni oʻylantirardi: nega bizda Parijdagi «Luvr» yoki Sankt-Peterburgdagi «Ermitaj» singari, tariximizni toʻliq va tizimli aks ettiradigan yirik majmua yoʻq? Bugun men bu savolimga aynan shu yerda javob topdim.
Shu yerda turib, yana bir bor shunday buyuk xalqning farzandi ekanimdan faxrlandim. Ishonchim komilki, markaz ochilgach, u nafaqat mahalliy aholi, balki qoʻshni davlatlar va uzoq xorijdan keladigan sayyohlarning ham sevimli maskaniga aylanadi hamda Oʻzbekiston nufuzini dunyo miqyosida yanada yuksaltiradi. Buning barchasi uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiramiz”.
Nodirjon Turgʻunov, Oʻzbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchisi:
“Bu majmua nafaqat yoshi kattalar, balki yoshlar, oʻrta yoshdagilar va keksalar uchun ham nihoyatda qiziqarli tarzda tashkil etilgan. “Birinchi Renessans” boʻlimini yaratish jarayonida markaz bilan hamkorlikda Saudiya Arabistonida ishlaganimiz bois, ushbu boʻlim menga yanada qiziqarli tuyuldi. Chunki oʻz mehnating natijasini xalq bahramand boʻlayotganini koʻrish, menimcha, eng yuksak bahodir”.

Baxtiyor Ibrohimov, Oʻzbekistonning Avstriyadagi favqulodda va muxtor elchisi:
- Markazga tashrifimiz barchamizda juda chuqur taassurot qoldirdi. Ushbu majmuani barpo etish jarayonida Oʻzbekistonning xorijdagi elchixonalari va vakolatxonalari faol ishtirok etdi, turli mamlakatlardagi muzeylardan noyob artefaktlarni olib kelishga oʻz hissasini qoʻshdi. Natijada Islom sivilizatsiyasining jahon taraqqiyotiga qoʻshgan beqiyos hissasi yagona va yaxlit makonda yaqqol namoyon etilgan.
Bu markaz Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilgan nihoyatda noyob va strategik ahamiyatga ega loyiha hisoblanadi. Majmua Islom sivilizatsiyasini alohida davrlar yoki hududlar kesimida emas, balki uzviy va uzluksiz tarixiy jarayon sifatida koʻrsatib bera olgani bilan alohida ajralib turadi. Aynan shu jihati uni boshqa muzey va markazlardan tubdan farqlaydi.
Ishonchim komilki, ushbu markazga tashrif buyuradigan har bir mehmon bu yerdan katta taassurot va chuqur bilim bilan qaytadi. Bu maskan nafaqat milliy merosimizni namoyish etadi, balki Oʻzbekistonning Islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda ochib beruvchi muhim madaniy va ilmiy markazga aylanadi.

Oybek Shaxavdinov, Oʻzbekistonning Vengriya va Serbiyadagi favqulodda va muxtor elchisi:
– Bu markaz haqiqatan ham nihoyatda hayratlanarli. Uni koʻrgan har bir inson kuchli taassurot ostida qoladi. Oʻzbek xalqi uchun gʻurur uygʻotadigan maskan. Toshkentda, Oʻzbekistonda shunday yuksak darajadagi markaz borligidan chin dildan faxrlanamiz.
Eng quvonarlisi shundaki, bu markaz allaqachon xorijiy hamkorlarimizning katta qiziqishini uygʻotmoqda. Men hozir Vengriyada elchiman, shuningdek, Serbiyani ham oʻrindoshlik asosida qamrab olaman. Oʻtgan yili Serbiya Prezidenti Oʻzbekistonga tashrif buyurib, ushbu markazni koʻrgach, oʻzining Madaniyat vaziriga maxsus topshiriq berdi — besh-olti nafar ekspertni yuborib, bu markaz qanday qurilgani va qanday konsepsiya asosida ishlayotgani bilan yaqindan tanishishni buyurdi. Hozir bu yoʻnalishda ishlar olib borilmoqda.
Oʻylaymanki, bunday qiziqish faqat Serbiya bilan cheklanib qolmaydi. Boshqa davlatlar ham albatta qiziqadi, chunki bunday darajadagi, bunday mazmundagi markaz hozircha faqat Oʻzbekistonda mavjud. Bu esa biz uchun katta quvonch va faxr manbai. Chunki bu maskan nafaqat tariximiz va urf-odatlarimizni chet ellik mehmonlarga, balki oʻz xalqimizga ham chuqur va taʼsirli tarzda namoyon etadi.
Bu markaz sakkiz yil davomida barpo etildi va aytishim mumkinki, bu mehnat toʻla oʻzini oqlagan. Menimcha, bundan yaxshiroq markazni yaratishning oʻzi qiyin. Chunki bu majmua har jihatdan — mazmunan, texnologik yechimlar, dizayn va gʻoya uygʻunligi nuqtai nazaridan — mukammal.
Ochigʻini aytsam, Serbiya ham hozircha bunday darajadagi markazni qura olmaydi. Ular albatta oʻziga xos loyihalar qilishi mumkin, ammo aynan shu miqyosda va shu chuqurlikda emas. Bejiz emas, ular Oʻzbekiston tajribasini oʻrganmoqchi. Ayniqsa, 2027-yilda Belgradda boʻlib oʻtadigan "Expo 2027" oldidan bu tajriba ular uchun juda muhim.
Biroq shuni ishonch bilan ayta olamanki, bu darajadagi markazni yetti-sakkiz yil ichida barpo etish — bu faqat bizning xalqimizga xos fazilat. Chunki bizning xalqimiz nihoyatda mehnatkash, masʼuliyatli va kuchli javobgarlikni oʻz zimmasiga ola oladigan xalq. Ana shu fazilatlar evaziga mana shunday buyuk va hayratlanarli markaz dunyoga keldi.



Tashrif yakunida Davlat rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu Markaz nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyo miqyosida noyob madaniy-maʼrifiy maskan ekani, kelgusida esa sayyohlar uchun ham jozibali manzilga aylanishi taʼkidlandi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma