Ozarbayjon Milliy tarix muzeyida Buxoro Amirining qimmatbaho sovgʻalari saqlanadi
Ozarbayjon Milliy tarix muzeyida Buxoro Amiri tomonidan oʻz davrining obroʻli va taniqli neft magnati Zaynulobiddin Tagʻiyevga sovgʻa qilingan taqinchoqlar va qimmatbaho buyumlar saqlanadi. Buxorolik zargarlar yasagan ushbu nodir sovgʻalarning nusxalari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidan oʻrin olishi koʻzda tutilgan.
Zaynulobiddin Tagʻiyevning qizi Leyla xonimning unashtiruv marosimiga Amir Olimxon 10 ta hashamdor uy-roʻzgʻor buyumlarini hadya qilgan. Tagʻiyev ham Amirga qimmatbaho hadyalar qilib turgan. Manbalarda qayd etilishicha, Amir Olimxonga Baku boʻylab sayr qilib yurganida shovqinsiz aravalar unga yoqib qoladi. Tagʻiyev bunga javoban Amirga yoʻrgʻa, arava va otlarga qoʻshib izvoshchigacha hadya qilib yuboradi. Amir uni doʻstligining ramzi sifatida “Aziz Buxoro yulduzi” ordeni bilan taqdirlagan. Ushbu orden ham muzeyda saqlanadi. Muzeyda ikki doʻstning 1896 yilda Bakuda olingan suratlari ham bor.
Amir Olimxon Hoji Zeynalabdin Tagʻiyev bilan xalqaro doirada hamkorlik ishlarini ham yaxshi yoʻlga qoʻygan edi. 1908 yilda Rossiya imperiyasining Peterburg shahrida musulmonlar uchun masjid qurish loyihasi ishlab chiqiladi. Loyihani Buxoro amiri Sayyid Abdulahadxon qoʻllab-quvatlaydi. Chunki oʻsha davrda Sankt-Peterburgda asosan tijorat ishlari bilan vaqtincha va doimiy yashab yurgan musulmonlar koʻpchilikni tashkil etgan. Ammo Abdulahadxon vafot etib masjid qurilishi oʻgʻli Amir Olimxon va uning doʻsti Zaynulobiddin Tagʻiyev zimmasiga qoladi. Ikki doʻst tomonidan masjid qurilishi oʻz nihoyasiga yetadi. Hozirda ham masjid Sankt-Peterburg koʻrkiga koʻrk qoʻshib, musulmonlarga xizmat qilmoqda.
Ozarbayjon Milliy muzeyida 300 ga yaqin Oʻzbekiston madaniyati va tarixiga doir eksponatlar bor. Amir tomonidan hadya etilgan yuqorida qayd etilgan hadyalar muzeyning qimmatli va durdona eksponati hisoblanadi.
Ko‘p o‘qilgan

Oʻzbekistonga oid 80 dan ortiq tarixiy artefakt yurtimizga qaytarilishi rejalashtirilmoqda

Islom sivilizatsiyasi markazi Ilmiy kengashining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi

Kaʼbadan-da ulugʻ uy haqida...
