Yevropani uygʻotgan Sharq ilmlari siri markaz ekspozitsiyasida ochilmoqda
“Birinchi Renessans davri” boʻlimi. 2-kapsula “Bayt ul-Hikma”
Bugun butun dunyo ilm-fan tarixiga yangicha nigoh bilan qaramoqda. Algebraning asosini yaratgan, Yerning shakli va osmon jismlari harakatini ilmiy isbotlagan allomalar aynan Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqanini xalqaro ilmiy jamoatchilik tobora keng eʼtirof etyapti. Islom sivilizatsiyasi markazidagi “Birinchi Renessans davri” boʻlimi esa Xorazmiy va Fargʻoniy kabi buyuk mutafakkirlar bosh boʻlgan Sharq uygʻonishining ilmiy qudratini jonli ekspozitsiyalar orqali namoyon etib, insoniyat taraqqiyoti qanday poydevor ustiga qurilganini ochib beradi.
Ana shu ilmiy muhit Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining “Birinchi Renessans davri” boʻlimida keng va mazmunli yoritilgan. Boʻlimning ikkinchi kapsulasi Bagʻdoddagi mashhur "Bayt ul-Hikma" (Donishmandlar uyi)ga bagʻishlanib, u orqali islom olamida yuz bergan ilmiy uygʻonishning mohiyati ochib beriladi.

Bayt al-Hikma maketi
IX asrda Abbosiylar xalifaligi davrida tashkil etilgan Bayt ul-Hikma kutubxona, tarjima markazi, ilmiy tadqiqot va ilmiy muloqot maydoni sifatida faoliyat yuritgan. Xalifa Horun ar-Rashid davrida asos solingan ushbu maskan Xalifa al-Maʼmun zamonida oʻzining eng yuksak taraqqiyot choʻqqisiga koʻtarildi. Yunon, hind, fors va suryoniy tillardagi falsafiy hamda ilmiy asarlar arab tiliga tarjima qilinib, matematika, astronomiya, tibbiyot, geografiya va falsafa fanlari jadal rivoj topdi.
Bayt ul-Hikmaga Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy rahbarlik qilgan. Muhammad al-Xorazmiy (783–850) aniq va tabiiy fanlar rivojiga beqiyos hissa qoʻshib, oʻzining olamshumul kashfiyotlari bilan jahon ilm-fani taraqqiyotiga poydevor qoʻydi. Uning 20 dan ortiq asari turli fan sohalariga bagʻishlangan boʻlib, u algebra fanining asoschisi sifatida tan olingan.

Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy ilmiy merosiga bagʻishlangan qism
Xorazmiyning “Al-Jabr va-l-muqobala” (“Toʻldirish va qarshi qoʻyish haqida kitob”) asarida algebra ilk bor chiziqli va kvadrat tenglamalarni yechishning umumiy qonun-qoidalariga ega boʻlgan mustaqil fan sifatida shakllantirildi. Shuningdek, Xorazmiy rahbarligida 70 dan ortiq olim dunyo xaritasini tuzish ustida ish olib borgan boʻlib, ushbu xaritalar majmuasi tarixda “Maʼmun dunyo xaritasi” nomi bilan mashhur boʻlgan.

Ahmad Fargʻoniy ilmiy merosiga bagʻishlangan qism
Bayt ul-Hikmada faoliyat yuritgan yana bir buyuk olim - Ahmad Fargʻoniy boʻlib, u Yevropada Alfraganus nomi bilan tanilgan. Ahmad Fargʻoniy arab, suriya, rim, fors va misr xalqlarining yilnomalarini chuqur oʻrganib, ular taqvimlaridagi farqlarni ilmiy jihatdan tahlil qilgan. U ekliptikaning ekvatorga ogʻish burchagini aniqlab, II asrda yashagan Ptolemey oʻlchovlariga nisbatan ancha aniq natijalarga erishgan. Ilk bor sayyoralarning diametri va ularning Yerdan eng uzoq masofasini hisoblab chiqqan, Yerning sharsimon shaklda ekanini ilmiy jihatdan isbotlagan.
Fargʻoniyning “Usturlob bilan ishlash kitobi” asarida Ptolemeyning stereografik proyeksiya haqidagi nazariyasi, yaʼni usturlob toʻgʻrisidagi teorema ilmiy asosda isbotlangan. Taxminan 856 yilda Qohirada yozilgan ushbu asarda sferik trigonometriya hisob-kitoblaridan foydalanilib, Yerning shakli va hajmi haqida muhim maʼlumotlar keltirilgan. 861 yilda esa u Qohiradagi Ravza orolida joylashgan nilometrni taʼmirlab, uni tubdan takomillashtirgan.

Nilometr maketi
Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida nilometrning maketi namoyish etilib, markazida ustun va oʻlchov shkalasiga ega boʻlgan toʻrtburchak quduq orqali suv sathini yuqori aniqlik bilan oʻlchash jarayoni yoritilgan. Shuningdek, kapsula markazida joylashtirilgan kattalashtirilgan usturlob maketi oʻrta asr astronomiyasi va ilmiy tafakkurining yuksak darajasini yaqqol namoyon etadi. Ahmad Fargʻoniyning usturlobga bagʻishlangan risolalari esa mazkur asbobning nazariy asoslarini mukammal ochib bergan.
Bayt ul-Hikma orqali antik davrning ilmiy merosi saqlanib qolib, keyinchalik Yevropa Renessansiga yetib bordi. Shu bois u nafaqat islom olami, balki butun insoniyat tarixidagi eng muhim ilmiy markazlardan biri sifatida eʼtirof etiladi. Afsuski, 1258 yilda moʻgʻullar Bagʻdodni bosib olganida Bayt al-Hikma vayron qilinib, koʻplab nodir qoʻlyozmalar yoʻqotildi.
Bugungi kunda ana shu buyuk meros qayta jonlanmoqda. Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ilm-maʼrifat va madaniyatga qaratilayotgan yuksak eʼtibor ana shu buyuk ilmiy anʼanalarning mantiqiy davomidir. Islom sivilizatsiyasi markazida namoyon etilayotgan boy meros Yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevori barpo etilayotganidan, Xorazmiy va Fargʻoniylar boshlab bergan ilmiy yoʻl izchil davom etayotganidan dalolat beradi.
Shahnoza Rahmonova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma