Boburiylarning noyob saroy xanjarlari ilk bor keng jamoatchilikka namoyish etilmoqda
Boburiylar davrida qurolsozlik faqat jangovar ehtiyoj bilan cheklanmagan, balki hukmdorlik ramzi, saroy didi va siyosiy mavqeini ifodalovchi muhim badiiy sohalardan biriga aylangan. Ayniqsa, xanjar dastalari — qurolning eng koʻzga tashlanadigan qismi sifatida — alohida eʼtibor bilan ishlangan.
Nefrit, fil suyagi, qimmatbaho toshlar hamda hayvon shakllari Boburiylar saroy madaniyatiga xos estetik qarashlarni ifoda etgan. Shu bois bunday dastalar koʻpincha marosim quroli, hadya yoki maqom belgisi sifatida xizmat qilgan.
Bugun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanayotgan Boburiylar davriga oid xanjar dastalari ana shu anʼananing turli badiiy yechimlarini yaqqol namoyon etadi. Ularning barchasi Hindistonda XVII–XVIII asrlarda yaratilgan boʻlib, WOSCU toʻplamiga mansub nodir eksponatlar hisoblanadi.
Xanjar dastasi. Hindiston, Boburiylar davri, XVII-XVIII asr. Mulyaj 16 sm
Birinchi xanjar dastasi 16 santimetr balandlikda boʻlib, hayvon boshi shaklida ishlangan. Fil suyagidan yasalgan ushbu buyumda shakl soddaligi va umumiy siluyet asosiy oʻrin tutadi. Choʻzilgan boʻyin va stilizatsiya qilingan bosh qismi qudrat, hushyorlik va nazorat ramzi sifatida talqin qilinadi. Tabiiy rang saqlangan holda ishlangani esa dastani ortiqcha bezaklarsiz, ammo mazmunan boy sanʼat asariga aylantirgan.
Xanjar dastasi. Hindiston, Boburiylar davri, XVII-XVIII asr. Mulyaj 13 sm
Ikkinchi xanjar dastasi 13 santimetr boʻlib, u ham fil suyagidan ishlangan. Unda hayvon obrazi yanada aniq ifodalangan: bosh qismi yumaloq, koʻz va tumshuq chiziqlari ravshan oʻyilgan. Pastki qismning kengaygan shakli dastaning qoʻlga mahkam oʻrnashishini taʼminlaydi. Bu esa Boburiylar ustalarining estetika bilan birga amaliy jihatlarni ham puxta hisobga olganini koʻrsatadi. Bunday dastalar, odatda, saroy marosimlarida taqilgan.
Xanjar dastasi. Hindiston, Boburiylar davri, XVII-XVIII asr.
Uchinchi — sher shaklidagi xanjar dastasi Boburiylar davri badiiy tosh oʻymakorligining eng nafis namunalaridan biri hisoblanadi. Nefritdan ishlangan, taxminan 11 santimetr balandlikdagi bu dasta nafaqat estetik, balki ramziy jihatdan ham alohida ahamiyatga ega.
Rustam Jabborov, Markaz Ilmiy kotibi:
– Sher obrazi tasodifiy tanlanmagan. Boburiylar ikonografiyasida sher hukmdorlik, jasorat va oliy hokimiyat ramzi hisoblangan. Dastaning yuqori qismi sher boshi shaklida ishlanib, ogʻzi ochiq va nigohi oldinga qaratilgan. Koʻzlariga oʻrnatilgan rangli toshlar esa asarga jon bagʻishlab, saroy sanʼatiga xos hashamatni kuchaytiradi.
Texnik jihatdan ham dasta juda murakkab ishlangan. Bunday buyumlar ommaviy foydalanish uchun emas, balki saroy doirasi yoki yuqori martabali shaxslar uchun moʻljallangan.
Ushbu uch eksponatni birlashtiruvchi jihat — ular orqali Boburiylar davrida qurolga boʻlgan munosabat yaqqol namoyon boʻladi. Xanjar bu davrda himoya vositasidan tashqari, hokimiyat, estetik did va siyosiy mavqening koʻrinadigan belgisi sifatida qabul qilingan.
Bugun ushbu xanjar dastalarining Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanayotgani alohida ahamiyatga ega. Ular Boburiylar davri Hindistonidagi saroy sanʼati, qurolsozlik madaniyati va badiiy tafakkur darajasini bevosita asl buyumlar orqali oʻrganish imkonini beradi. Shu jihatdan mazkur eksponatlar nafaqat qurol tarixining, balki XVII–XVIII asrlar hukmdorlik madaniyatining ham noyob moddiy va vizual ifodasi hisoblanadi.
Laylo Abduqaxxorova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma