Buyuk Britaniyadan keltirilgan yoʻlbars qiyofasidagi kalligramma Toshkentda!

XVII asr oxiriga oid noyob kalligrammada harflar jonlanib, qudratli yoʻlbars timsoliga aylangan. Bugun ushbu betakror asar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida namoyish etilib, islom xattotlik sanʼatida matn, obraz va ramz qanday qilib bir butun estetik tizimga aylanganini yaqqol namoyon etmoqda.
Kalligramma — yozuv sanʼatining eng murakkab va nozik yoʻnalishlaridan biri boʻlib, unda harflar faqat maʼno tashuvchi belgilar emas, balki mustaqil vizual obraz sifatida namoyon boʻladi. Bu uslub Sharq xattotlik anʼanasida yozuv va tasvir oʻrtasidagi chegarani yoʻqotib, matnni estetik va ramziy maʼnoga ega badiiy shakl darajasiga koʻtargan.
Kalligrammada har bir satr yoʻnalishi, harflarning egilishi, zichligi va boʻshliqlar muvozanati oldindan aniq hisoblanadi. Shu bois bunday asarlar nafaqat oʻqiladi, balki tom maʼnoda “koʻriladi”.

Kalligramma. Mir Ali Hiraviy uslubida. Hirot, XVII asr. Qogʻoz, zarhallangan, 38 × 26,4 sm
Ushbu sanʼatning eng yuksak namunalari sharq xattotligida Mir Ali Hiraviy nomi bilan bogʻliq maktabda shakllangan. XV–XVI asrlarda Hirot muhitida faoliyat yuritgan bu buyuk xattot nastaʼliq xatini mukammal meʼyorlarga solib, yozuvni mustaqil sanʼat darajasiga olib chiqqan. Shu sababli keyingi asrlarda yaratilgan koʻplab kalligrammalar “Mir Ali Hiraviy uslubida” deb baholangan. Bu taʼrif muayyan mualliflikdan koʻra, yuksak badiiy anʼanaga mansublikni anglatadi.
Ana shunday anʼananing yorqin namunasi boʻlgan XVII asr oxiriga oid kalligramma bugun Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Ikkinchi Renessans davri boʻlimida ochiq ekspozitsiyada namoyish etilmoqda. Asar Safaviylar davriga mansub boʻlib, Buxoro yoki Hirot muhitida yaratilgani ilmiy jihatdan qayd etilgan. Ushbu davrda xattotlik kitob bezagi bilan cheklanmay, saroy madaniyati va yuqori estetik tafakkurning muhim ifodasi hisoblangan.
Ekspozitsiyada taqdim etilgan kalligrammada oldinga odimlayotgan yoʻlbars tasviri ifodalangan boʻlib, uning butun gavdasi arab yozuvidagi harf va soʻzlardan shakllantirilgan. Asar oddiy tasvir emas, balki matn va obraz uygʻunligiga asoslangan murakkab badiiy yechimdir. Yoʻlbarsning tanasi, oyoqlari va dumi egri va choʻzilgan yozuvlar orqali berilgan boʻlib, harflarning ritmik joylashuvi hayvon harakati va ichki kuchini his ettiradi. Bosh qismida yozuv zichroq ishlangani markaziy diqqat va salobatni yanada kuchaytiradi.
Bunday sanʼat asarlari – kalligrammalarda odatda Allohning ismlari, duo yoki qudrat va himoya mazmunidagi iboralar qoʻllanadi. Matn mazmuni yoʻlbars timsoli bilan uygʻunlashib, ramziy maʼno hosil qiladi. Islomiy va xususan Boburiylar davri sanʼatida yoʻlbars qudrat, jasorat, hokimiyat va harbiy kuch ramzi sifatida qabul qilingan. Tasvir atrofidagi gul va oʻsimlik naqshlari esa baraka, hayot va tartib gʻoyalarini ifoda etadi.
Asar zarhallangan qogʻozda bajarilgan boʻlib, rangli boʻyoqlar va oltin suvidan foydalanilgan. Bu esa kalligrammaning yuqori maqomli buyurtma asosida yaratilganini koʻrsatadi. Kompozitsiya qizgʻish va yashil rangli ramkalar bilan chegaralangan, ichki maydon oʻsimliksimon naqshlar va mayda zarhal arabesklar bilan toʻldirilgan. Bu bezaklar yozuv ritmini kuchaytirib, butun asarni yagona vizual tizimga birlashtiradi.
Markaz Ilmiy kotibi Rustam Jabborovning taʼkidlashicha, asarning orqa tomonida nastaʼliq xatida qora siyoh bilan yozilgan, bulutlar orasiga joylashtirilgan 12 qator diagonal kalligrafik matn mavjud.
– Bunday yechim XVII asr kitobat sanʼatida kam uchraydi va yuqori mahorat talab qiladi. Yuqori qismdagi qora muhr izi hamda ikki tomonlama hoshiyalangan ramka asarning rasmiy muomalada boʻlganini, ehtimol, saroy yoki yuksak martabali buyurtma asosida yaratilganini koʻrsatadi, – deydi Rustam Jabborov.
Kalligrammaning noyobligi uning badiiy darajasi bilangina cheklanmaydi. Asar Buyuk Britaniyaning Sotheby’s va Christie’s kabi dunyoning eng nufuzli xalqaro auksionlari orqali aniqlangan, ekspertizadan oʻtkazilgan va shundan soʻng Markaz ekspozitsiyasiga olib kelingan. Bu holat uning xalqaro sanʼat bozorida yuqori baholangani va tarixiy qiymati shubhasiz ekanini tasdiqlaydi.
Bugun mazkur kalligrammaning keng jamoatchilikka taqdim etilishi muhim madaniy voqeadir. Asar XVII asr oxiridagi yozuv sanʼati, estetik tafakkur va badiiy meʼyorlarni bevosita manba orqali oʻrganish imkonini beruvchi qimmatli tarixiy hujjat sifatida ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Laylo Abduqaxxorova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma