Malayziyaning “Nasirul Qurʼan” raisi “114 Qurʼon” loyihasini dunyo miqyosida muhim tashabbus deb atadi
Malayziyaning “Restu” jamgʻarmasi hamda ”Nasirul Qurʼan” (Qurʼoni karim nashri bilan shugʻullanuvchi tashkilot) raisi, professor, doktor Dato Abdul Latif Mirasa Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilgan “Qurʼoni karim zali” ekspozitsiyasidagi “114 Qurʼon” loyihasini oʻta noyob, dunyo miqyosida muhim va yuksak ilmiy-maʼrifiy ahamiyatga ega tashabbus sifatida baholadi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Malayziyaning“Restu” jamgʻarmasi hamda ”Nasirul Qurʼan” (Qurʼoni Karim nashri bilan shugʻullanuvchi tashkilot) raisi, professor, doktor Dato Abdul Latif Mirasa boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida “Qurʼoni karim zali”da namoyish etilgan ekspozitsiyalar doktor Dato Abdul Latif Mirasa tomonidan alohida eʼtirof etildi. U “114 Qurʼon” loyihasini oʻta noyob, dunyo miqyosida muhim va yuksak ilmiy-maʼrifiy ahamiyatga ega tashabbus sifatida baholadi. Shuningdek, zalda qoʻllanilgan Portugaliyadan olib kelingan noyob gulrang marmar, uning takrorlanmas xususiyatlari, murakkab meʼmoriy naqshlar, ravoqlarda joylashtirilgan gilamlar hamda suyuq oltin bilan ishlangan bezak elementlari doktor Dato Abdul Latif Mirasada katta hayrat uygʻotdi.
“Qurʼoni karim zali” markazida yuqori xavfsizlik choralari asosida saqlanayotgan muqaddas Usmon mushafiga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va ehtirom ham mehmon tomonidan alohida qayd etildi. U bu yondashuvni Qurʼoni karim va islom diniga boʻlgan chuqur hurmatning yorqin ifodasi sifatida baholadi.
Tashrif yakunida professor, doktor Dato Abdul Latif Mirasa oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashib, shunday dedi:
– Bu yerda boʻlib turganimdan juda baxtiyorman. Sizning Prezidentingiz islom sivilizatsiyasining oʻtmishdagi buyuk shon-shuhratini tiklash yoʻlida ulkan va tahsinga loyiq ishlar qilmoqda. Koʻplab mamlakatlarda boʻlganman, AQShda tahsil olganman, Yevropa va boshqa koʻplab davlatlarga safar qilganman. Ammo bu yerda koʻrganlarim mutlaqo oʻzgacha – juda buyuk va noyob manzara. Bu yerda tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan. Dunyoning turli mamlakatlaridan olib kelingan ilgʻor texnologiyalar asosida haqiqiy sanʼat asari – betakror va ulkan durdona yaratilgan.
Tashrif doirasida Xalqaro xattotlik maktabida doktor Dato Abdul Latif Mirasa boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari va Markaz vakillari ishtirokida rasmiy uchrashuv ham boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv davomida tomonlar oʻrtasida kelgusidagi hamkorlik istiqbollari, qoʻshma ilmiy-maʼrifiy va madaniy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, doktor Dato Abdul Latif Mirasa Qurʼonni matematika, texnologiya va tabiiy fanlar bilan uygʻunlashtirishga qaratilgan innovatsion loyiha haqida maʼlumot berdi.
Mazkur tashabbus yosh avlodga Qurʼoni karim mazmunini ilmiy yondashuv asosida tushuntirish, shu orqali ularda ilmiy fikrlash va tadqiqotga boʻlgan qiziqishni kuchaytirishni maqsad qiladi.
Shuningdek, “Restu” jamgʻarmasi hamda ”Nasirul Qurʼan” tomonidan oliy taʼlim muassasalari professorlari uchun maxsus oʻquv dasturlari amalga oshirilayotgani maʼlum qilindi.
Ushbu dasturlar doirasida professorlar Qurʼon va fanlar oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni oʻqitish uslubi boʻyicha tayyorlanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Markaz tomonidan rejalashtirilayotgan “Yangi Oʻzbekiston Qurʼoni” loyihasi doirasida Malayziya tomonidan yetakchi xattotlarni jalb qilish hamda xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv davomida Malayziyada chop etilgan Qurʼoni Karimning oʻzbekcha nusxasi taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻrtasida uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, kelgusida Oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash hamda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha oʻzaro kelishuvga erishildi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma