Naqshbandiya silsilasining noyob qoʻlyozmasi Oʻzbekistonda!

Buyuk Britaniyadagi nufuzli DAVID AARON galereyasidan olib kelingan Naqshbandiya tariqati silsilasiga oid qoʻlyozma Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kolleksiyasini boyitdi. Bu artefakt tasavvuf taʼlimotining global islomiy makonda tutgan oʻrnini yorqin namoyon etadi.
Islom tasavvufi tarixini anglashda oʻta muhim manbalardan biri boʻlgan Naqshbandiya tariqati silsilasini aks ettiruvchi qoʻlyozma Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanmoqda. Buyuk Britaniyadagi dunyoda oʻz nufuziga ega DAVID AARON galereyasidan olib kelingan bu artefakt faqatgina diniy taʼlimot yoki shayxlar ismlarining ketma-ketligi emas, balki asrlar davomida shakllangan maʼnaviy meros, ruhiy hokimiyat va ilmning uzviy davomiyligini ifodalovchi noyob tarixiy hujjatdir.
Ayniqsa, qoʻlyozmaning XVII–XVIII asrlarga, yaʼni Usmoniylar davriga mansubligi Naqshbandiya tariqatining Markaziy Osiyo doirasidan chiqib, butun islom olamida keng tarqalganini ilmiy jihatdan tasdiqlaydi. Tasavvuf anʼanasida “silsila” tushunchasi alohida maʼnaviy mazmunga ega. U ustozdan shogirdga oʻtadigan faqat bilim yoki taʼlimotni emas, balki ruhiy holat, axloqiy masʼuliyat va ilohiy yoʻlga sadoqatni ham oʻz ichiga oladi.
Mazkur qoʻlyozmada Naqshbandiya tariqatining silsilasi Paygʻambar Muhammad (s.a.v)dan boshlanib, sahobalar, mashhur avliyolar va tasavvuf peshvolari orqali Bahouddin Naqshband va undan keyingi shayxlargacha uzluksiz tarzda keltirilgan. Bu hol Naqshbandiya taʼlimotining eng muhim tamoyillaridan biri — ruhiy uzviylik va anʼanaga sodiqlik gʻoyasini yaqqol namoyon etadi.
Tariqat ahli nazaricha, silsila uzilgan joyda maʼnaviy ishonch ham zaiflashadi. Shu sababli bunday qoʻlyozmalar faqat tarixiy manba sifatida emas, balki muqaddas ruhiy meros sifatida asrab kelingan. Qoʻlyozmaning Usmoniylar davriga tegishliligi uning tarixiy qiymatini yanada oshiradi. XVII-XVIII asrlarda Usmoniylar davlati islom olamida nafaqat siyosiy, balki diniy-maʼnaviy markaz sifatida ham yetakchi oʻrinni egallagan. Ana shu muhitda Naqshbandiya tariqatining keng tarqalishi tasavvufning davlat va jamiyat hayotida tutgan oʻrnini koʻrsatadi.
Maʼlumki, Usmoniylar davrida koʻplab ulamolar, davlat arboblari va harbiy zotlar Naqshbandiya tariqatiga mansub boʻlgan yoki uning ruhiy taʼsiri ostida yashagan. Demak, mazkur silsila qoʻlyozmasi Naqshbandiya taʼlimotining faqat shaxsiy ruhiy kamolot bilan cheklanib qolmaganini, balki ijtimoiy va siyosiy jarayonlar bilan ham chambarchas bogʻliq boʻlganini tasdiqlovchi muhim dalil hisoblanadi.
Qoʻlyozmaning arab tilida bitilgani ham chuqur maʼnoga ega. Arab tili islom ilm-fanining asosiy tili sifatida tasavvufiy manbalarda keng qoʻllanilgan. Silsila kabi umumiy ahamiyatga ega hujjatlarning arab tilida yozilishi uning butun islom olamida qabul qilinishi va tushunilishiga xizmat qilgan. Bu orqali Naqshbandiya tariqati mahalliy doiradan chiqib, global islomiy makonda oʻz oʻrnini mustahkamlagan. Shu maʼnoda, qoʻlyozma til tanlovi orqali ham tariqatning umumislomiy xarakteri namoyon boʻladi.

Naqshbandiya tariqatining silsilasi. Usmoniylar davlati. XVII–XVIII asrlar. Arab tilida
Artefaktning tashqi koʻrinishi va xattotlik uslubi ham alohida eʼtiborga loyiq. Qoʻlyozma anʼanaviy islomiy xattotlik qoidalari asosida, nihoyatda tartibli va mutanosib shaklda bitilgan. Ismlar ketma-ketligi, satrlar orasidagi muvozanat va umumiy kompozitsiya silsila mazmunining muqaddasligini taʼkidlaydi.
Tasavvuf anʼanasida yozuv shunchaki axborot yetkazish vositasi emas, balki ruhiy holat va ichki ixlosning ifodasi hisoblangan. Shu bois silsila kabi muhim matnlar har doim katta ehtirom va maʼnaviy masʼuliyat bilan koʻchirilgan.
Xusrav Hamidov, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi:
– Naqshbandiya boshqa koʻplab tariqatlardan farqli oʻlaroq baland ovozda zikr qilish oʻrniga “zikri xufya” (ovoz chiqarmay maxfiy zikr etish) va kundalik hayotda koʻp ezgu amallarni targʻib qilgan. Silsilada nomlari keltirilgan shayxlar faqat tariqat peshvolari emas, balki jamiyatda faol oʻrin tutib, ilm va maʼrifat fidoyilari boʻlgan. Arab tilida yozilgan shajara Hasan Razoiy Naqshbandiydan boshlanib, Hazrat Rasululloh (s.a.v.)ga borib taqaladi. Yusuf Haqqiy, Xojai Kalon, Xojai Ahror kabi ulamolar nomlari keltirilgan. Bagʻdodlik, buxorolik olimlar silsilaga qoʻshilgan. Qoʻlyozmada shajaradan keyin tariqat bilan bogʻliq uch kichik sarlavhada matnlar ham mavjud. Qoʻlyozmaning yozilish sanasi maʼlum emas. Shajarada turli millatlar vakillari borligi naqshbandiya tariqati bagʻrikenglikni targʻib qiluvchi va xalqlarni birlashtiruvchi yoʻnalish ekanini koʻrsatadi. Naqshbandiya tariqati aynan “Koʻngling Allohda, qoʻling ishda boʻlsin!” shiori bilan butun dunyoga yoyilgan va bu hikmat bugungi kunda ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda bu artefakt islom sivilizatsiyasi tarixini chuqur oʻrganishda muhim ilmiy manba sifatida xizmat qilmoqda. U orqali Naqshbandiya tariqatining geografik tarqalishi, tarixiy rivoji va maʼnaviy tizimini kengroq anglash mumkin.
Bunday qoʻlyozmalar milliy va umuminsoniy maʼnaviy merosni qayta kashf etish, uni ilmiy asosda tadqiq qilish uchun alohida ahamiyat kasb etadi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma