Islom sivilizatsiyasi markazi xorijiy sport rahbarlarini oʻylantirib qoʻydi


Islom sivilizatsiyasining koʻp asrlik tarixi, buyuk allomalar merosi va “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans poydevori” gʻoyasi yagona makonda namoyon etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi xalqaro mehmonlarda kuchli taassurot qoldirdi. BAA va Kuvayt karate federatsiyalari rahbarlari Markazni maʼnaviyat, taʼlim va zamonaviy tafakkur uygʻunlashgan noyob maydon sifatida baholadi.

 

Birlashgan Arab Amirliklari hamda Kuvayt karate federatsiyalari raislari Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati, keng qamrovli ekspozitsiyalar hamda noyob tarixiy manbalar bilan yaqindan tanishdi. Islom sivilizatsiyasining shakllanish bosqichlari, Markaziy Osiyoning jahon ilm-fani va madaniyatiga qoʻshgan hissasi, buyuk allomalar merosi zamonaviy yondashuv va interaktiv texnologiyalar asosida taqdim etilgani mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi. Ayniqsa, tarixiy jarayonlarning aniq dalillar, vizual yechimlar va tushunarli konsepsiya asosida yoritilgani Markazni oʻziga xos ilmiy-maʼrifiy maydonga aylantirgani qayd etildi. 

 

 

Mansur as-Sulton, Kuvayt karate federatsiyasi raisi:

 

 – Eng avvalo, bu men koʻrgan eng goʻzal markaz, desam aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Bu haqiqiy, toʻlaqonli sivilizatsiya markazi. Bu yerda islom sivilizatsiyasining oʻtmishi, buguni va kelajagi juda puxta va uygʻun tarzda namoyon etilgan. Hozirgacha 60 dan ortiq davlatda boʻlganman, ammo tarix, islomiy meros va zamonaviy texnologiyalar bunday mukammal uygʻunlashgan maskanni ilk bor koʻryapman. Asrlar davomida ushbu hududda kechgan tarixiy jarayonlar, sivilizatsion bosqichlar juda aniq, tushunarli va taʼsirchan uslubda yoritilgan. Tashrifim davomida nafaqat islom tarixi, balki bu zaminda yashab oʻtgan xalqlar va butun mintaqa tarixiga oid juda koʻplab yangi bilimlarga ega boʻldim. Yetkazilgan har bir bilim uchun chin dildan minnatdorlik bildiraman. Haqiqatan ham juda katta va masʼuliyatli ish amalga oshirilgan. Markaz nihoyatda chiroyli, mazmunli va kuchli taassurot qoldiradi. Bunday ulkan loyihani amalga oshirgani uchun Prezidentingizga rahmat deymiz. 

 

 

Jobir az Zabiy, BAA karate federatsiyasi raisi: 

 

– Rostini aytsam, bu yerga kelib juda hayratda qoldim. Odatda muzeylarni unchalik yoqtirmayman, lekin doʻstlarim bilan birga bu maskanga ilk bor qadam qoʻydim va ochigʻini aytsam, kutilmagan darajada kuchli taassurot oldim. Bu joy haqiqatan ham juda ajoyib. Shubhasiz, kelgusida albatta oilam bilan yana qaytib kelaman. Bunday mega loyihani bunyod etgan Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyevga va xalqingizga tashakkur. Markazda hamma narsa juda puxta oʻylangan va chiroyli ishlangan. Har bir boʻlim oʻziga xos, oʻz falsafasi va mazmuniga ega. Ayrim qismlar bizni juda qadimiy tarixga olib boradi, baʼzilari islom madaniyati va sivilizatsiyasini yoritadi, yana boshqalari turli davrlar va mavzularni qamrab oladi. Har bir boʻlim menga yangi hissiyot, yangi bilim va yangi tajriba taqdim etdi. Eng muhimi, men bu yerda tarix haqida juda koʻp yangi maʼlumotlarga ega boʻldim. Oldin bilmagan, hatto tasavvur ham qilmagan jihatlarim ochildi. Tarixning qanday boshlanganidan tortib, bugungi kun va hozirgi davrga qadar boʻlgan jarayonlarning yagona uzviy zanjir sifatida namoyon etilgani ayniqsa hayratga soldi. Hatto mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichi, bugungi islohotlar va rivojlanish jarayoni ham umumiy tarixiy manzara ichida mantiqan bogʻlab koʻrsatilgan. Bu nafaqat tomosha qilinadigan joy, balki oʻylantiradigan, oʻrgatadigan va ilhomlantiradigan maskan. 

 

“Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans” boʻlimida esa bugungi taraqqiyot, davlat siyosati va inson kapitaliga qaratilgan yondashuv mehmonlarda alohida taassurot qoldirdi. Ularning fikricha, Islom sivilizatsiyasi markazi sport orqali shakllanadigan kuch va iroda bilan maʼnaviy qadriyatlar uygʻunligini anglash uchun ham muhim makondir. 

 

Tashrif yakunida BAA va Quvayt karate federatsiyalari raislari Islom sivilizatsiyasi markazini Oʻzbekistonning xalqaro miqyosdagi eng muhim madaniy-maʼrifiy loyihalaridan biri, deb baholadi. Ularning fikricha, bu markaz nafaqat tarixni namoyish etadi, balki turli xalqlar, sport va madaniyat vakillarini umumiy qadriyatlar atrofida birlashtiruvchi kuchli maydon vazifasini ham bajaradi.