Yevropa xaritalarida tan olingan muhim haqiqat Oʻzbekistondagi mega loyiha ekspozitsiyasida
XVII–XVIII asrlarda yaratilgan Yevropa xaritalari Markaziy Osiyoni noaniq hudud emas, balki Buxoro, Samarqand va Xiva kabi aniq ilmiy va savdo markazlari joylashgan makon sifatida tasvirlay boshlagan. Bu xaritalar orqali Yevropa ilm-fani Oʻzbekistonni qanday anglaganini bugun Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida koʻrish mumkin.
Yevropa xaritalarida Buxoro, Samarqand, Xiva kabi shaharlarning muntazam aks etishi bu hududning siyosiy, savdo va madaniy ahamiyati yuqori baholanganidan dalolat beradi.

Yangi kuzatuvlarga asoslanib tuzilgan. Dunyo xaritasi yoki Yer sharining tasviri. Jan-Batist Lui Klue (taxm. 1730–1790). Parij, 1787-yil. 65 x 42 sm.
XVIII asr oxiriga oid yevropalik Jan-Batist Lui Klue tomonidan tuzilgan dunyo xaritasida Yer shari Gʻarbiy va Sharqiy yarimsharlarga ajratib koʻrsatilgan boʻlib, Markaziy Osiyo “Grande Tartarie” nomi ostida berilgan. Bu umumlashtiruvchi atama orqali Yevropa ilmiy muhitida mintaqa yaxlit geografik makon sifatida tasavvur qilingani anglashiladi. Shu bilan birga, xaritada Buxoro, Samarqand va Xiva kabi shaharlarning aniq qayd etilishi Oʻzbekiston hududining geografik noaniqlik ichida ham alohida ajralib turganini koʻrsatadi. Xarita atrofini bezab turgan globuslar, astronomik asboblar va ramziy haykallar ilm va sanʼat uygʻunligini ifodalaydi.

Yer sharining umumiy tavsifi. (Kvadrat shaklga keltirilgan dunyo xaritasi). Antonio Zatta (1757–1797). Venetsiya, 1774-yil. 29 x 42 sm.
Antonio Zatta tomonidan 1774 yilda Venetsiyada nashr etilgan “Yer sharining umumiy tavsifi” xaritasi esa Yevropa kartografiyasida ilmiy tajriba sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Kvadrat shakldagi proyeksiya geografik kenglik va uzunliklarning aniq hisobini berishga qaratilgan boʻlib, bu xarita Klue xaritasiga nisbatan aniqlik darajasining oshganini koʻrsatadi. Unda ham “Tartarie” atamasi saqlangan, Oʻzbekiston hududiga tegishli shaharlar yanada ravshan va tizimli holda berilgan.

Tarixiy xarita. Osiyo xaritasi. Giyom Delil (1675–1726) Parij, 1805-yil. 61,8 x 65,2 cm.
XVII asrlarda ilmiy asoslangan eng aniq xaritalar muallifi Giyom Delilning Osiyo xaritasi Yevropa kartografiyasida ilmiy asoslangan yondashuvning yuqori bosqichini aks ettiradi. U arab geografik merosi va Yevropa ekspeditsiyalari maʼlumotlarini uygʻunlashtirib, Markaziy Osiyoning murakkab geografiyasini nisbatan aniq koʻrsatgan. Xaritada “Grande Tartarie” markaziy oʻrinni egallagan boʻlsa-da, Buxoro, Samarqand, Xiva kabi shaharlarning alohida belgilanishi Oʻzbekistonning savdo yoʻllari, ayniqsa, Buyuk Ipak yoʻli tizimida muhim tugun ekanini anglatadi.

Buyuk Tartariya va uning asosiy qicmlarga boʻlinishi. Jovanni Jakoma de Rossi (1627–1691)Rim, 1683-yil. 44 x 55 sm
XVII asr oxirida Jovanni Jakoma de Rossi tomonidan tuzilgan “Buyuk Tartariya” xaritasida esa Markaziy Osiyo turli qismlarga ajratilib koʻrsatiladi. “Tartaria Moscovitica”, “Tartaria Chinensis” va “Tartaria Indépendante” kabi nomlanishlar Yevropa kartograflarining mintaqani siyosiy nuqtai nazardan farqlashga urinayotganini koʻrsatadi. Bu xaritada ham Oʻzbekiston hududiga tegishli shaharlar doimiy geografik nuqtalar sifatida aks ettirilgan.

Tarixiy xarita. Tartariya tavsifi. Nikolya Sanson (1600–1667) Parij, 1654-yil. 35,7 x 57 sm
Nikolya Sanson tomonidan tuzilgan xaritalarda Markaziy Osiyo va Oʻzbekiston yanada umumlashtirilgan holda “Tartarie” nomi ostida berilgan. Biroq Kaspiy dengizi, Orol dengizi, Amudaryo va Sirdaryo kabi muhim geografik obʼektlarning qayd etilishi mintaqa haqidagi bilimlar asta-sekin aniqlashib borayotganini koʻrsatadi. Buxoro va Samarqandning alohida koʻrsatilishi esa bu shaharlarning ilmiy va siyosiy markaz sifatidagi nufuzini yana bir bor tasdiqlaydi.

Tarixiy xarita. Osiyo. Sharq davlatlari. Iogann Baptist Gomann (1664–1724) Nyurnberg, 1710–1720-yillar. 49 x 57 sm
XVIII asrga kelib Iogann Baptist Gomann va Nikolya de Fer xaritalarida Oʻzbekiston hududi nafaqat geografik, balki geosiyosiy nuqtai nazardan ham muhim makon sifatida namoyon boʻladi. Bu xaritalarda hududlar ranglar orqali ajratilgan, shaharlar va savdo yoʻllari aniq koʻrsatilgan. De Fer xaritasida Rossiya imperiyasining Sharqqa qarab kengayishi fonida Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati yanada yorqin aks etadi.

Tarixiy xarita. Kaspiy dengizi va Oʻzbek mamlakati. Abraxam Maas (1641–1729) Nyurnberg, 1735 yil. 48 x 60 sm
Abraxam Maasning 1735 yilda Nyurnbergda nashr etilgan “Kaspiy dengizi va Oʻzbek mamlakati” xaritasi esa Yevropa kartografiyasida Oʻzbekiston nomining ochiq va mustaqil ravishda qoʻllanishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Unda “Usbeck” nomi ostida Xiva, Buxoro, Samarqand, Fargʻona va Turkiston vohalari bir butun hudud sifatida tasvirlangan. Bu holat XVIII asrda Yevropa ilm-fani Oʻzbekistonni mustaqil, aniq geografik va siyosiy makon sifatida qabul qila boshlaganidan dalolat beradi.
– XVII-XVIII asrlarga oid Yevropa tarixiy xaritalari yurtimiz shaharlarini Markaziy Osiyoning ilmiy, savdo va strategik markazi sifatida aks ettiradi. Xaritalar oʻrtasidagi qiyoslar geografik bilimlar rivojlangani darajasini, Yevropa olimlarining mintaqa haqidagi tasavvurlari umumlashtiruvchi tushunchalardan aniq ilmiy qarashlarga oʻtganini yaqqol namoyon qiladi. Bu xaritalar nafaqat geografiya tarixi, balki Oʻzbekistonning jahon sivilizatsiyasida tutgan oʻrnini anglashda ham qimmatli manba hisoblanadi, – dedi markaz katta ilmiy xodimi Ravshan Xudayberganov.
Yuqorida keltirilgan xaritalarning barchasini Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Ikkinchi Renessans davri ekspozitsiyasida koʻrish mumkin.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma