Ilk bor toʻrt nodir asarning asl qoʻlyozmalarini bir joyda koʻrish mumkin

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan oʻrin olgan "Xamsa"lar
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ilk bor Sharq adabiyotining toʻrt nodir asarining asl nusxalari bir makonda jamlandi.
Xamsachilik — Sharq xalqlari adabiyotidagi eng yuksak va murakkab dostonnavislik anʼanalaridan biri. U beshta mustaqil, ammo gʻoyaviy jihatdan bir-biri bilan uzviy bogʻliq dostondan iborat “Xamsa” yaratish anʼanasiga tayanadi. Bu buyuk adabiy maktabga XII asrda ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy asos solgan.

Nizomiyning “Panj ganj” (Besh xazina) deb nom olgan “Xamsa”si — haqiqiy mahorat maktabi
Nizomiyning “Panj ganj” (Besh xazina) deb nom olgan “Xamsa”si “Mahzan ul-asror”, “Xusrav va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Haft paykar” hamda “Iskandarnoma” dostonlaridan iborat. Keyingi asrlarda ijodkorlar aynan shu asarlarning mavzui, syujet qurilishi, obrazlar tizimi va hatto joylashish tartibini saqlagan holda oʻz “Xamsa”larini yaratganlar.
Bu esa har qanday shoir uchun katta sinov — haqiqiy mahorat maktabi boʻlgan.
Anʼanaga koʻra, “Xamsa”ning birinchi dostonida falsafiy va axloqiy masalalar ilgari suriladi. Ikkinchi va uchinchi dostonlar muhabbat orqali inson va jamiyat munosabatlarini yoritadi. Toʻrtinchi doston sarguzasht ruhida boʻlib, unda adolatli shoh gʻoyasi markazga chiqadi.
Beshinchi, yakunlovchi doston esa barcha gʻoyalarni umumlashtirib, ijodkorning dunyoqarashi va maʼnaviy xulosalarini ifoda etadi.
Sharq adabiyoti tarixida badiiy qimmati turlicha boʻlgan 50 dan ortiq “Xamsa” yaratilgan. Ayrim ijodkorlar butun “Xamsa” yozmasdan, faqat bitta dostonga javob bitib ham katta shuhrat qozongan.
Fuzuliyning “Layli va Majnun” asari ana shunday durdonalardan biri hisoblanadi. Umuman olganda, “Layli va Majnun” mavzusi xamsachilikda eng koʻp qayta ishlangan syujet sifatida ajralib turadi.
Nizomiy oʻz “Xamsa”sini fors tilida yozgan boʻlsa, keyingi asrlarda bu anʼana turkiy, urdu, pushtu, kurd, arman va boshqa tillarda davom ettirildi. Vaqt oʻtishi bilan ijtimoiy-siyosiy sharoit oʻzgardi, ammo “Xamsa”ning maʼnaviy oʻzagi saqlanib qoldi.
Kavkazorti, Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston, Hindiston va Pokiston hududlarida bu anʼana avloddan-avlodga oʻtib keldi.
– Turkiy xalqlar adabiyotida xamsachilikni eng yuksak pogʻonaga olib chiqqan zot — Alisher Navoiy boʻldi. U turkiy tilda “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabʼai sayyor”, “Saddi Iskandariy”dan iborat mukammal “Xamsa” yaratdi. Navoiy Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiy anʼanalarini davom ettiribgina qolmay, ularga insonparvarlik va milliy ruh bagʻishladi, – dedi markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov.

Oʻzbek adabiy tilining boyligi, nafosati va imkoniyatlarini yaqqol namoyon etgan asar
Navoiy “Xamsa”si oʻzbek adabiy tilining boyligi, nafosati va imkoniyatlarini yaqqol namoyon etdi. Shu bois uning taʼsirida Fuzuliy, Lomiy, Nizoriy, Xoja kabi koʻplab shoirlar oʻz dostonlarini yaratishgan.
Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilayotgan ushbu “Xamsa”lar shunchaki qoʻlyozmalar emas. Ular nafaqat tarixiy dalil, balki oʻzbek adabiy tili va maʼnaviy tafakkurini oʻrganishda bebaho manba hisoblanadi. Ular bugungi avlodni oʻtmish bilan bogʻlab, kelajakka maʼnaviy yoʻl koʻrsatib turibdi.
Durdona Rasulova
P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma