Buyuk sarkarda yaratgan eng murakkab aqliy oʻyin namoyishi hayratlarga sabab boʻlmoqda

 

Amir Temur shaxmati Islom sivilizatsiyasi markazida


Nodir tafakkur mahsuli — Amir Temur davriga oid shaxmat taxtasi va donalari mulyaji Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida namoyish etilmoqda. Ushbu eksponat mualliflaridan biri Sardor Mahmudovning qayd etishicha, ushbu shaxmat orqali Amir Temur davlat va jamiyatni donalar emas, balki ular oʻrtasidagi munosabatlar belgilashini ramziy tarzda ifodalagan.

 

Insoniyat tafakkuri yaratgan eng nozik va murakkab aqliy oʻyinlardan biri boʻlgan shaxmat oʻzining chuqur falsafasi, strategik mohiyati va yuksak intellektual qiymati bilan ming yillar davomida turli sivilizatsiyalar hayotida muhim oʻrin egallab kelgan. Tarixiy manbalarga koʻra, shaxmatning ilk koʻrinishi boʻlgan “chaturang” oʻyini besh ming yil avval Hind zaminida paydo boʻlib, harbiy tuzilmaning toʻrt asosiy qismini ifoda etgan. Bu holatning oʻziyoq shaxmatning tasodifiy oʻyin emas, balki harbiy tafakkur, strategiya va davlat boshqaruvi bilan uzviy bogʻliq ekanini koʻrsatadi. Vaqt oʻtishi bilan “chaturang” Eron orqali arab olamiga kirib, “shatranj” nomi bilan keng tarqaldi. Arab xalifaligi davrida shaxmat yozma anʼanaga solinib, qoidalari tizimlashtirildi va aynan shu jarayon tufayli shaxmat tarixiga oid qimmatli manbalar bizgacha yetib keldi. 

 

Shaxmat oʻyinining buguni ham, oʻtmishi ham juda dolzarb ahamiyat kasb etgani bilan boshqa aqliy oʻyinlar ichidan alohida ajralib turadi. Amir Temur davrida shaxmat oddiy oʻyin yoki vaqtni mazmunli oʻtkazish vositasi emas, balki olam tuzilishini anglash, hokimiyat va masʼuliyat mohiyatini tushuntirish hamda tafakkurni tartibga solish uchun yaratilgan ramz sifatida ham qaralgan. 

 

Amir Temur davrida shakllangan shaxmat taxtasi va donalari real hayotning ixcham, ammo chuqur maʼnoga ega timsoli boʻlib, unda davlat, jamiyat va inson oʻrtasidagi muvozanat mujassam etilgan.

 

Ayniqsa, Amir Temur uchun maxsus yasatilgan shaxmatlar oʻzining ramziy tuzilishi bilan ajralib turgan. Amir Temur shaxmatining eng muhim xususiyati — uning uch qatorli (uch pogʻonali) konseptual tuzilishidir. Bu tuzilish shunchaki texnik joylashuv emas, balki sharqona tafakkurga xos uchlik falsafasiga asoslangan. Shaxmat taxtasidagi har bir tomon uch asosiy qatlamni ifodalagan boʻlib, ular bir-birini toʻldiruvchi va muvozanatda ushlab turuvchi tizim sifatida talqin etilgan. 

 

Yuqori qatlam — boshqaruv va qaror markazi, oʻrta qatlam — harakat va himoya makoni, quyi qatlam esa tayanch va davomiylik timsoli sifatida anglangan. Yuqori qatorda joylashgan shaxmat donalari hokimiyat, masʼuliyat va tartib ramzi edi. Shoh bu yerda shunchaki eng muhim dona emas, balki butun tizimning maʼnaviy markazi sifatida qaralgan. Uning cheklangan harakati hokimiyatning chegarasi, ehtiyotkorligi va masʼuliyatini anglatgan. Shoh atrofidagi kuchli donalar esa markazlashgan boshqaruv, yaqin maslahat va himoya tizimini ifodalagan. Bu qatlam Temuriy davlat tafakkurida “markaz mustahkam boʻlsa, tuzilma barqaror boʻladi” degan gʻoyani ramziy tarzda aks ettirgan. 

 

Yevropada Amir Temur yaratgan murakkab shaxmat turi haqida birinchi marta 1860 yili angliyalik tilshunos olim Dunkan Forbs “Shaxmat tarixi” kitobida maʼlum qiladi. 

 

Sardor Mahmudov, Markaz muzeyida joylashtirilgan Amir Temur shaxmati mulyaji mualliflaridan biri: 

 

– Buyuk sarkarda yaratgan shaxmatning zamonaviy shaxmatdan farqi shundaki, “Temur shaxmati” taxtasi ovalsimon koʻrinishga ega boʻlib, katakxonalari bir xil rangda boʻlgan, oʻn qator, oʻn bir ustun va 112 katakdan iborat (zamonaviy shaxmat esa 64 katak va 8 ustun hamda qatorga boʻlingan). Shaxmat taxtasiga ikkita qoʻshimcha katak ham qoʻshilgan. Ulardan biri chapdagi toʻqqizinchi qatorda, ikkinchisi esa oʻngdagi ikkinchi qatorda. Bu qoʻshimcha ikkita katak oʻyin davomida suyanch “qoʻrgʻoncha” vazifasini oʻtashi koʻzda tutilgan va u mazkur shaxmat turida juda muhim oʻrin tutgan.

 

 

Amir Temur shaxmatining eng muhim xususiyati — uning uch qatorli (uch pogʻonali) konseptual tuzilishidir

 

Qayd etilishicha, oʻrta qatlam shaxmatning eng faol va dinamik qismi boʻlib, u harakat, strategiya va muvozanat timsoli hisoblangan. Bu qatorda joylashgan donalar turli yoʻnalishlarda yurish imkoniga ega boʻlib, Temuriy tafakkurda harbiy va siyosiy manevr, vaziyatga moslashuv va oldindan rejalash gʻoyalarini ifodalagan. Aynan shu qatlam shaxmatni tafakkur mashqiga aylantirgan: bu yerda kuch emas, toʻgʻri joylashuv, vaqt va fikr ustuvor boʻlgan. Amir Temur shaxmatni aynan shu jihati uchun qadrlagan — u insonni tez qaror qabul qilishga emas, balki oqibatni koʻra bilishga oʻrgatgan. Quyi qatlam esa shaxmatning eng sokin, ammo eng muhim ramziy qismidir. Bu qatordagi donalar tayanch, barqarorlik va davomiylikni anglatgan. Ular sekin harakat qilsa-da, oxir-oqibat yuqori maqomga koʻtarilish imkoniga ega boʻlgani bilan alohida maʼno kasb etgan. Bu tushuncha Temuriy davrda insonning xizmat, sadoqat va sabr orqali yuksalishi mumkinligi haqidagi gʻoya bilan uygʻunlashgan. Shaxmatda aynan quyi qatlam kelajakni belgilovchi kuch sifatida talqin etilgan.

 

– Amir Temur davrida yasatilgan shaxmat donalarining shakli va materiali ham ramziy maʼnoga ega edi. Ular tasodifiy bezak emas, balki tartib, vazifa va maqomni ifodalovchi aniq belgilar asosida yaratilgan. Har bir dona oʻz chegarasini bilgan, oʻz vazifasidan chiqmagan va umumiy tizimga xizmat qilgan. Bu holat Temuriy davlat falsafasining shaxmatdagi aksidir: kuch — tartib bilan, erkinlik — masʼuliyat bilan, harakat esa maqsad bilan uygʻun boʻlishi kerak. Shu bois Temuriy shaxmat taxtasi kichik maydon boʻlsa-da, unda butun bir olam modeli mujassam edi. Uch qatordan iborat tuzilma orqali hokimiyatning manbai, kuchning harakati va barqarorlikning asosi ramziy tarzda ifodalangan. Amir Temur uchun shaxmat donalari emas, balki ularning oʻzaro munosabati muhim edi — chunki aynan shu munosabatlarda davlat, jamiyat va inson taqdiri aks etadi, – deydi Sardor Mahmudov. 

 

 

Uch qatordan iborat tuzilma orqali hokimiyatning manbai, kuchning harakati va barqarorlikning asosi ramziy tarzda ifodalangan

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyining Ikkinchi Renessans davri boʻlimidan joy olgan Amir Temur shaxmatining mulyaji tashrif buyuruvchilarning har birida alohida hayrat uygʻotmoqda.

 

 

Laylo Abdukaxxarova

P/S:Maqolani markaz rasmiy saytiga havola bilan koʻchirib eʼlon qilish mumkin