Qibla kompasi: Gollandiyadan maxsus olib kelingan asbob ekspozitsiyada!

 

 

Islom ilmida qiblani aniqlash masalasi astronomiya va geometriya taraqqiyotiga turtki bergan. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasidagi Qibla kompasi ana shu ilmiy izlanishlarning yuksak namunasidir.

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasidagi eng muhim eksponatlar orasida Gollandiyadan maxsus olib kelingan Qibla kompassi ham bor. Islom dinida qibla yoʻnalishini aniqlash muhim amaliy ahamiyatga ega boʻlgan. Shu bois, asrlar davomida islom olimlari, xususan Markaziy Osiyo mutafakkirlari bu yoʻnalishda jiddiy ilmiy tadqiqotlar olib borishgan.

 

Ekspozitsiyadagi zamonaviy qibla koʻrsatgich XVII–XVIII asrlarda Isfahonda yaratilgan nusxalardan ilhomlangan holda tayyorlangan. Asbob ilmiy jihatdan Beruniy tomonidan ishlab chiqilgan retro-azimutal proyeksiyaga asoslangan. Bu proyeksiya qibla yoʻnalishini yuqori aniqlikda aniqlash imkonini bergan. Asbobda 100 dan ortiq shahar koordinatalari aks ettirilgan boʻlib, ularning katta qismi XV asrda Markaziy Osiyoda tuzilgan geografik manbalardan olingan. Qibla koʻrsatgichning estetikasi ham oʻziga xos: toʻgʻri va elliptik chiziqlar, geometriya qonunlariga asoslangan bezaklar uni nafaqat amaliy asbob, balki yuksak badiiy qimmatga ega sanʼat namunalari sirasiga kiritadi. Asbob diametri — 18 sm, shaharlar ingliz tilida berilgan, masofa koʻrsatkichi kilometrlarda hisoblangan.