Ochiq diplomatiya, ochiq chegaralar: Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi zamonaviy yondashuvlar ekspozitsiya orqali yoritilmoqda

 

 

 

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda muloqot madaniyatini tikladi, BMT minbarida faol tashabbuslar bilan chiqdi va xalqaro logistika xaritasida oʻz oʻrnini mustahkamladi. Bu oʻzgarishlar Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining aniq natijalaridir.

 

Yangi Oʻzbekiston bugun ochiq, pragmatik va masʼuliyatli tashqi siyosati bilan Markaziy Osiyoda tinchlik, hamkorlik va barqaror taraqqiyotning faol tashabbuskori sifatida eʼtirof etilmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan tashqi siyosiy strategiya mamlakat xavfsizligini mustahkamlash, qoʻshnichilik aloqalarini rivojlantirish va Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

 

Ushbu yoʻnalishlar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilgan “Yangi Oʻzbekiston – yangi Renessans poydevori” boʻlimi ekspozitsiyasida davlatning ochiq, tinchlikparvar va uzoqni koʻzlagan tashqi siyosiy yoʻli tizimli ravishda aks ettirilgan.

 

Markaziy Osiyo - tashqi siyosatning ustuvor yoʻnalishi


Oʻzbekiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasi asosiy ustuvor yoʻnalish sifatida belgilandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqa tarixida muhim burilish yasadi.


Bugun Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi ochiq muloqot va amaliy hamkorlik mintaqani barqarorlik va taraqqiyot hududiga aylantirish yoʻlida muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.

 

Global maydondagi faol tashabbuslar


Soʻnggi yetti yil davomida Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 11 ta rezolyutsiya qabul qilindi, shundan 4 tasi 2024 yilga toʻgʻri keladi.


Shuningdek, Oʻzbekiston tarixda ilk bor BMT Inson huquqlari kengashi aʼzosi etib saylandi. Mamlakatimiz vakilining BMT Inson huquqlari qoʻmitasi aʼzosi boʻlgani ham inson huquqlarini taʼminlash borasidagi islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilganini koʻrsatadi.

 

Strategik transport va logistika loyihalari
Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatida mintaqaviy va transkontinental aloqalarni mustahkamlash muhim oʻrin tutadi. Bugun:


• «Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston» magistral temir yoʻli qurilishi boshlandi;


•«Oʻzbekiston–Afgʻoniston–Pokiston» temir yoʻli loyihalari ustida izchil ishlar olib borilmoqda;


•«Belarus–Rossiya–Qozogʻiston–Oʻzbekiston–Afgʻoniston–Pokiston», “Oʻrta koridor”, “Markaziy Osiyo–Eron–Oman–Qatar” yoʻnalishlaridagi multimodal transport yoʻlaklarini rivojlantirish boʻyicha faol saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda.


Mazkur loyihalar Oʻzbekistonni mintaqaviy logistika markaziga aylantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va mamlakat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

 

Zamonaviy konsullik va vizaviy ochiqlik


Tashqi siyosatning muhim yoʻnalishlaridan biri - fuqarolar manfaatlarini himoya qilishdir. Shu maqsadda “Interaktiv konsullik xizmatlari” axborot tizimi (consul.mfa.uz) ishga tushirildi. Platforma orqali fuqarolik, doimiy yashash, roʻyxatga olish va boshqa konsullik xizmatlari elektron shaklda taqdim etilmoqda.

 

Bugungi kunda Oʻzbekiston fuqarolari 32 ta davlatga vizasiz safar qilishi mumkin. Shu bilan birga, 44 ta davlat fuqarolari Oʻzbekistonga viza olish yoki uni elektron shaklda rasmiylashtirish huquqiga ega. Bu ochiqlik va ishonchga asoslangan siyosatning amaliy natijasidir.

 

Ochiq axborot siyosati va xalqaro OAV bilan hamkorlik


Bugun Tashqi ishlar vazirligi huzurida 69 nafar xorijiy jurnalist doimiy akkreditatsiyadan oʻtgan. Ular orqali Oʻzbekistonning ichki va tashqi siyosatiga oid materiallar turli xorijiy tillarda muntazam eʼlon qilinmoqda.

 

Faqat 2024 yilning oʻzida mamlakatimizga 81 ta davlatdan 2 mingdan ortiq xorijiy jurnalist tashrif buyurdi, 21 ta maxsus press-tur tashkil etildi. Bu koʻrsatkichlar soʻnggi uch yilda qariyb ikki barobarga oshgani Oʻzbekistonning ochiq axborot makoniga aylanganini koʻrsatadi.

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan xorijiy davlat rahbarlariga taqdim etilgan kitoblar namoyish etilmoqda. Ushbu eksponatlar Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim jihati - maʼnaviy diplomatiya, madaniy muloqotga asoslangan yondashuvni ifodalaydi.

 

“Yangi Oʻzbekistonning tashqi siyosati va mamlakat xavfsizligi” ekspozitsiyasi davlatimizning ochiq, tinchlikparvar va uzoqni koʻzlagan siyosatini yaqqol namoyon etadi. Markaziy Osiyoda barqarorlikni mustahkamlash, global hamkorlikni kengaytirish va milliy manfaatlarni qatʼiy himoya qilish – Yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining bosh mezoniga aylangan.