Euronews: Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Markaziy Osiyoning jahon tarixidagi oʻrnini qayta talqin etmoqda

 

Euronews nashri Oʻzbekiston  endilikda faqat savdo yoʻllari chorrahasi emas, balki jahon bilimlarining asosiy tayanch nuqtalaridan biri sifatida namoyon boʻlishini eʼtirof etdi.

 

2017 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi minbarida mamlakatda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilishini eʼlon qilganida, maqsad aniq edi: bu muassasa oddiy milliy muzey emas, balki jahon miqyosidagi madaniy institutsiya boʻlishi kerak.

 

Prezident taʼkidlaganidek, Markaz Oʻzbekistonning ilm-fan, madaniyat va maʼrifat taraqqiyotiga qoʻshgan hissasini — faqat islom olami uchun emas, balki butun insoniyat uchun namoyon etishi lozim edi. Oradan sakkiz yil oʻtib, bu gʻoya Toshkentda aniq shakl kasb etdi.

 

2025 yilda Markaz oʻz faoliyatini xalqaro maydonga olib chiqib, oddiy madaniy inshootdan tashqari, Oʻzbekiston haqidagi tasavvurlarni jahon miqyosida qayta shakllantirishga qaratilgan keng qamrovli tashabbusga aylandi.

 

Yevropa jamoatchiligi uchun Oʻzbekiston koʻpincha ikki asosiy tarixiy obraz orqali qabul qilinadi: Ipak yoʻli va Sovet davri. Bu davrlar, albatta, muhim, ammo ular Markaziy Osiyoning yana bir muhim qirrasini — oʻrta asrlardagi jahon intellektual taraqqiyotining asosiy markazlaridan biri boʻlganini toʻliq ochib bermaydi.

 

IX–XII asrlarda hozirgi Oʻzbekiston hududida yashab ijod qilgan olimlar matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa va adabiyot sohalarida Islom sivilizatsiyasining «Oltin asri»ga poydevor qoʻygan. Masalan, Ibn Sino (Avitsenna)ning «Tib qonunlari» asari asrlar davomida Yevropa universitetlarida oʻqitilgan. Alisher Navoiy esa turkiy adabiy madaniyat shakllanishida hal qiluvchi oʻrin tutgan.

 

Bu zotlar chetda qolgan shaxslar emas, balki Sharq va Gʻarb oʻrtasida bilim almashuvini taʼminlagan markaziy shaxslar edi.

 

Markaz ana shu allomalar merosini targʻib etish orqali Oʻzbekiston hududlari Ispaniyadan Hindistongacha boʻlgan hududlarda ilm-maʼrifat tarqalgan bilim chorrahasi boʻlganini koʻrsatadi.

 

Xotira emas, muloqot maydoni

 

Prezident Mirziyoyev 2025 yilda BMT Bosh Assambleyasida soʻzlagan navbatdagi nutqida Islom sivilizatsiyasi markazini sivilizatsiyalar oʻrtasidagi yangi global muloqot maydoni sifatida taʼrifladi.

 

Markaz islomiy merosni oʻtmishda «qotib qolgan» holda emas, balki insonparvar, ilmiy va ochiq sivilizatsiya sifatida namoyon etadi. Bu yondashuv Yevropa va boshqa mintaqalarda ham tobora kuchayib borayotgan tendensiya — turli madaniyatlar oʻrtasidagi aloqalar zamonaviy ilm-fan va tafakkur rivojiga qanday taʼsir koʻrsatganini anglashga boʻlgan qiziqish bilan hamohangdir.

 

2025 yildagi xalqaro hamkorliklar

 

2025 yil davomida Markaz xorijiy yirik madaniy va ilmiy muassasalar bilan faol aloqalar oʻrnatdi.

 

Malayziyada Markaz madaniy hamkorlikka erishib, taxminan 100 ming nodir kitobdan iborat toʻplamdan foydalanish imkoniyatini qoʻlga kiritdi hamda Kuala-Lumpurdagi Islom sanʼati muzeyida Janubi-Sharqiy Osiyo va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi tarixiy aloqalarga bagʻishlangan qoʻshma davra suhbati oʻtkazdi.

 

Buyuk Britaniyada Markaz mutaxassislari Oksford universiteti qoshidagi Bodlean kutubxonasi bilan hamkorlikda Alisher Navoiy asarlari kabi nodir qoʻlyozmalarni oʻrgandi va ularning nusxalarini Markaz kutubxonasida saqlash boʻyicha kelishuvga erishdi. Italiyaning Bolonya shahrida esa Ibn Sinoning «Tib qonunlari»ning ilk nusxalari hamda qariyb 200 ta turkiy tildagi qoʻlyozma aniqlandi.

 

Bu kashfiyotlar Markaziy Osiyo ilmiy merosi geografik chegaralardan ancha uzoqqa — Iberiya yarimorolidan Janubiy Osiyogacha tarqalganini yaqqol koʻrsatadi.

 

Qadimiy tarixni zamonaviy tilda hikoyalash

 

Markaz anʼanaviy ilmiy yondashuvni zamonaviy ekspozitsiya texnologiyalari bilan uygʻunlashtiradi. Interaktiv installyatsiyalar, multimedia koʻrgazmalari va 300 dan ortiq qisqa metrajli filmlar orqali murakkab tarixiy gʻoyalar keng jamoatchilikka tushunarli tarzda yetkaziladi.

 

Asosiy loyihalardan biri — «Maʼrifat aks sadosi» (Whispers of Wisdom) turkumi boʻlib, u «Oskar» mukofoti sohibi aktyor Ben Kingsli tomonidan ovozlantirilgan. Ushbu kinoportretlar Oʻzbekiston bilan bogʻliq buyuk mutafakkirlarni jahon auditoriyasiga tanishtiradi.

 

Xalqaro eʼtirofning oʻsishi

 

2025 yil yakuniga kelib, ICESCO, TURKSOY va Oksford islom tadqiqotlari markazi kabi tashkilotlar Markaz faoliyatida bevosita ishtirok etdi.


100 dan ortiq xalqaro ekspert Toshkentdagi majmuani ziyorat qildi, Markaz ichida esa uzoq muddatli hamkor tashkilotlar uchun alohida ofislar ajratildi.

 

Yil davomida ikki nufuzli tadbir oʻtkazildi: 20 dan ortiq mamlakat vakillari ishtirok etgan “Buyuk oʻtmish merosi — maʼrifatli kelajak asosi” xalqaro forumi hamda besh davlat rahbari tashrif buyurgan Markaziy Osiyoning umumiy maʼnaviy merosiga bagʻishlangan mintaqaviy kongress.

 

Merosni oʻz manbaiga qaytarish

 

Prezident tashabbusi va qoʻllab-quvvatlashi tufayli Markaz 2025 yilda 1000 dan ortiq noyob artefaktni Oʻzbekistonga qaytarishga muvaffaq boʻldi. Ular orasida qoʻlyozmalar, ilmiy asboblar, sopol buyumlar va Qurʼon parchalari bor.

 

Ayrim ashyolar alohida ramziy ahamiyatga ega. Jumladan, Makkadagi Kaʼba bilan bogʻliq qismlar — Kisva (Kaʼbani qoplab turadigan qora mato) parchasi va uning kalitlariga taalluqli fragmentlar Saudiya Arabistoni bilan muzokaralar natijasida taqdim etildi.

 

Buyuk Britaniyada aniqlangan kichik bronza bugʻu haykalchasi esa Markaziy Osiyo sanʼati qadimdan uzoq oʻlkalarga taʼsir koʻrsatib kelganini eslatadi.

 

Markazning yuragi


Majmuaning meʼmoriy va ramziy markazida VII asrga oid, YuNESKOning «Jahon xotirasi» roʻyxatiga kiritilgan Usmon mushafi joylashgan. U 65 metrli gumbaz ostida saqlanib, atrofida islom xattotligi taraqqiyotini aks ettiruvchi 114 ta nodir Qurʼon namunalari namoyish etilgan.

 

Bino shuningdek Oʻzbekiston musulmonlari idorasiga ham mezbonlik qilmoqda, bu esa uni madaniy va diniy markaz sifatida yanada mustahkamlaydi.

 

Global tajriba va milliy oʻzlik

 

Markaz ekspozitsiyasini yaratishda Oʻzbekiston va xorijdan 1500 dan ortiq meʼmor, tarixchi, hunarmand, restavrator va texnolog ishtirok etdi. Loyiha milliy naqshlar va zamonaviy ochiq makon konsepsiyasini uygʻunlashtirib, tashrif buyuruvchilarni islomgacha boʻlgan davrdan Birinchi va Ikkinchi Renessanslar, hamda zamonaviy «Uchinchi Renessans» gʻoyasigacha yetaklaydi.

 

Yangi tarixiy qarash

 

Yevropa auditoriyasi uchun Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati tashqi koʻrkamlikdan koʻra, uning hikoyasidadir. U ilm-fan taraqqiyoti faqat Gʻarbdan Sharqqa emas, balki oʻzaro almashuv orqali rivojlanganini koʻrsatadi.

 

Agar 2025 yil Markazning xalqaro maydonga chiqish yili boʻlgan boʻlsa, 2026 yil uning keng jamoatchilikka toʻliq ochilishi davri boʻladi. Bu bilan Oʻzbekistonga nisbatan qarash ham oʻzgaradi: u endilikda faqat savdo yoʻllari chorrahasi emas, balki jahon bilimlarining asosiy tayanch nuqtalaridan biri sifatida namoyon boʻladi.