Islom tafakkuri va meʼmoriy yuksalish: Markaziy Osiyo tajribasi

Islom sivilizatsiyasi taʼsirida shakllangan Birinchi Renessans Markaziy Osiyoni nafaqat ilm va maʼrifat, balki betakror meʼmoriy yechimlar makoniga aylantirdi. Buxoro va Samarqanddan choʻl oʻrtasidagi Raboti Malikkacha boʻlgan obidalar ana shu yuksalishning tosh va gʻishtda mujassam ifodasidir.
Oʻzbekiston insoniyat taraqqiyotida kamida ikki bor buyuk uygʻonish — Renessans davrlarini boshidan kechirgan. Ulardan birinchisi islom dini mintaqada keng tarqalganidan soʻng, milliy qadriyatlar va xalqimizning yuksak intellektual salohiyati bilan uygʻunlashib, Markaziy Osiyoda oʻziga xos, keng qamrovli madaniy-maʼrifiy yuksalishni yuzaga keltirdi.
Bu davrda Sharqda ilm-fan, falsafa, adabiyot va madaniyat misli koʻrilmagan darajada ravnaq topdi. Ana shu maʼnaviy yuksalish meʼmorchilik sohasida ham yaqqol namoyon boʻldi. Tinchlik va barqarorlik muhiti, mahalliy hukmdorlarning ilm va madaniyatga homiyligi natijasida shaharlarda masjidlar, madrasalar, kutubxonalar, karvonsaroylar va ziyoratgohlar qad rostladi. Xalq ichidan yetishib chiqqan meʼmor va hunarmandlar tomonidan yaratilgan bu inshootlar nafaqat amaliy, balki estetik jihatdan ham yuksak darajada boʻlib, butun islom olamiga tanildi.
Birinchi Renessans davri meʼmorchiligida xom gʻisht va paxsadan keng foydalanilgan, binolar ohakli qorishmalar, ganch naqshlari, gajakdor bezaklar bilan ziynatlangan. Ayrim masjidlar mehroblari esa silliq gʻishtlar, oʻyma naqshlar va hatto tillo suvlari bilan bezatilgan. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Birinchi Renessans boʻlimida ana shu davrning eng yorqin meʼmoriy namunasi boʻlgan obidalar tarixi va maʼnaviy qimmati bilan namoyish etiladi.
Raboti Malik majmuasi
Raboti Malik majmuasi XI asr oxiri — XII asr boshlarida Qoraxoniylar sulolasiga mansub hukmdor Shams al-Mulk Nasr ibn Ibrohim (1068–1080) tomonidan qurdirilgan. Ayrim tarixiy manbalarga koʻra, keyinchalik Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon (1102–1130) davrida majmuaga taʼmirlash ishlari olib borilib, qoʻshimcha inshootlar kiritilgan. Raboti Malik dastlab savdo karvonsaroyi sifatida emas, balki Choʻl Malik hududida siyosiy, harbiy va iqtisodiy markaz vazifasini bajargan yirik majmua boʻlgan.
XIII asrdan boshlab, moʻgʻullar istilosi va Buyuk Ipak yoʻli faoliyati bilan bogʻliq holda, u karvonsaroy sifatida xizmat qilgan. XX asrga kelib obida jiddiy zarar koʻrgan, xususan, 1966 yilda sodir boʻlgan zilzila natijasida uning katta qismi vayron boʻlgan. Bugungi kunda Raboti Malik majmuasi va unga tutash Sardoba inshooti UNESCOning “Silk Roads: Zarafshan–Karakum Corridor” nomzod obʼektlari roʻyxatiga kiritilgan.

Magʻoki Attori masjidi
Buxoro shahrida joylashgan Magʻoki Attori masjidi IX–X asrlarga oid eng qadimiy diniy-meʼmoriy yodgorliklardan biridir. Tadqiqotchilarning fikricha, masjid islom dini kirib kelishidan avval mavjud boʻlgan ibodatxona ehtimol, zardushtiylikka mansub «mah» (oy) ibodatxonasi oʻrnida barpo etilgan. Masjid nomi «Magʻoki» – fors-tojikcha “chuqurda joylashgan” va «Attori» - dorivor oʻsimliklar, ziravorlar hamda atir mahsulotlari savdosi amalga oshirilgan bozor nomidan kelib chiqqan. Tarix davomida masjid bir necha bor yongʻinlar va yer qatlamlarining koʻtarilishi tufayli qayta qurilgan. XII asrda yirik taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan. XVI asrda Buxoro hokimi Abdullazizxon tomonidan buzish rejalashtirilgan boʻlsa-da, Naqshbandiya tariqati yetakchisi Shayx Mahmudiy Aʼzam bu harakatni toʻxtatgan. Hozirda Magʻoki Attori masjidi muzey sifatida faoliyat yuritib, “Buxoro tarixiy markazi” tarkibida UNESCO Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.

Chashmai Ayub maqbarasi
Chashmai Ayub maqbarasi Buxoroda joylashgan, chuqur maʼnaviy ahamiyatga ega qadimiy ziyoratgohlardan biridir. Maqbara dastlab XII asr boshlarida Qoraxoniylar davrida qurilgan deb hisoblanadi. Keyinchalik Amir Temur davrida – XIV asrda qayta taʼmirlanib, quduq va buloq ustidan qoʻshimcha inshootlar barpo etilgan. Maqbara toʻgʻri toʻrtburchak shaklda bunyod etilgan boʻlib, ichki qismida buloq va quduq mavjud. Ushbu suv qadimdan musaffo va shifobaxsh deb eʼtirof etilib kelinadi. Quduq ustidagi konus shaklidagi gumbaz XIV asrda xorazmlik ustalar tomonidan qurilgan. Afsonalarga koʻra, Paygʻambar Ayub hassasi bilan yerga urganda, aynan shu joydan buloq paydo boʻlgan. Bugungi kunda ham bu yerda ziyorat va buloq suvidan olish anʼanasi saqlanib qolgan.

Somoniylar maqbarasi
Ismoil Somoniy maqbarasi X asr oxirlariga mansub boʻlib, Markaziy Osiyo islom meʼmorchiligining eng qadimiy va mukammal namunalaridan biridir. Maqbara Somoniylar sulolasi asoschisi Ismoil Somoniy tomonidan otasi Ahmad ibn Asad xotirasiga atab qurdirilgan. Keyinchalik Ismoil Somoniy va uning avlodlari ham shu yerda dafn etilgan. Mazkur obida qadimgi soʻgʻd meʼmorchilik anʼanalari bilan islomiy arxitektura uslublarining uygʻunlashuvi mahsuli boʻlib, mahalliy meʼmorchilik maktabining yuksak darajasini namoyon etadi. Somoniylar maqbarasi nafaqat tarixiy va meʼmoriy ahamiyatga ega, balki Buxoro vohasining ilm-fan va madaniyat markazi sifatidagi mavqeini ifodalovchi ramziy yodgorlik hisoblanadi. U UNESCO Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan.
Qusamiya madrasasi
XI asrga oid Qusamiya madrasasi Samarqand meʼmorchilik maktabi tarixida muhim oʻrin tutadi. Abu Tohirxoʻjaning «Samariya» asarida qayd etilishicha, madrasa Bani Nojiya – hozirgi Shohizinda hududida joylashgan boʻlib, Saljuqiylar hukmdori Sulton Sanjar (1118–1157) tomonidan qurdirilgan. Arxeologik qazishmalar natijasida aniqlanishicha, XI asrga kelib Samarqandda hovli-ayvonli madrasa tarhi toʻliq shakllangan va bu meʼmoriy model keyingi asrlarda ham asosiy tuzilma sifatida saqlanib qolgan. Qusamiya madrasasi meʼmori mutanosiblikning mukammal tamoyili – “oltin nisbat” qonuniyatlaridan mahorat bilan foydalangan. Aynan ushbu madrasa XV–XVII asrlardagi madrasalar uchun universal meʼmoriy qolip vazifasini bajargan. Shu bois u Samarqand meʼmorchilik maktabi tarixini oʻrganishda beqiyos ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, Birinchi Renessans davri Oʻzbekiston hududida islom sivilizatsiyasi, milliy qadriyatlar va yuksak intellektual salohiyat uygʻunlashgan tarixiy bosqich sifatida namoyon boʻladi. Ushbu davrda barpo etilgan masjidlar, madrasalar, karvonsaroylar va ziyoratgohlar nafaqat meʼmoriy jihatdan, balki maʼnaviy-maʼrifiy mazmuni bilan ham yurt tarixida oʻchmas iz qoldirgan. Bugun bu noyob meros Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi orqali ilmiy, madaniy va maʼrifiy jihatdan keng jamoatchilikka taqdim etilib, oʻtmish bilan bugunni, tarixiy tafakkur bilan zamonaviy rivojlanishni bogʻlab turuvchi muhim maʼnaviy koʻprik vazifasini bajarmoqda.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma