«ISLOM SIVILIZATSIYASINI YAGONA MAKONDA TIZIMLI NAMOYISH ETISH — NOYOB IMKONIYAT»
Malta, Shveysariya va Qirg‘iziston vakillari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari bilan tanishib, uni madaniyatlararo muloqot va tarixiy xotirani asrashga xizmat qiluvchi muhim makon sifatida baholadi.
Toshkent shahrida joylashgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Malta, Shveysariya davlatlari hamda Qirg‘iziston Respublikasidan kelgan xorijiy mehmonlar tashrif doirasida Sharq va G‘arb sivilizatsiyalarini bog‘lab turgan boy tarixiy, ilmiy va madaniy meros bilan yaqindan tanishdi. Mehmonlar Markazning asosiy ekspozitsiya zallari, umumiy konsepsiyasi va mazmun-mohiyati bilan tanishar ekan, O‘zbekiston hududida shakllangan ilmiy-maʼnaviy meros, shuningdek, islom sivilizatsiyasining jahon taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida batafsil maʼlumot oldi.
Erkin Bek, "All Here and World Meditation" tashkilotlari asoschisi (Shveysariya):
– Men ushbu markazni islom sivilizatsiyasining jahon miqyosidagi ahamiyatini namoyon etishga xizmat qiladigan noyob va beqiyos imkoniyat, deb bilaman. Tarixda shunday muhim davrlar bo‘ladiki, madaniy merosni asrab-avaylash va islom sivilizatsiyasining jahon taraqqiyotiga qo‘shgan intellektual hissasini chuqur anglash ayniqsa dolzarb ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan ushbu tashabbus ana shunday tarixiy va g‘oyat muhim davrga to‘g‘ri kelmoqda. Bunday ulkan mega loyiha bilan Prezidentingizni va xalqingizni chin qalbimdan tabriklayman. Islom sivilizatsiyasi o‘zining ulkan, chuqur va beqiyos tarixiga ega. Uni yagona makonda jamlab, tizimli tarzda namoyish etish odamlarni bu boy merosni yana-da chuqurroq o‘rganishga undaydi. Ushbu markaz O‘zbekiston, Markaziy Osiyo va butun mintaqaning madaniy, intellektual va maʼnaviy taraqqiyotida muhim rol o‘ynashi, shuningdek, islom sivilizatsiyasini global miqyosda anglashga munosib hissa qo‘shadi. Amir Temur shaxmat o‘ynayotgan manzara tasvirlangan juda qiziqarli ekspozitsiya meni qiziqtirdi. Shaxmat ishqibozi sifatida Amir Temurning turli mamlakatlardan kelgan elchilar bilan shaxmat o‘ynaganining ramziy maʼnosini yaxshi tushunaman. Bu — strategik fikrlash, vaziyatni oldindan ko‘ra bilish va uzoqni ko‘zlab qaror qabul qilish timsolidir. Ikkinchi Renessans bo‘limi juda katta taassurot qoldirdi. Unda O‘zbekiston va butun mintaqaning yuksalish davri, qudratli ilmiy va madaniy markazga aylangan zamon juda taʼsirchan tarzda aks ettirilgan. Islomdan avvalgi davrdan Birinchi Renessansga, undan esa Ikkinchi Renessansga o‘tish jarayoni izchil va chuqur maʼnoda yoritilgan. Aynan shu bo‘lim men uchun eng esda qolarli va sevimli qism bo‘ldi".
Malta Respublikasi vakili Zina Kurmanova Markazda tarix, ilm-fan va zamonaviy yondashuv uyg‘unlashgan betakror madaniy makon yaratilganini qayd etdi.
Zina Kurmanova, Malta Respublikasi vakili:
"Bu yerda tarix, ilm-fan va zamonaviy yondashuv uyg‘unlashgan betakror maskan barpo etilganini ko‘rib, chinakam hayratga tushdim. Ushbu Markaz islom sivilizatsiyasining haqiqiy, chuqur va boy tarixini ochib beradi. Har bir zal, har bir eksponat insonni o‘ylantiradi, hayratga soladi va faxr tuyg‘usini uyg‘otadi. Bu yerga kelib, nafaqat tarixni ko‘rasiz, balki uni his qilasiz. Bunday noyob madaniy maskan uchun prezidentingizga rahmat. Bunday markazning bunyod etilgani nafaqat bugungi avlod, balki kelajak avlodlar uchun ham bebaho maʼnaviy merosdir. Bu joyni ko‘rish — katta sharaf va unutilmas taassurot bo‘ldi".
Tashrif yakunida mehmonlar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish, tarixiy xotirani asrash va ilmiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiluvchi muhim maydon sifatida baholadi. Ular bunday tashabbuslar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi madaniy va maʼnaviy nufuzini yana-da mustahkamlashini alohida qayd etdi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma