YEVROPA BOSMAXONALARIDA CHOP ETILGAN SHARQNING NOYOB KOLLEKSIYASI QAYERDA SAQLANYAPTI?


 

Mesenat Alisher Usmonov tomonidan hadya qilingan 5000 ga yaqin noyob kitoblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasini yirik ilmiy manbaga aylantirmoqda. Ushbu kolleksiya Sharq va G‘arb ilm-fani o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni yoritadi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasi bugungi kunda ilmiy tadqiqotlar uchun muhim manba sifatida shakllanib bormoqda.

 

Kutubxona fondida jamlanayotgan nodir kitoblar va tarixiy nashrlar ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ilmiy merosni chuqur o‘rganish va tahlil qilish imkonini bermoqda. Mazkur fond o‘z mazmuni va qamrovi bilan tadqiqotchilar uchun zarur manbalarni bir joyga jamlagani bilan ahamiyat kasb etadi.

 

 

Alisher Usmonov tomonidan hadya qilingan 5000 ga yaqin noyob kitoblar kolleksiyasi tashkil etadi. Ushbu to‘plam Sharq va G‘arb ilm-fani o‘rtasidagi tarixiy aloqalarni yorituvchi manbalardan iborat bo‘lib, XIII asrdan keyingi davrlarga oid nashrlarni qamrab oladi. Kolleksiya tarkibida tibbiyot, astronomiya, matematika, tarix va falsafaga doir asarlar o‘rin olgan. Kitoblarning katta qismi Yevropada chop etilgan bo‘lib, ular Sharqda yaratilgan ilmiy asarlarning G‘arb ilmiy muhitida qanday o‘qilgani va tadqiq etilgani haqida tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Bu nashrlar ilm-fanning umuminsoniy rivojida Sharq allomalari merosining tutgan o‘rnini yaqqol namoyon etadi.


Ayni paytda ushbu qimmatli kolleksiya O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasida maxsus javonlarga joylashtirilgan. Kitoblarni saqlash, tizimli ravishda joylashtirish va ularning holatini asrash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu esa keyinchalik tadqiqotchilarning ilmiy foydalanishi uchun qulay shart-sharoit yaratishga xizmat qiladi. Kolleksiyada XV–XVI asrlarda Yevropada chop etilgan ilk bosma kitoblar alohida o‘rin tutadi. Mazkur davr kitob ishlab chiqarishda qo‘lyozmadan bosma shaklga o‘tish jarayoni bilan tasniflanadi. Aynan shu tarixiy bosqich Sharqda yaratilgan ko‘plab ilmiy asarlarning Yevropa ilmiy doiralariga keng kirib borishiga zamin yaratgan.


Kolleksiya bo‘yicha ilmiy tavsiflar tayyorlagan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi katta ilmiy xodimi Ravshan Xudoyberganov bu borada quyidagicha fikr bildirdi:


“Sharq mutafakkirlarining Yevropada chop etilgan ilk bosma kitoblari ilm taraqqiyotida muhim bosqichni aks ettiradi. Bu nashrlar orqali Sharqda yaratilgan ilmiy asarlarning G‘arbda tarqalishi va o‘rganilishi haqida aniq maʼlumotlar olish mumkin. Bu kitoblar Markaziy Osiyo allomalari ilmiy merosi Yevropa ilm-fanida mustahkam o‘rin egallaganini ko‘rsatadi. Ushbu nashrlar bugungi kun tadqiqotlari uchun ham ishonchli va muhim manba hisoblanadi”.


 

 

To‘plam tarkibida Ibn Sino, Beruniy, Farg‘oniy, Xorazmiy kabi buyuk allomalarning asarlari, shuningdek, ularning lotin tilidagi nashrlari ham mavjud. Xususan, Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asari Yevropa universitetlarida uzoq yillar davomida asosiy o‘quv qo‘llanma sifatida foydalanilgani tarixiy manbalarda qayd etilgan.

 

Hozirgi kunda kutubxonada kolleksiyani ro‘yxatdan o‘tkazish, mavzular bo‘yicha tizimlashtirish va keyingi bosqichlarda raqamlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlar kitoblardan samarali foydalanish, shuningdek, ularni keng ilmiy jamoatchilik uchun ochiq qilishga qaratilgan.