O‘zbekistonda ilk tarixiy-madaniy atlas yaratish ishlari yakuniy bosqichga kirdi

O‘zbekiston tarixida ilk marotaba mamlakatning tarixiy-madaniy atlasi yaratilmoqda. Ushbu atlas o‘tmishda mavjud bo‘lgan sulolalarning hududiy chegaralari asosida, siyosiy va madaniy jarayonlarni uyg‘un holda aks ettirgan holda, sulolalar kesimida shakllantirilmoqda.

Mazkur loyiha O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzey ekspozitsiyasi uchun tayyorlangan 39 ta siyosiy-madaniy xarita asosida amalga oshirilmoqda. Xaritalar tosh davridan XX asrgacha bo‘lgan tarixiy bosqichlarni qamrab olib, sulolalar, madaniy markazlar, savdo yo‘llari va tarixiy yodgorliklar kesimida ishlab chiqilgan.

Ayni paytda atlasning asosiy qismi shakllantirilgan bo‘lib, u olimlar va soha mutaxassislari ishtirokida yakuniy muhokamalar o‘tkazilmoqda.
Xaritalar orqali qadimgi Turon zaminining siyosiy manzarasi, xalqlar o‘rtasidagi aloqalar, savdo yo‘llari va madaniy markazlar yaqqol aks ettiriladi. Jumladan, paleolit davri g‘orlari, bronza davri madaniyatlari, Baqtriya, Sug‘d, Xorazm va Farg‘ona hududlari alohida xaritalarda tasvirlangan. Keyingi bosqichlarda esa Kushonlar, Turk hoqonligi, Eftaliylar hamda O‘zbek xonliklari davrlari qamrab olingan.

Muhokama jarayonida atlasdagi har bir tarixiy-madaniy xarita uchun alohida ilmiy izoh va sharhlar tayyorlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Qayd etilishicha, ushbu izohlarda xaritalarning konsepsiyasi, mazmun-mohiyati, ilmiy yondashuvlari va shakllanish tamoyillari batafsil bayon etiladi. Bu esa kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan savollarga aniq va asosli javob berishga xizmat qiladi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, tarixiy xaritalar bilan ishlash jarayoni murakkab va bahs-munozaralarga boy. Ayniqsa, Somoniylar davri xaritasi bo‘yicha qizg‘in fikr almashilib, hududlarni yana-da to‘laroq qamrab olish, davrga oid topilmalarni xaritada to‘g‘ri aks ettirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi. Shuningdek, xaritalarda bo‘sh maydon qoldirmasdan, asosiy sulola va madaniy hududlarga urg‘u berish muhimligi qayd etildi.
Ushbu loyiha O‘zbekiston tarixshunosligida tarixiy va madaniy jarayonlarni kompleks tarzda birlashtirgan ilk atlas tadqiqoti hisoblanadi. U nafaqat muzeyga tashrif buyuruvchilar uchun, balki ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan olimlar uchun ham muhim manbaga aylanishi kutilmoqda.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma