Afgʻoniston delegatsiyasi Islom sivilizatsiyasi markazining ilmiy-maʼrifiy salohiyatiga guvoh boʻldi
Oʻzbekistondagi mega loyiha – Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasidan oʻrin olgan qadimiy sivilizatsiya izlari va zamonaviy texnologiyalar uygʻunligi xalqaro mehmonlarda katta qiziqish uygʻotmoqda. Afgʻonistondan kelgan delegatsiya aʼzolari islomdan avvalgi davrga oid Sugʻd merosini aks ettiruvchi interaktiv ekspozitsiyalardan chuqur taassurot oldilar.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga Afgʻoniston Islom Amirligi rahbarlaridan iborat nufuzli delegatsiya tashrif buyurdi. Tashrif davomida mehmonlar Markazning boy tarixiy-maʼnaviy merosni qamrab olgan koʻp qirrali ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdilar.
Delegatsiya aʼzolari ayniqsa islomdan avvalgi davrga oid madaniy merosni aks ettiruvchi ekspozitsiyalarga katta qiziqish bildirdi. Xususan, Sugʻd sivilizatsiyasiga mansub milliy liboslar namoyish etilgan zamonaviy interaktiv monitor qismi mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi. Ushbu ekspozitsiya tarixiy davr ruhini zamonaviy texnologiyalar orqali taʼsirchan ifoda etgani bilan alohida eʼtiborga sazovor boʻldi.
Tashrif chogʻida mehmonlar markazning turli boʻlimlarida namoyish etilayotgan noyob artefaktlar, qimmatli qoʻlyozmalar va tarixiy kitoblarning aksariyati asl nusxalar ekanini alohida taʼkidladilar. Ekspozitsiyalarda qoʻllanilgan interaktiv monitorlar, multimedia yechimlari hamda Qurʼoni karimning qadimiy nusxalari delegatsiya aʼzolarida yuksak ilmiy va maʼnaviy taassurot uygʻotdi.
Mehmonlar Markaz ekspozitsiyalarida tarixiy meros va zamonaviy yondashuv uygʻun holda jamlanganini yuqori baholab, bunday ilmiy-maʼrifiy maskanlar xalqlar oʻrtasida oʻzaro anglashuv, madaniy muloqot va maʼnaviy yaqinlikni mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdilar.
Tashrif yakunida delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markazi hali rasman ochilmagan boʻlishiga qaramay, bugunning oʻzidayoq oʻzining meʼmoriy yechimi, mazmunan boy ekspozitsiyalari hamda yuksak ilmiy-maʼrifiy salohiyati bilan ajralib turayotganini eʼtirof etdilar. Ular Markazning rasmiy ochilishidan soʻng u nafaqat Oʻzbekiston, balki butun mintaqa va xalqaro miqyosda islom sivilizatsiyasining boy merosini targʻib etuvchi yirik ilmiy-maʼrifiy markazga aylanishiga ishonch bildirdilar.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma