“Oʻzbekiston XX asrda” ekspozitsiyasi: Mamlakat tarixidagi muhim voqealar haqida hikoya qiluvchi boʻlim

Dunyoda oʻxshashi yoʻq megaloyiha — Islom sivilizatsiyasi markazining joriy yil sentabr oyida ochilishiga tayyorgarlik doirasida Maxsus shtab faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 29 yanvardagi tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlarga muvofiq, ekspozitsiyalarni tarixiy haqiqatga asoslangan mazmunli kontentlar, noyob artefaktlar va mulyajlar bilan boyitish, yosh avlod uchun ilmiy-maʼrifiy muhitni yaratish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.


Shu maqsadda shakllanayotgan “Oʻzbekiston XX asrda” boʻlimi 1890–2016 yillar davrini qamrab oladi. Ushbu ekspozitsiyada mustaqil davlatchilik shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari va muhim tarixiy burilish nuqtalari yoritiladi. Boʻlimda jami 59 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan boʻlib, ular 2026 yilgacha bosqichma-bosqich yakunlanadi.


Ekspozitsiya kontentini 70 dan ortiq olim va mutaxassislar tayyorlamoqda. Jadidlar harakati, yangi maktab va teatrlar, darsliklar, siyosiy qatagʻonlar, Ikkinchi jahon urushi, sovet davri ilm-fani va sanʼati kabi muhim yoʻnalishlar alohida yoritiladi.


Mustaqillikning dastlabki yillari — 1989 yilda Islom Karimovning rahbarlikka kelishi va 1991 yilda Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinishi ham ekspozitsiyadan oʻrin olgan. Butun ekspozitsiya zamonaviy multimedia texnologiyalari, interaktiv elementlar va tarixiy arxiv materiallari asosida tuziladi. Shu orqali “Oʻzbekiston XX asrda” boʻlimi tarixni jonli ravishda his etish va anglash imkonini yaratadi.