Euronews va CNN “Maʼrifat aks-sadosi” ni taqdim etmoqda: zamonaviy dunyoni tasavvur qilish uchun muhim boʻlgan oʻn shaxs

Euronews va CNN telekanallari xalqaro “Maʼrifat aks-sadosi” loyihasi doirasida Oʻzbekistonning oʻn nafar buyuk shaxsiyatiga bagʻishlangan videoroliklar turkumining boʻlajak namoyishini eʼlon qildi.
Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Loyiha hikoyachisi sifatida «Oskar» mukofoti sohibi, jahonga mashhur aktyor Ben Kingsli ishtirok etmoqda. Uning ovozi loyihaga xalqaro mazmun bagʻishlab, murakkab tarixiy va ilmiy mavzularni keng jahon auditoriyasi uchun tushunarli qiladi.
Loyiha qahramonlari — Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod va Zahiriddin Muhammad Bobur — matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, sanʼat va davlatchilik tafakkuri rivojini ularsiz tasavvur etib boʻlmaydigan oʻnta ulugʻ shaxslardir.
Loyiha Markaziy Osiyoning intellektual merosini jahon madaniy-ilmiy makoniga qayta olib kirib, zamonaviy sivilizatsiyaning koʻplab fundamental gʻoyalari Yevropa universitetlari paydo boʻlishidan ancha oldin — Buyuk Ipak yoʻli madaniy chorrahalarida shakllanganini eslatadi.
— “Maʼrifat aks-sadosi” loyihasi — oʻtmish haqidagi hikoya emas, balki kelajak bilan maʼnoli muloqot. Bizning vazifamiz — Markaziy Osiyo zaminida shakllangan, jahon ilmi, madaniyati va inson tafakkuri taraqqiyotiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatgan sivilizatsiyalarni, shaxsiyatlar va kashfiyotlarni dunyoga qaytarish. Ushbu loyihani amalga oshirish Davlat rahbari topshiriqlariga muvofiq belgilangan vazifalarni bajarishdagi yana bir muhim qadamdir, — dedi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma