Moskvadagi xalqaro forumda Oʻzbekistonning islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi eʼtirof etildi


Global oʻzgarishlar davrida tinchlik, ishonch va maʼnaviy barqarorlik masalalari xalqaro kun tartibining markaziga chiqmoqda. Moskva shahrida boʻlib oʻtayotgan XXI Xalqaro musulmon forumi ana shu dolzarb masalalarga islomiy yondashuvlar asosida javob izlashga qaratilgan. Unda Oʻzbekistondagi Islom siviliazatsiyasi markazi vakili ham ishtirok etmoqda.
Moskva shahrida XXI Xalqaro musulmon forumi «Deglobalizatsiya davrida tinchlik va ishonch: zamonaviylikka islomiy yondashuv» mavzusida oʻz ishini davom ettirmoqda. Forum Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) tavallud sanalarining hijriy taqvim boʻyicha 1500 yilligi, Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi hamda Moskva shahridagi Tarixiy masjidning 200 yilligi munosabati bilan tashkil etildi.
Xalqaro anjumanda turli mamlakatlardan rasmiy delegatsiyalar, MDH davlatlarining bosh muftiylari, diniy sohada hamkorlik olib boruvchi davlat idoralari rahbarlari, shuningdek, Moskva Islom instituti rahbariyati, professor-oʻqituvchilari va talabalari ishtirok etmoqda.
Forum doirasida deglobalizatsiya sharoitida siyosiy, iqtisodiy va madaniy munosabatlarda yuzaga kelayotgan oʻzgarishlar, jamiyatlarda madaniy va maʼnaviy barqarorlikni saqlash, anʼanaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda ishonchni rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Islom sivilizatsiyasining boy tarixiy va madaniy tajribasi ushbu jarayonlarga samarali yondashuvlar taklif etishi taʼkidlanmoqda.
Forumning shoʻʼba yigʻilishlarida Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining mazkur forumdagi ishtiroki mamlakatning boy ilmiy, madaniy va diniy merosini xalqaro maydonda keng targʻib etish, shuningdek zamonaviy dunyoda madaniy muloqot va hamkorlikni islomiy qadriyatlar asosida rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirda Markazning ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Gulnora Gʻaniyeva ishtirok etib, oʻz maʼruzasida markazning ilmiy-tadqiqot ishlari, madaniy loyihalari va uning xalqaro ahamiyati haqida maʼlumot berdi.
Uning chiqishi ishtirokchilar tomonidan yuqori bahoga sazovor boʻldi.
Forum Xalqaro musulmon forumi, Rossiya musulmonlari diniy boshqarmasi, Moskva Islom instituti hamda Islom madaniyati, ilmi va taʼlimini qoʻllab-quvvatlash fondi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma