ABNA: “Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi: islom merosini qayta anglashga qaratilgan Oʻzbekistonning yirik madaniy loyihasi”

AhlulBayt News Agency (ABNA) nashri Oʻzbekistonda tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazini islom merosini qayta anglash va milliy tarixiy-madaniy qadriyatlarni asrab-avaylashga qaratilgan yirik madaniy-maʼrifiy loyiha sifatida yoritdi. Materialda Markazning xalqaro taʼlimiy va madaniy makon sifatidagi oʻrni, YuNESKO roʻyxatiga kiritilgan Usmon mushafi saqlanayotgan Qurʼon zali, zamonaviy raqamli ekspozitsiyalar orqali Oʻzbekiston tarixining islomdan oldingi davrdan to “Yangi Oʻzbekiston” bosqichigacha boʻlgan manzarasini namoyon etishdagi ahamiyati keng yoritilgan.
Toshkent shahrida joylashgan Islom sivilizatsiyasi markazi Oʻzbekistonning tarixiy merosini oʻrganish, namoyish etish va asrab-avaylashga qaratilgan yirik madaniy-maʼrifiy loyiha sifatida ish boshladi. U xalqaro madaniy va taʼlimiy markaz sifatida faoliyat yuritishi koʻzda tutilgan.
AhlulBayt News Agency (ABNA) xabar berishicha, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi islom merosining jahon tarixidagi oʻrnini qayta talqin etish va mamlakatning boy tarixiy-madaniy merosini kelajak avlodlar uchun saqlab qolishga qaratilgan keng koʻlamli madaniy-maʼrifiy loyiha sifatida tashkil etilgan. CNN nashri yaqinda eʼlon qilgan maqolasida majmuaning turli jihatlariga alohida eʼtibor qaratgan.
Markazni barpo etish gʻoyasi ilk bor 2017 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasidagi maʼruzasida ilgari surilgan. Oʻshanda davlat rahbari mazkur loyiha islomni insonparvar, tinchliksevar va madaniy qadriyatlarga tayanadigan sivilizatsiya sifatida jahon hamjamiyatiga taqdim etishni maqsad qilganini taʼkidlagan edi.
Madaniy majmua Toshkent shahrining maʼnaviy markazi sifatida eʼtirof etilgan Hazrati Imom majmuasi yonida joylashgan. Uning 65 metrli gumbazi va toʻrtta asosiy kirish qismi mamlakat hududlarining birligini ramziy ifoda etadi. Majmuaning markazida Qurʼoni karim zali joylashgan boʻlib, unda milodiy VII asrga mansub boʻlgan, YuNESKOning “Jahon xotirasi” reyestriga kiritilgan mashhur “Usmon mushafi” saqlanadi.
Markaz ekspozitsiyalari zamonaviy raqamli texnologiyalardan keng foydalangan holda, hudud madaniy tarixining islomdan avvalgi davrdan tortib zamonaviy bosqich va “Yangi Oʻzbekiston” davrigacha boʻlgan xronologik manzarasini namoyon etadi.
Islom sivilizatsiyasi markazi tarkibida kutubxona (taxminan 200 ming kitob), xattotlik maktabi, anʼanaviy hunarmandchilik ustaxonalari, tarixiy restavratsiya laboratoriyasi hamda Oʻzbekistonda ilk bor tashkil etilgan maxsus bolalar muzeyi faoliyat koʻrsatadi. Shuningdek, majmua hududida ICESCO va boshqa nufuzli xalqaro ilmiy-tadqiqot muassasalarining vakolatxonalari joylashgan.
Markazning asosiy vazifalaridan biri — Oʻzbekistonning tarixiy artefaktlarini xorijdan Vatanga qaytarish. Tadqiqotchilar, kolleksionerlar va madaniy muassasalar bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida ikki mingdan ortiq qoʻlyozma va tarixiy ashyolar mamlakatga qaytarilgan.
Masʼullarning taʼkidlashicha, muzey ekspozitsiyalari muntazam ravishda yangilanib boriladi. Bu esa Markazni oʻtmish va bugun oʻrtasida doimiy muloqotni taʼminlaydigan, shuningdek, xalqaro madaniy almashinuv uchun ochiq boʻlgan dinamik makonga aylantiradi.
Ko‘p o‘qilgan
Dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ortiq mutaxassis Toshkentda!
Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Islom sivilizatsiyasi markazi – maʼrifat sari eltuvchi global platforma